Joriy yilning 13 dekabr juma kuni O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxtidagi elchixonasi AQSH g‘arbiy sohilidagi eng katta masjid - Virjiniya shtati, Sterling shahridagi Dalles musulmon jamoatchilik markazi (ADAMS Center)da brifing o‘tkazdi. Bu haqda kun.uz nashri xabar beradi.
Ushbu tadbir juma namozi doirasida tashkil etildi. Unda 800 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan.
Juma namozida mamlakatning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov chiqish qilib, Qo‘shma Shtatlar musulmonlari uchun O‘zbekistondagi ziyorat turizmining ulkan imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik diplomat juma namozida mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, an’anaviy islomiy qadriyatlarni jamiyatda saqlash va targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etdi.
Masjid bosh imomi, ADAMS markazi rahbari Imom Majid namozxonlarga murojaat qilib, respublika rahbariyati tomonidan islom dini g‘oyalarini targ‘ib qilishga katta ahamiyat berilayotganini e’tirof etdi. «O‘zbekiston islomning asl mohiyatini saqlab qolib, uni o‘qitishning ilg‘or tajribalarini joriy etish, malakali mutaxassislar - islomshunos olimlar tayyorlash bo‘yicha kuchli o‘zbek maktabini yaratishga muvaffaq bo‘lgan mamlakat sifatida jahon hamjamiyati uchun namuna», - dedi u.
Imom Majidning ta’kidlashicha, «O‘zbekiston asrlar davomida bunyod etish muhiti hukmron bo‘lgan, yetakchi olimlar ishlagan, ilg‘or ilmiy ishlar ishlab chiqilgan islom sivilizatsiyasining marvarididir». U Imom al-Buxoriyning, Al-Xorazmiyning, Ibn Sinoning hissasini alohida qayd etib o‘tdi.
Amerikalik imomga ko‘ra, AQSH musulmonlar jamoatchiligi orasida milliy turistik brendni yanada ommalashtirish uchun mustahkam asos bo‘lgan bir qator omillar mavjud.
Birinchidan, O‘zbekiston qadimiy shaharlarning boy me’moriy merosiga ega.
Ikkinchidan, mamlakatda ko‘plab bebaho qo‘lyozmalar saqlanmoqda, shu jumladan Usmon Mus'hafi.
Uchinchidan, respublikada islomiy ta’limotning institutsional asoslari yaratildi.
To‘rtinchidan, hukumat ziyorat turizmini rivojlantirish mexanizmlarini faol joriy etmoqda.
Beshinchidan, «O‘zbekiston dunyoga keng ochilmoqda».
Juma namozidan so‘ng Imom Majid bilan alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, amerikalik musulmonlar guruhlarini muntazam ravishda O‘zbekistonga yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom shariati – eng go‘zal va yengillik dinidir, Boshqa shariatlardan farqli ravishda o‘ziga xos jihatlaridan biri ham musulmonlarga yengillik o‘laroq ba’zi o‘rinlarda ruxsatlar va yengilliklar berilganidir. Birgina namozning o‘zida betob va uzrli kishilar, qariyalar va musofirlarga nisbatan qator yengilliklar mavjud. Unga ko‘ra musofir kishilar to‘rt rak’atli farz namozlarni ikki rak’atga qisqartirib o‘qishlari joiz ekani oyat va hadislar bilan sobit bo‘lgan. Ammo farz namozlariga tobe bo‘lgan ravotib sunnat namozlari ham safarda o‘qilish, o‘qilmasligi borasida ixtilofli qarashlar mavjud.
Biz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazratlarining bu boradagi fikrlarini keltirib o‘tamiz:
"Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayhi hanafiy mazhabi ustidan tanqidlar ko‘payganda, "bu mazhabning gaplari dalilsiz, hadisga suyanmagan, fikrga suyangan narsa kabidir", degan bo‘htonu tuhmatlarga raddiya qilish uchun katta bir ilmiy jasorat ko‘rsatib, fiqh boblarining hammasida hanafiy mazhabining barcha hukmlariga oyat va hadislardan dalillarni to‘plab keltirgan buyuk olim hisoblanadilar. Mana shu kitobda "Safarda tatovvu’, ya’ni farz bo‘lmagan namozlarni o‘qish to‘g‘risidagi bobda birinchi bo‘lib Imom Termiziy Barro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadis keltiriladi: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘n sakkiz marta safar qildim. Ana shu safarim davomida u Zotning quyosh qiyomdan og‘gandan keyin, peshinning farzini o‘qishdan oldin ikki rak’at sunnat o‘qishni biror marta tark qilganlarini ko‘rmadim".
Rasuli Akram alayhissalom bilan birga o‘n sakkiz marta safarda bo‘lgan sahobiy ul Zoti sharifning sunnat o‘qiganliklarini aytgan bo‘lsalar-u, "safarda sunnat o‘qishlik gunoh, o‘qimaslik esa sunnat" deyishlik nodonlik va johillik emasmi?!
Hanafiy mazhabida mo‘tabar hisoblangan "Olamgiriya" kitobida bu haqida shunday deyiladi:
"Sunnat namozlar qasr qilinmaydi. Ba’zi ulamolar musofir sunnatni tark qilishini joiz hisoblaganlar. Lekin muxtor qavlga ko‘ra sunnatlarni xavf holatidagina o‘qimaydi, ammo xotirjamlik va barqarorlik holatlarida sunnatni bajo qiladi".
Yuqoridagi fikr va dalillardan umumiy xulosa yasaydigan bo‘lsak, Ahli sunna val jamoa mazhabining deyarli barcha imomlari – Hanafiylar, Shofeiy, Hanbaliy va Molikiylar ham safarda roitiba sunnat namozlarini o‘qish afzalligini ta’kidlaydilar. Bu faqat joiz bo‘libgina qolmay, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari – sunnatlaridir. Bu borada ixtiloflar chiqarish U Zot alayhissalomning shafoatlaridan umidvor bo‘lgan musulmonning ishi emas.
Hanafiy mazhabining yana bir mo‘tabar manbalaridan biri, Ibrohim Halabiyning "Halabiyi Kabir" deb ataladigan mashhur asarida quyidagicha iboralarni ko‘rishimiz mumkin:
يرخص للمسافر ترك السنن على قول البعض. و قال: الفضل لا يرخص. و فى المبسوط لشمس الأئمة لا قصر فى السنن و تكلموا فى فضل. و قال الهندوانى الفعل افضل حالة النزول و الترك فى حالة السير. انتهى. و هذا الأعدل اذا لم تكن مشقة حالة النزول. و قد تقدم عن ابن عمر انه قال:"لو كنت مسبّحا لـأتممت". و قال هشام: "رأيت محمدا كثيرا لا يتطوع فى السفر قبل الظهر و لا بعدها، و لا يدع ركعتي الفجر و المغرب، و ما رأيته يتطوع قبل العصر و لا قبل العشاء". كذا فى شرح الهداية للسروجى.
"Musofir uchun ba’zilarning qavliga ko‘ra sunnatlarni tark qilishga ruxsat beriladi, fazl jihatidan ruxsat berilmaydi deganlar ham bor. Shamsul Aimma "Al-Mabsut" da: "Sunnatlarda qasr qilinmaydi, uning fazilati borasida ulamolar gapirib o‘tganlar" deyilgan. Al Hinduvoniy: "Safarda biror joyga borib tushgan holatda sunnatlarni qilish afzal, yo‘lda ketayotgan holatda esa tark qilish yaxshi" degan. Biror joyga borib tushgan holatda mashaqqat bo‘lmasa, demak, mana shu fikr adolatliroqdir. Ibn Umardan kelgan bir rivoyatda, "Agar sunnat o‘qiydigan bo‘lsam, farzlarni to‘la o‘qirdim" degan. Hishom aytadi: "Muhammad (Ibn Hasan Shayboniy)ni ko‘p bora ko‘rganmanki, safarda peshindan oldin ham, keyin ham nafl (ya’ni, sunnat) o‘qimasdi. Lekin bomdod va shomning ikki rak’at (sunnat)ini tark qilamasdi. Asrdan oldin ham, xuftondan avval ham nafl o‘qiganini ko‘rmaganman.
Ushbu iboralardan ma’lum bo‘ladiki, safarda sunnat namozlarini tark qilishga ruxsat berilgan bo‘lsada, fazilat jihatidan ularni o‘qishlikda ham gunoh yo‘q.
Hilola ISMOILOVA,
4-kurs talabasi