Shu kunlarda Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzuda tarqatilayotgan fikrlar yurtdoshlarimizni befarq qoldirmayapti.
Ta’kidlash joizki, diniy ta’limot o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli diniy qadriyatlar va tuyg‘ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim. Ularga nisbatan ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadriyatlarini hurmat qilishga majburdir.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim diniy ilmdan uzoq bo‘lgan shaxslarning shar’iy masalalarda o‘zboshimchalik bilan so‘z yuritib, odamlarning fikrlarini chalg‘itayotganlari kishilarni qattiq ranjitmoqda, mo‘min-musulmonlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Afsuski, bu ishga qo‘l urayotganlar, qilayotgan ishlarining oqibatini o‘ylayotganlari yo‘q. Ular men hamma narsani bilaman deb o‘ylaydi-yu, ammo o‘zlarini ham, boshqalarni ham zalolat botqog‘iga tortayotganlarini bilmaydi. Diniy ilmsiz odamning shariatga oid mavzuda haqni aytyapman deyishi huddi tug‘ma ko‘rning: “Karvonga o‘zim yo‘l ko‘rsataman!” – deyishiga o‘xshaydi.
Qur’oni karim va hadisi sharifdan hukm olish, shar’iy masalalarda fatvo berish uchun mujtahid yoki ulamo maqomiga yetish shart. Ayniqsa, hadisi sharif ma’nolarining tarjimasini o‘qib, ilmsiz ravishda undan hukm chiqarib, “Sen shu hadisda aytilayotgan kishisan” deb jar solishga hech kimning mutlaqo haqqi yo‘q!
Ilmsiz ravishda fatvo beruvchilarni osmonlaru yer farishtalari la’natlashi, qolaversa, fatvoga jur’atlilar do‘zaxga jur’atlilar ekani hadisda ochiq aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Fatvoga jur’atlirog‘ingiz, do‘zaxga jur’atlirog‘ingizdir”, deya qat’iy ogohlantirganlar (Imom Dorimiy rivoyati).
Halil ibn Ahmad rohmatullohi alayhi ilm borasida insonlar haqida shunday deydilar: “Ular to‘rt toifa bo‘ladilar: “Bir kishi biladi va u o‘zi bilishini ham biladi. U kishi olim bo‘lib undan ilm olinglar. Bir kishi biladi va u o‘zi bilishini bilmaydi. U esdan chiqaruvchi bo‘lib, unga eslatinglar. Bir kishi bilmaydi va u bilmasligini biladi. U tolibi ilm bo‘lib, unga ta’lim beringlar. Bir kishi bilmaydi va u bilmasligini ham bilmaydi. U ahmoq bo‘lib, undan qochinglar”.
Shu o‘rinda O‘zbekiston musulmonlari idorasi respublikamizdagi rasmiy faoliyat olib borayotgan Islom dini yo‘nalishidagi tashkilotlarning markaziy boshqaruv idorasi hisoblanishini ta’kidlash joizdir. Idora o‘z vakolati asosida shariatga oid masalalar yuzasidan barcha shakldagi murojaatlarga xalqimiz uchun an’anaviy bo‘lgan hanafiylik mazhabi asosida fatvo va xulosalar berib kelmoqda.
Aytish joizki, islom ta’limotida hadisi sharifni to‘g‘ri anglash va hukm olish uchun quyidagilar shart qilingan:
Islom shariati o‘zgaruvchan tizim emas. Shariat dunyodagi barcha sohalarga dinning hukmini, chegarasini va o‘lchovini bildiradi. Boshqa soha vakillari shariatni o‘z qarichlari bilan o‘lchab, talqin qilishlariga aslo izn berilmaydi!
Yana bir muhim jihatni eslatib o‘tish o‘rinli. Qonun ustuvor bo‘lgan davlatda har bir fuqarodan qonun hujjatlarida belgilangan huquq va erkinliklarini suiiste’mol qilmaslik talab etiladi. Har bir shaxs o‘zining diniy nuqtayi nazari va dinga munosabati bilan bog‘liq xatti-harakatlarini O‘zbekiston Respublikasining diniy faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilganidan o‘zgacha holatda amalga oshirishi noqonuniy diniy faoliyat hisoblanadi.
Ayniqsa, xalqimizning to‘qson foizdan ortig‘ini musulmonlar tashkil etishini hisobga olsak, Islom diniga oid masalalarga yanada jiddiy yondashish lozimligi ayon bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarni Islom dinining mo‘tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralarni keltirib chiqaradigan fikr va qarashlarni tarqatishdan saqlanishga chaqiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma #masjid
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 fevral kuni juma namozini poytaxtimizning Bektemir tumanida qayta qurilib, foydalanishga topshirilgan "Abduqodir hoji ota" (avvalgi nomi "Xuton") jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin jamoatga Qur’onda ta’kidlangan ikki ulug‘ amal – zikr va salavot aytishning fazilatlari haqida ma’rifiy suhbat qilib berdilar.
Darhaqiqat, inson turli yumushlar bilan ovora bo‘lib, ba’zan ruhiy tarbiyadan, qalbiga ozuqa bo‘ladigan amallardan uzilib qoladi. Holbuki, zikr va salavotlar qalbni sayqallab, musaffo va nurli qiladi.
Ma’ruzada aytilganidek, Alloh taolo Qur’oni karimning o‘n olti joyida zikrga buyurgan: “Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!” (Baqara surasi, 152-oyat). Demak, zikrning eng katta foydasi – bandaning gunohlari afv etilishiga, Robbi ham uni yod etishiga sabab bo‘ladi.
Ammo ba’zi insonlar “zikr qilishim kerak ekan” deya kundalik kasbu kor qilishdan ham o‘zlarini tortib, ahli oilasini tang ahvolga tushirib qo‘yganlarini eshitib qolamiz. Bu xato tushuncha bo‘lib, aslida ishlab turib ham qalbni zikr bilan mashg‘ul qilish mumkin. Bahouddin Naqshband hazrat: “Diling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin”, deganida shunga dalolat etganlar.
Shuningdek, salavot ham yaxshiliklar vasilasi, Allohning roziligiga olib boruvchi, ko‘plab ajr-savoblar eshigidir. Salavot aytishning nechog‘lik ulug‘ amal ekani Qur’oni karimda ta’kidlangan: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi, 56-oyat).
Zero, Payg‘ambar alayhissalom bunday marhamat qilganlar: “Menga salavot aytinglar, chunki qayerda bo‘lsangiz ham salavotlaringiz menga yetib keladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Manfaatli ma’ruza so‘ngida barcha mo‘min-musulmonlar Allohning zikri va Payg‘ambar alayhissalomga salavot aytishda peshqadam bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati