Ular yuqoridagi da’voning raddiyasidan keyin tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushgach, Muhammadning muallimini tayin qilishda o‘zlaricha tengi yo‘q «haqiqat»ni ixtiro qilishdi: «Qur’on o‘tganlarning Muhammadga imlo qilingan afsonalaridir», deyishdi.
Alloh taolo ularning mazkur nohaq da’volari haqida Furqon surasida shunday deydi:
وَقَالُوٓاْ أَسَٰطِيرُ ٱلۡأَوَّلِينَ ٱكۡتَتَبَهَا فَهِيَ تُمۡلَىٰ عَلَيۡهِ بُكۡرَةٗ وَأَصِيلٗا٥
«Ular: «Bu avvalgilarning afsonalaridir. Ularni yozdirib olgan. Holbuki, ular unga ertayu kech imlo qi-linur», dedilar» (5-oyat).
Kofirlarning Qur’oni Karim haqida bir unday, bir bunday deyishlarining o‘zi ham ularning da’volari asosli emasligiga dalildir. Ularga asosning keragi ham yo‘q, bir oz o‘zlarining buzuq aqllari va fosid mantiqlariga ilashadigan joyi bo‘lsa bas, o‘shani gap deb gapiraveradilar. Ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘qish va yozishni bilmasliklarini yaxshi bilishardi. Shuning uchun «Afsonalarni boshqalarga yozdirib olgan», deb da’vo qilishga o‘tishdi. Shu bilan ummiy – savodsiz arablar o‘zlaridan keyin keladigan «madaniyatli» xudosizlarga Muhammadga din haqiqatlarini va tarix falsafasini aytib berib turgan shaxsni tayin qilishda yuradigan yo‘lni chizib berishdi. Ammo avvalgi mushriklar har qancha johil bo‘lsalar ham, hozirgilarga qaraganda bir oz insofli bo‘lgan ekan. Ular har qancha da’volarni qilishgan bo‘lsa ham, bu uydirmalarni hozirgilarga o‘xshab «ilm» deb nomlab, bo‘htonlarining «ilmiy asoslari»ni ishlab chiqishmagan, butun dunyoga buni najotga olib chiquvchi ma’rifat deb majburiy singdirishmagan edi.
Ba’zilari «Muhammadga Qur’onni imlo qilib bergan o‘sha shaxs rohib bo‘lib, ismi Bahirodir. U tavhid dinida bo‘lgan», deyishsa, boshqalari «Ushbu muallim Xadijaning qarindoshlaridan biri Varaqa ibn Navfal edi. U nasroniylarning olimlaridan bo‘lgan», demoqchi bo‘lishadi.
Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga imlo qilib turgan, deb da’vo qilinayotgan ikki kishi to‘g‘risidagi birgina eng ishonchli gap Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Bahiro bilan bir marta ko‘rishganlaridir, xolos.
Ushbu uchrashuv haqidagi eng ishonchli hujjat quyidagilardir.
Abu Muco roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Abu Tolib Shom tomon chiqdi. U bilan quraysh shayxlari ichida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bor edilar. Rohib(ning maskani)ga yaqinlashganlarida to‘xtadilar. Yuklarini tushirdilar. Rohib ularning huzuriga chiqdi. Bundan oldin ham uning oldidan o‘tar edilar. Ammo u ularning huzuriga chiqmas, burilib qaramas xam edi. Ular yuklarini tushirayotganlarida rohib kelib, oralarida aylanib yura boshladi. Oxiri kelib, Nabiy alayhissalomning qo‘llaridan tutdi va:
«Bu olamlarning sayyididir! Bu Robbul olamiynning Rasulidir! Uni Alloh olamlarga rahmat qilib yuboradir!» dedi.
Quraysh shayxlari unga qarab:
«Buni sen qayerdan bilasan?» dedilar.
«Sizlar dovondan o‘tib kela boshlaganlaringizda birorta ham daraxtu tosh qolmay, barchasi unga ta’zim qildi. Ular nabiydan boshqaga ta’zim qilmaslar. Men uni kurak suyagi pastidagi olmaga o‘xshash nubuvvati muhridan bilaman», dedi u.
So‘ngra qaytib borib, ularga taom tayyorlab keltirdi. U kelganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam tuyalarni o‘tlatgani ketgan edilar.
