Kitob — qalb chirog‘i, tafakkur qanoti. Ayniqsa, bosma kitobdan taralayotgan va elektron nashrdan topib bo‘lmaydigan o‘ziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida mo‘jizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan ko‘ngil cheksiz zavqqa to‘lgan holda, kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida boshqalar bilan fikrlashishning huzur-halovati tamoman o‘zgachadir.
Yaqinda Samarqand tumani “Xo‘ja Ahror Valiy” mahallasida “Yosh kitobxon maskani” nomli kutubxona o‘z faoliyatini boshladi.
Markaziy ko‘chaning bo‘sh turgan bekatida yosh kitobxonlar uchun mumtoz va eng sara badiiy adabiyotlar, lug‘at va ma’lumotnomalar, bolalar adabiyotlaridan iborat kitoblar o‘rin olgan ziyo maskani o‘rin egalladi.
Kutubxonini qurib bergan mahalliy tadbirkor kelajagimiz egalari bo‘lmish bolalarning bu yerda bo‘sh vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tkazishlari, kitob bilan oshno tutinib, ma’nan barkamol bo‘lib ulg‘ayishlari uchun say’ harkat qilganini ta’kidladi.
Kutubxonaning ochilish marosimida qatnashgan Samarqand tumani bosh imom-xatibi Bahodir domla Sharipov, bolalarga islomda ilm egallashning fazilatlari, kitob mutolaasidan olinadigan foydalar haqida so‘zlab berdi. Bunday xayrli ishlar yanada bardavom bo‘lishi, bu yanaad ko‘proq bolalarning sevimli dargohiga aylanishini tilab duo qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Yurtimizda yana bir masjid qayta barpo etiladi, inshaalloh. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyat vakili Xayrulla domla Abdullayev yangi loyihada barpo etiladigan masjidning poydevoriga ezgu niyat va xayrli duolar bilan tamal toshini qo‘ydi.
Bunyod etilayotgan masjid Xorazm me’morchilik an’analari asosida zamonaviy talablar uyg‘unligida quriladi. U 700 ga yaqin namozxonga mo‘ljallangan.
Tadbirda Qo‘shko‘pir tuman hokimi Shuhrat Ahmedov, tuman bosh imom-xatibi Mansurjon domla Mansurov, imom-xatiblar, nuroniy otaxonlar, mahalla faollari va homiylar ishtirok etdi.
Zamaxshariy.uz