Ba’zan “Yana qiz tug‘dingmi? Buncha qiz tug‘averasan?” deb ayolini malomat qiladiganlarni eshitib qolamiz. Avvalo, homilaning o‘g‘il yoki qiz bo‘lishiga ayolingiz aybdor emas. Homilaning o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini iroda qiluvchi Alloh taoloning O‘zidir! Bandasining qo‘lidan hech narsa kelmaydi.
Unutmang, ikkita qizingiz bor degani, do‘zaxdan ikkita parda bor deganidir. Yana qiz farzand ko‘rdingizmi, pardalar soni yana bittaga ko‘payibdi-da!
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning uchta qizi bo‘lsa, ularni sabr bilan o‘stirsa, topganidan ularni kiyintirsa, ular uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi”, dedilar”.
Nima, “Qizni boqish, uzatish osonmas hozirgi paytda” deysizmi?
Nega unday deysiz? Razzoq bor! Razzoq degani qimirlagan jonzotning rizqini beruvchi degani! Robbimiz sizning ham, qizingizning ham rizqini beradi!
Olamlar Robbi Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَلاَ تَقْتُلُواْ أَوْلاَدَكُم مِّنْ إمْلاَقٍ نَّحْنُ نَرْزُقُكُمْ وَإِيَّاهُمْ
“Ochlikdan qo‘rqib, bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz” (An’om surasi, 151-oyat).
Qolaversa, do‘zaxni berkitadigan parda o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi-ku, do‘stim! Buning uchun do‘zaxdan uzoqlashtirib, jannatga yaqinlashtiradigan amallarni ko‘proq qilish, shu jumladan, qiz farzand ko‘rganda xursand bo‘lish, ularni odob-axloqli etib tarbiya qilish lozimdir.
Menimcha, endi qiz farzand ko‘rganingizda xafa bo‘lmasangiz, “Hamma farzandlarim qiz bo‘lsa ham roziman” deydigan kayfiyatga o‘tsangiz kerak!
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Oisha roziyallohu anho aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehrlari ortib turganini ko‘rgan vaqtimda u zotga: "Yo Rasululloh, Allohga men uchun duo qiling!", dedim.
U zot alayhissalom: "Allohim, Oishaning oldingi va keyingi, oshkorayu maxfiy gunohlarini mag‘firat qilgin!" deb duo qildilar.
Oisha roziyallohu anho juda xursand bo‘lib, kula boshladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Duoim seni quvontirib yubordimi?" dedilar.
Oisha roziyallohu anho: "Axir qanday qilib duoingiz quvontirmasin, albatta xursand bo‘ldim!" dedilar.
U zot alayhissalom: "Allohga qasamki, ushbu duoni ummatim uchun har namozimda so‘rayman", dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).