«Uni chaqirib kelinglar», dedi u. U zot kelayotganlarida ustilarida bir bulut soya solib keldi. U zot qavm oldiga yaqinlashganlarida ular soya joylarni egallab olishgan edi. U zot sollallohu alayxi vasallam o‘tirganlarida daraxtning soyasi ustilariga moyil bo‘ldi.
«Daraxt soyasiga qaranglar! Uning ustiga moyil bo‘ldi!» dedi rohib.
U o‘sha yerda turib, ularga «Uni Rum tarafga olib bormanglar. Agar ular uni ko‘rsalar, sifatidan tanib qolib, o‘ldirishadi», deb yolvorar edi.
Qarasa, Rum tomondan yetti kishi kelmoqda. U ularni kutib oldi va:
«Yo‘l bo‘lsin?» deb so‘radi.
«Anavi nabiy shu oyda bu tomon chiqar emish, deb keldik. Hech bir yo‘l qolmay, hammasiga odam yuborildi. Bizga uning xabari keldi. Bizni sening yo‘lingga yubordilar», deyishdi.
«Ortingizdan sizdan ko‘ra yaxshiroqlar bormi?» deb so‘radi u.
«Yaxshiligimiz uchun bizlarni sening yo‘lingga tanlashdi», deyishdi.
«Aytinglar-chi, Alloh qilishni iroda qilgan ishni birov qaytara oladimi?» dedi.
«Yo‘q», dedilar. Bas, ular u zotga bay’at qildilar va birga turdilar. So‘ngra rohib qurayshliklarga:
«Allohning nomi bilan so‘rayman. Kimingiz uning valiysisiz?» dedi. Ular:
«Abu Tolib», deyishdi. Uning tinmay qilgan yolvorishlaridan keyin Abu Tolib u zotni bir kishi bilan qaytarib yubordi. Rohib (yo‘l uchun) non va yog‘ berdi».
Imom Termiziy rivoyat qilgan.
Bu hodisa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n ikki yoshga to‘lganlarida bo‘lib o‘tdi.
Boshqa bir rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Karvondagilar Busro degan joyga yetganlarida, Bahiro ismli rohibning oldidan o‘tdilar. U Injilni juda yaxshi bilar va nasroniylikdan xabardor edi. Shunda Bahiro Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qolib, sinchiklab qaradi va so‘zlashib ko‘rdi. So‘ngra Abu Tolibga: «Bu bola kiming bo‘ladi?» dedi. «O‘g‘lim», dedi u. Bahiro unga: «Bu o‘g‘ling emas. Bu bolaning otasi tirik bo‘lishi mumkin emas», dedi. «U ukamning o‘g‘li», dedi. «Otasiga nima bo‘lgan?» dedi Bahiro. «Onasi bunga homiladorligida o‘lgan», dedi. «To‘g‘ri aytding. Uni yurtiga qaytarib olib ket. Buni yahudiylardan ehtiyot qil. Allohga qasamki, ular buni bu yerda ko‘rsalar, albatta yomonlik yetkazadilar. Shubhasiz, bu jiyaningning sha’ni ulug‘ bo‘ladi», dedi Bahiro. Abu Tolib u kishini olib, tezda Makkaga qaytdi».
Ushbu uchrashuvda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Bahiro bilan o‘tirganlari, gaplashganlari, undan biror og‘iz so‘z eshitganlari haqida ma’lumot yo‘q. Buning ustiga, ular qaysi tilda gaplashgan bo‘lishlari mumkin? Gaplashganda ham, Bahiro Qur’oni Karimdek narsani bir kunda o‘rgatib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rganib, yodlab olishlari mumkinmi?! Bu «ilmiy» da’vo alahsirashdan boshqa narsa emas!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karimni imlo qilgani da’vo qilinayotgan ikkinchi shaxs Varaqa ibn Navfaldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kishi bilan Hiro g‘orida ko‘rgan narsalarini Xadija onamizga xabar berganlaridan keyin uchrashdilar. Darhaqiqat, Xadija roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Varaqaning oldiga olib bordi. Varaqa keksayib, ko‘zi ko‘rmay qolgan edi. Xadija roziyallohu anho unga: «Ey amakimning o‘g‘li! Birodaringizning o‘g‘lini bir tinglang!» dedi. Varaqa u zotga: «Ey birodarimning o‘g‘li, nima ko‘rmoqdasan?» dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ko‘rgan narsaning xabarini aytib berdilar. Varaqa u zotga: «Bu Alloh Musoga nozil qilgan «Nomus»dir – ya’ni vahiyning ishonchli vakili», dedi. Ko‘p o‘tmay, Varaqa vafot topdi. Boshqa gap bo‘lgani yo‘q.
Ushbu ikki gumonning botil ekanini isbotlash uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ular bilan yashirin ravishda uchrashmaganlarini eslamog‘imizning o‘zi kifoyadir. Balki ikkisida ham yonlarida rafiqlari bo‘lgan. Bahiro bilan uchrashganlarida Abu Tolib, Varaqa bilan uchrashganlarida Xadija onamiz guvoh bo‘lganlar. Qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ikki uchrashuvda g‘ayb va tarix ilmlarini shu qadar mukammal o‘rganib olishlari mumkin?!
Kofir-mushriklarning bu uydirmalariga qanday javob berishni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning O‘zi Furqon surasida yuqoridagi oyatdan keyingi oyatda o‘rgatadi:
قُلۡ أَنزَلَهُ ٱلَّذِي يَعۡلَمُ ٱلسِّرَّ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ إِنَّهُۥ كَانَ غَفُورٗا رَّحِيمٗا٦
«Sen: «Uni osmonlaru yerdagi sirni biladigan Zot nozil qildi. Albatta, U o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», degin» (6-oyat).
Qur’onni hamma narsani biluvchi Zot – Alloh nozil qilgan. Hamma narsani biluvchi Zot o‘tgan ummatlarning tarixini ham juda yaxshi biladi. O‘tganlarning afsonalarini birovdan yozdirib olishga hojat yo‘q. Balki bu afsonalar yolg‘on, bid’at va xurofotlarga to‘liqdir. Qur’oni Karimda esa o‘tgan ummatlarning qissalari eng rost va to‘g‘ri ravishda keltiriladi. Kishilarni ulardan o‘rnak olishga chaqiriladi. Vaqt o‘tib, ilm rivojlanishi bilan bu haqiqat yana ham ravshanlashib bormoqda.
Ba’zi sharqshunoslarning «Makka atrofida nasroniy va yahudiylar ko‘p edi, Muhammad Qur’onni o‘shalardan o‘r ganib olgan», degan mubolag‘alariga raddiya qilib, o‘zimizni qiynashning hojati yo‘q. Batahqiq, ular orasidagi insofli izlanuvchilarning o‘zlari ushbu ahmoqona fikrning noto‘g‘ri ekanini ta’kidlaydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudiylarning ahborlari va nasroniylarning rohiblari bilan uchrashmaganlar. Ular bilan bo‘lgan aloqalarining isboti yo‘q.
«Madaniyatli» shakkoklarning ushbu da’volarning barchasidan ham pastroq bo‘lgan yana bir da’volari bor. Ularning gumonlaricha, go‘yo Makkadagi tijorat karvonlarining yoz mavsumida bir marta va qish mavsumida bir marta tashkil qilinadigan tijorat safarlarida tijorat mollari bilan birga, o‘tgan ummatlarning xabarlari, qadimgi millatlarning qissalari ham Makkaga keltirilar edi. Arab tojirlarining yahudiy olimlar bilan ko‘rishganlari, nasroniy olimlar bilan majlislar qurganlarini bilmaymiz. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Shomga ikki marta borganlar. Bir marta, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, go‘daklik chog‘larida amakilari Abu Tolib bilan birga safar qilganlar. Ikkinchi marta Xadija onamizning vakillari o‘laroq, tijorat safariga chiqqanlar. U zot bu vaqtda o‘smir bo‘lib, yonlarida Xadijaning g‘ulomi Maysara yo‘ldosh bo‘lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu ikki qisqa safarlarida Busro shahridan boshqa shaharga chiqmaganlar. Aqllilarning aqllari qayoqqa ketmoqda?! Haqdan yuz o‘girib, qaysi tomonga burilmoqdalar?!
Ikki ko‘zi ochiq insonga kunday ravshan bo‘lgach, Qur’oni Karim ushbu puch xayollarning ahmoqona ekanini qat’iy va keskin lahja bilan bayon qiladi.
Alloh taolo Yunus surasida marhamat qiladi:
وَمَا كَانَ هَٰذَا ٱلۡقُرۡءَانُ أَن يُفۡتَرَىٰ مِن دُونِ ٱللَّهِ وَلَٰكِن تَصۡدِيقَ ٱلَّذِي بَيۡنَ يَدَيۡهِ وَتَفۡصِيلَ ٱلۡكِتَٰبِ لَا رَيۡبَ فِيهِ مِن رَّبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٣٧
«Ushbu Qur’on Alloxdan boshqaning tomonidan to‘qib chiqarilgan emas. Va lekin u o‘zidan oldingining tasdig‘i va kitobning tafsilotidir. Unda hech shubha yo‘q. U olamlarning Robbidandir» (37-oyat).
Qur’oni Karimning so‘z va ma’no jihatini ham, hukm va hidoyat jihatini ham, tarixiy va voqe’iy jihatini ham, qisqasi, hech bir jihatini paydo qilishga Allohdan boshqa biror zot qodir emas.
Ba’zi arablar Qur’oni Karimning hayotiyligini ko‘rishgach, uni shoirning xayollari, adibning ma’naviy parvozi, degan da’volarni ham qilishdi.
Muhammad alayhissalomni «sehrgar» va «majnun» degan tuhmatlar rivoj topmaganidan so‘ng mushriklar u zotni «shoir» deb, Qur’onni esa «she’r» deb ham tuhmat qilib ko‘rishdi. Bu haqda kelasi oyatlarda so‘z ketadi.
أَمۡ يَقُولُونَ شَاعِرٞ نَّتَرَبَّصُ بِهِۦ رَيۡبَ ٱلۡمَنُونِ٣٠ قُلۡ تَرَبَّصُواْ فَإِنِّي مَعَكُم مِّنَ ٱلۡمُتَرَبِّصِينَ٣١
«Balki, «(U) shoir, unga o‘lim yetishini kutamiz», derlar? Aytgin: «Kutinglar, albatta, men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman» (Tur surasi, 30-31-oyatlar).
Muhammad alayhissalomni «shoir» deyish eng kuchsiz tuhmatdir. Ul zot umrlarida hech qachon she’r aytmaganlar, binobarin, Qur’oni Karim she’r emas. Qur’on, shak-shubhasiz, ilohiy kalomdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimning sifati xususida Al-Haqqo surasida marhamat qiladi:
وَمَا هُوَ بِقَوۡلِ شَاعِرٖۚ قَلِيلٗا مَّا تُؤۡمِنُونَ٤١
«Va u shoirning so‘zi emas. Naqadar oz ishonasizlar-a!» (41-oyat)
Qur’oni Karim she’r emas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shoir emaslar. Ushbu ulkan ma’noni yaxshilab tushunib olish zarur. Alloh taolo Yosin surasida marhamat qiladi:
وَمَا عَلَّمۡنَٰهُ ٱلشِّعۡرَ وَمَا يَنۢبَغِي لَهُۥٓۚ إِنۡ هُوَ إِلَّا ذِكۡرٞ وَقُرۡءَانٞ مُّبِينٞ٦٩
«Unga she’rni o‘rgatganimiz yo‘q. Bu uning uchun to‘g‘ri ham kelmas. U zikr va ochiq-oydin Qur’ondan o‘zga narsa emas» (69-oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda mushriklarning da’volariga keskin javob bermoqda.
«Unga she’rni o‘rgatganimiz yo‘q».
«Sizlar she’r bilan Qur’onning farqiga bora olmayapsiz».
She’r insonning o‘z ichki kechinmalarini vaznga solib, bayt qilib aytishidir. Uni xohlagan inson aytishi mumkin. She’r turli bo‘lgan-bo‘lmagan gaplarni ham ko‘taraveradi. Ayniqsa, arablarda bu narsa mashhur. Ular haqiqatni yaxshilab bilib olishlari lozimki, Qur’on Alloh tomonidan tanlab olingan yetuk banda Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiydir. U Allohning kalomidir. Uni hech kim o‘zidan chiqarib ayta olmaydi. Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallamni shoir deyish mumkin emas.
«Bu uning uchun to‘g‘ri ham kelmas».
Shoirlik payg‘ambarlik maqomiga hech mos kelmaydigan amaldir. Shuning uchun ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tabiatlarida shoirlik umuman yo‘q edi. Abu Zur’a Roziy qilgan rivoyatda Sha’biy: «Abdulmuttalibdan tarqagan bolalarning hammasi – erkagi ham, ayoli ham she’r aytar edi, faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmaganlar», degan.
Kohin – jinlar bilan aloqasi borligini va g‘oyibdan xabar berishni da’vo qiluvchi shaxs. Arabiston yarim orolida kohinlik juda ham avj olgan edi. Kohinlar «Ruhlar, xudolar bilan ham aloqamiz bor», deyishadi va ba’zan tabiblik da’vosini ham qilishadi. Kohinlar o‘zlarini sirli qilib ko‘rsatish maqsadida o‘zgacha ohangda so‘zlashishadi, g‘ayri-tabiiy jumlalar tuzib gapirishadi. Ayniqsa, o‘sha davrda arablar orasida ular katta obro‘ga ega bo‘lishgan. Folbinlik evaziga mo‘maygina haq ham olishgan. Bu haq «hulvanul-kahin» (kohinning mo‘may daromadi) deb nom olgan.
Dushmanlar Muhammad alayhissalomni ham o‘sha kohinlarga o‘xshatdilar. «Buning ham jinlar bilan aloqasi bor, vahiy degani shu», deyishdi.
Alloh taolo bu botil tuhmatni rad etib, Haqqo surasida shunday deydi:
وَلَا بِقَوۡلِ كَاهِنٖۚ قَلِيلٗا مَّا تَذَكَّرُونَ٤٢ تَنزِيلٞ مِّن رَّبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٤٣
«Va u folbinning so‘zi ham emas. Naqadar oz eslaysizlar! U olamlar Robbidan nozil qilingandir» (42-43-oyat).
Tarixda, jumladan, Qur’oni Karim nozil bo‘lib turgan davrda ham kohinlik jamiyat uchun biror manfaat taqdim qila olgan emas. Biror kohin insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlay olgan, oq-qorani tanita olgan emas. Odatda kohinlarning so‘zlari tushunarsiz g‘uvir-g‘uvirdan iborat bo‘ladi. Har bir harfi ochiq-ravshan, har bir iborasi ayni balog‘at, har bir jumlasi hidoyat bo‘lgan Qur’oni Karimni qanday qilib kohinlik so‘zlari deyish mumkin?! Agar Qur’ondek ulug‘vor kalom kohinlik bilan topiladigan narsa bo‘lganida, dunyoda bunday kitoblar ko‘payib ketgan bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek oqil, dono, xushxulq va samimiy kishini ko‘rib-bilib turib kohin deyish ham, bo‘yin tovlash uchun aytilgan bo‘htondan boshqa narsa emas.
Alloh taolo An’om surasida marhamat qiladi:
وَلَوۡ نَزَّلۡنَا عَلَيۡكَ كِتَٰبٗا فِي قِرۡطَاسٖ فَلَمَسُوهُ بِأَيۡدِيهِمۡ لَقَالَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓاْ إِنۡ هَٰذَآ إِلَّا سِحۡرٞ مُّبِينٞ٧
«Agar senga qog‘ozda kitob nozil qilsak, uni qo‘llari bilan ushlab ko‘rishsa ham, kufr keltirganlar: «Bu aniq sehrdan o‘zga narsa emas», derlar» (7-oyat).
«Xotirjam bo‘l, ko‘rmagan narsasiga ishona olmaydigan aqllarga nafaqat ko‘rinadigan, balki qo‘l bilan ushlab, paypaslab sezsa ham bo‘ladigan, moddiy qog‘ozga bitilgan tayyor kitobni ko‘z o‘nglarida osmondan tushirib bersak ham iymon keltirishmaydi. O‘shanda ham bahona istab, iymondan qochish uchun nimadir gapni o‘ylab topishadi. Chunki aslida ularda haqiqatni anglash istagi yo‘q. Ular nima qilib bo‘lsa ham inkor qilishning yo‘lini axtarishaveradi».
Alloh taolo Sod surasida marhamat qiladi:
وَعَجِبُوٓاْ أَن جَآءَهُم مُّنذِرٞ مِّنۡهُمۡۖ وَقَالَ ٱلۡكَٰفِرُونَ هَٰذَا سَٰحِرٞ كَذَّابٌ٤
«Ichlariga o‘zlaridan ogohlantiruvchi kelganidan ajablandilar va kofirlar: «Bu sehrgar va kazzobdir», dedilar» (4-oyat).
Makka mushriklari o‘zlarining ichida yurgan bir odamning ogohlantiruvchi bo‘lib kelganidan ajablanishdi. Ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Payg‘ambar ekanliklarini inkor qilish bilan cheklanishmadi. Balki u zot sollallohu alayhi vasallamga qarshi turli uydirma, ig‘vo va bo‘htonlar ham tarqatishdi. «Muhammad payg‘ambar emas, o‘zimizga o‘xshagan oddiy bir odam, payg‘ambar bo‘lishi mumkin ham emas. Payg‘ambarlik da’vosida tilovat qilayotgan so‘zlari odamlarga ta’sir qilayotgan bo‘lsa, bu uning sehrgarligidandir. U sehrgardir. Uning «Payg‘ambarman», degan gapi yolg‘ondir, u kazzobdir», deyishdi. Ular kibru havoga berilganliklari oqibatida shunday fikrga borishdi. Chunki ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan Kalomga iymon keltirishdan uning sehr ekani emas, uni qabul qilish nafsu havolariga to‘g‘ri kelmasligi to‘sar edi. Zotan, ular sehr va sehrgarlardan hazir bo‘ladigan odamlar emasdi.
Gohida Qur’oni Karim dushmanlari jamlanib olib, bu ilohiy Kitob haqida nima tuhmat qilish to‘g‘risida maslahat-mashvarat ham qilganlar. Bu haqda ishonchli rivoyatlar ko‘p. Biz ulardan ikkitasini e’tiboringizga taqdim qilamiz.
«Valid ibn Mug‘iyra Quraysh qabilasining boshliqlaridan va boylaridan bo‘lib, Payg‘ambar alayhissalomga ozor berishda, Qur’oni Karimga qarshi hujum uyushtirishda yetakchilardan bo‘lgan. «Ha mim. Tanzilul-kitabi...» oyati nozil bo‘lganda, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu oyatni masjidda o‘qiyotganlarida, Valid ibn Mug‘iyra qalbi erib, o‘z qavmi – Banu Maxzum qabilasining oldiga bordi va: «Allohga qasamki, men hozirgina Muhammaddan bir kalom eshitdim, u insonning kalomi emas. U jinning kalomi ham emas. Bu kalomda bir halovat bor, unda bir lazzat bor. Uning usti serhosil, osti serbaraka. Albatta, u oliy bo‘ladi, undan hech narsa oliy bo‘lolmaydi», deb aytdi. So‘ngra uyiga qarab ketdi. Quraysh qabilasi a’zolari: «Allohga qasamki, Valid dindan chiqibdi. Endi Qurayshning hammasi dindan chiqadi», deyishdi. Shunda Abu Jahl o‘rnidan turib: «Uni menga qo‘yib qo‘yinglar, o‘zim eplayman», dedi. Validning oldiga borib, xafa holda o‘tirdi. Valid uni ko‘rib: «Nega xafa ko‘rinasan?» dedi. «Men xafa bo‘lmay, kim xafa bo‘lsin, – dedi Abu Jahl mug‘ombirlik bilan. – Quraysh qabilasi senga yordamga nafaqa yig‘yapti. Ularning fikricha, sen Muhammadning kalomiga tan beribsan va Muhammad hamda Abu Bakrdan ortib qolgan taomlarini so‘ramoqchi bo‘layotgan ekansan». Validning achchig‘i chiqdi va: «Mening molim va farzandim hammanikidan ko‘p ekanini bilmaysanmi? Nima, Muhammad va uning sheriklarining qorni to‘yib qolibdimiki, ulardan ovqat ortib qolsa», dedi. So‘ng o‘rnidan turib, Abu Jahl bilan birga qabilasining a’zolari o‘tirgan joyga keldi-da: «Muhammadni jinni deyapsizlar, uning jinnilik qilganini hech ko‘rganmisiz?» dedi. «Xudo haqqi, ko‘rmaganmiz», deyishdi qabila a’zolari. «Uni shoir demoqchisizlar, biror marta she’r aytganini bilasizlarmi o‘zi?» dedi. «Xudo haqqi, bilmaymiz», deyishdi. «Uni yolg‘onchi demoqchisizlar, biror marta yolg‘on gapirganini bilasizlarmi?» dedi. «Xudo haqqi, bilmaymiz», deyishdi. Quraysh qabilasi a’zolari Valid ibn Mug‘iyraga: «Nima deylik bo‘lmasa?» deyishdi. Valid o‘ylanib qoldi, o‘zicha o‘lchab-bichdi-da: «Qur’on ta’sirchan sehrdan o‘zga narsa emas», dedi».
Ibn Is'hoq quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Valid ibn Mug‘iyra Qurayshning yoshi ulug‘laridan edi. Haj mavsumi yaqinlashib qolganida, Valid: «Ey Quraysh jamoasi, mavsum ham kelib qoldi. Yaqin orada huzuringizga arablarning vakillari keladi. Ularning hammasi anavi og‘ayningiz haqida eshitgan. Endi siz u haqida gapni bir qilib oling. Yana gapingiz har xil bo‘lib, bir-biringizni yolg‘onchi qilib yurmang. Gapingiz xilma-xil bo‘lmasin», dedi. To‘planganlar: «Ey Abu Abdushshams, sen o‘zing bizga bir fikrni ayt, biz o‘shani tutamiz», deyishdi. U: «Yo‘q! Allohga qasamki, u kohin emas. Kohinlarni ko‘p ko‘rdik. Uning gapi kohinning g‘ing‘illashiga ham, so‘zlarni tartibga solishiga ham o‘xshamaydi», dedi. Ular: «Majnun, deymiz», deyishdi. U: «Muhammad majnun emas. Jinnilikni ko‘p ko‘rganmiz. Uning nima ekanini yaxshi bilamiz. Uning gapi jinnining bo‘g‘ilishiga ham, dovdirashiga ham, vasvasasiga ham o‘xshamaydi», dedi. Ular: «Shoir, deymiz», deyishdi. Valid: «U shoir ham emas. Biz she’rning hamma turlarini – rajazini ham, hajazini ham, qariyzini ham, maqbuzini ham, mabsutini ham bilamiz. Bu she’r emas», dedi. Ular: «Jodugar, deymiz», deyishdi. U: «U jodugar ham emas. Jodugarlarni ham, jodularni ham ko‘rganmiz. Uning gapi ularning dam solishiga ham, tugun tugishiga ham o‘xshamaydi», dedi. Ular: «Unda nima deymiz, ey Abu Abdushshams?» deb so‘rashdi. Shunda Valid: «Allohga qasamki, u aytayotgan kalomda bir halovat bor. Osti serbaraka, usti serhosil. Siz u haqda nima desangiz ham, botilligi darhol bilinadi. Ammo uning haqida aytish mumkin bo‘lgan eng ishonchli gap «sehrgar», deyishingizdir. U bir sehr gapni keltirdi. O‘sha gap bilan bolani otasidan, akani ukasidan, erni xotinidan, odamni qabilasidan ajratmoqda», dedi. Shu to‘xtamga kelishib, tarqalishdi. Keyin haj mavsumi boshlanganida, yo‘llarga o‘tirib olib, oldilaridan o‘tganlarni u zotdan ehtiyot bo‘lishga chaqirib, ishlarini zikr qilishdi».
Qadimgi mushriklar kabi, hozirgi Qur’oni Karimga qarshilar ham turli «ilmiy» anjumanlar, yig‘inlarga jamlanib, har xil «ilmiy» asarlar yozib, bu ilohiy Kitob haqida turli bo‘htonlar uyushtirishdan charchamadilar. Ammo hamma urinishlari chippakka chiqdi, chiqmoqda va bundan keyin ham chiqaveradi, inshaalloh.
Davomi bor...
Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Navruzbay hoji Tag‘anuli 2025 yilgi vazifalarga doir ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar beradi muftyat.kz.
“Imomlarning bilim va malakasini oshirish – zamon talabidir. Bu yo‘nalishdagi ish doimiy nazoratda. Imomlarga chuqur diniy bilim berish maqsadida Ostona shahrida Xusamuddin as-Sig‘oniy nomidagi Islom institutini ochdik va unga xorijdan tajribali ustozlar hamda olimlarni taklif qildik.
Bu yil Allohning izni bilan institutning birinchi bitiruvchilariga diplomlar topshiramiz va ularni mas’uliyatli diniy lavozimlarga tayinlaymiz. Ushbu xayrli ishlar davomi sifatida Allohning irodasi bilan bu yil Turkiston shahrida “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom institutini ochish taraddudidamiz. Uning asosiy maqsadi janubiy hududdagi imomlarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, mazkur o‘quv muassasasi huzurida “Ijoza” berish markazi ham tashkil etiladi. Bu janubiy hudud imomlarining bilim darajasini oshirishga yangi turtki beradi», – dedi Bosh muftiy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati