Buyuk Britaniyaning Kembrij shahrida ekologik jihatda toza materiallardan qurilgan masjid barpo etildi. Shu kunlarda ushbu masjidning ochilish marosimi ham tashkil etilgan.
Islam-today nashrining ma’lum qilishicha, musulmonlar uchun qulaylik yaratish maqsadida qurilgan yirik masjidni barpo etish uchun butun dunyo xayriya jamg‘armalari va tashkilotlaridan mablag‘lar kelib tushgan.
Ushbu masjidda bir vaqtning o‘zida 1 ming nafar namozxon ibodatlarini amalga oshirishi mumkin. Masjidning e’tiborli yana bir jihati uning ekologik toza ekanidir. Masjid qurilishida ekologik jihatdan toza bo‘lgan marmar va yog‘och materiallaridan foydalanilgan.
Binoning uglerod chiqindilarini havoga chiqarish miqdori butunlay nol darajaga teng. Yomg‘ir suvlari esa masjidning tom qismidagi maxsus konstruksiya orqali rezervuarga to‘planadi va u ko‘chatlarni sug‘orish va boshqa ehtiyojlarda qo‘llanilishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, masjidning tom qismida quyosh panellari o‘rnatilgan, bu masjid binosining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini uchdan bir qismini qondiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari safarini, an’anaga ko‘ra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.
Qur’on tilovat etilib, xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilindi.
Ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Hakim Termiziyning ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish hamda yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Keyingi yillarda ta’mirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun to‘rt mingdan ortiq 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.
Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida ko‘plab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.