Bugun, 17 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy hay’atining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy hay’at a’zolari, Diniy idora rahbariyati, bo‘lim boshliqlari, taniqli imom-xatiblar ishtirok etdi.
Yig‘ilish Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Majlisda yakuniga yetib borayotgan 2019 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Jumladan, masjidlar, diniy ta’lim muassasalari, ziyoratgohlar va tizimdagi boshqa tashkilotlar faoliyatining yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. Shuningdek, 2019 yilda masjidlar faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tuzilmasida yangi joriy etilgan raisning birinchi o‘rinbosari lavozimiga Ishmatbekov Homidjon Bahromovich nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.
Ma’lumot o‘rnida, Ishmatbekov Homidjon 1970 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent islom instituti, Madina islom universitetida tahsil olgan. Faoliyati davomida "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri, Toshkent shahar "Muhammad Nosir hoji" masjidi imom-xatibi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri lavozimlarida xizmat qilgan. Bir qator kitob va ilmiy maqolalar muallifidir.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Farg‘ona viloyatida «Vaqf» xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan ikki yuzga yaqin ehtiyojmand oilalar uchun xayriya tadbirlari tashkil etildi. Bu jarayonda kam ta’minlangan oilalarga ko‘mir, issiq kiyim-kechak, poyabzal, elektr isitgichlar, oziq-ovqat mahsulotlari va uy-ro‘zg‘or uchun maishiy texnikalar taqdim etildi. Shuningdek, homiylarimiz tomonidan boquvchisi yo‘q oilalarda voyaga yetayotgan bolajonlarga to‘kin dasturxon yozilib, kabobxo‘rlik tashkil etildi.
Qish mavsumida yangi poliz mahsulotlari va sarxil mevalar, issiq kiyimlar, ayniqsa sovuq kunlarda asqatadigan ko‘mir bilan ehtiyojmand oilalarga iliqlik ulashgan, ularni xursand qilgan barcha homiylardan, saxovatpesha fuqarolarimizdan Alloh rozi bo‘lsin.
Xayriya tadbirlarining yuqori tashkilotchilik va mehr-muruvvat bilan o‘tkazilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha ishtirokchilar, ko‘ngillilarni O‘zi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin!
Vaqf.uz