Alloh taolo Tavba surasining 80-oyatida shunday deb marhamat qilgan:
اسْتَغْفِرْ لَهُمْ أَوْ لاَ تَسْتَغْفِرْ لَهُمْ إِن تَسْتَغْفِرْ لَهُمْ سَبْعِينَ مَرَّةً فَلَن يَغْفِرَ اللّهُ لَهُمْ ذَلِكَ بِأَنَّهُمْ كَفَرُواْ بِاللّهِ وَرَسُولِهِ وَاللّهُ لاَ يَهْدِي الْقَوْمَ الْفَاسِقِينَ
“Ular uchun istig‘for aytsang ham yoki istig‘for aytmasang ham (baribir). Agar ular uchun yetmish marta istig‘for aytsang ham, Alloh ularni zinhor mag‘firat qilmas. Bu ularning Alloh va Uning Rasuliga kufr keltirganlari uchundir. Alloh fosiq qavmlarni hidoyat qilmas”.
Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinadagi munofiqlarning kattasi bo‘lgan Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning janozasiga borishdan o‘zlarini to‘sgan hazrati Umarga:
“Menga ixtiyor berildi. Bas, men istig‘for aytishni tanladim. Agar uning haqqiga yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytsam-u, Robbim uni kechirishini bilganimda, ko‘proq istig‘for aytgan bo‘lardim” dedilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Ubay ibn Sululning janozasini o‘qib, uning qabri tepasida istig‘for aytib turganlar. Keyin u yerdan qaytganlaridan so‘ng Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamga:
وَلاَ تُصَلِّ عَلَى أَحَدٍ مِّنْهُم مَّاتَ أَبَداً وَلاَ تَقُمْ عَلَىَ قَبْرِهِ إِنَّهُمْ كَفَرُواْ بِاللّهِ وَرَسُولِهِ وَمَاتُواْ وَهُمْ فَاسِقُونَ
“Va hech qachon ulardan o‘lgan birortasiga ham (janoza) namoz o‘qima, qabri ustida turma. Chunki ular Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida o‘ldilar”. (Chunki, janoza namozini o‘qish, birovning qabri ustida turish o‘lgan uchun katta hurmat va e’zozdir. Bu ulkan hurmat va e’zozni haqdor kishilarga qilish kerak.Munofiq va fosiqlar bunga loyiq emaslar.) (Tavba surasi, 84-oyat).
Shu oyatdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrlarining oxirigacha birorta munofiqning janozasiga bormadilar, qabri tepasida turmadilar va ular uchun istig‘for aytmadilar.
Alloh taolo bizni munofiqlikdan asrab, ixlosimizni ziyoda etsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati