O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Samarqand viloyatiga safarlari mobaynida hududdagi yordamga, mehr va muruvvatga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar bilan ham uchrashib, ular bilan dildan suhbat qurdilar.
Ularning dard va muammolariga quloq tutib, ehtiyojlarini qondirish uchun choralar qo‘llamoqda. Ana shunday xayriya tadbiri doirasida Samarqand viloyatidagi 50 nafar kam ta’minlangan, 30 nafar eshitish va gapirishida nuqsoni bor shaxslar, 20 nafar chin yetim bolalar, 10 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi bilan ona-Vataniga qaytarilgan 2 nafar bola hamda avf etilgan 10 nafar fuqarolarga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatilib, ularga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari, kiyim-kechak, diniy-ma’rifiy mazmundagi adabiyot va boshqa sovg‘alar ulashildi.
Tadbir davomida ko‘ngli o‘ksik insonlarga ko‘rsatilgan mehr va e’tibor, ularning qalbiga shodlik olib kirdi. Buni ularning kulib turgan yuzlari va zavqqa to‘lgan ko‘zlaridan sezib olish qiyin emas edi.
Zero, mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik dinimiz ulug‘lagan, xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilatdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi.











O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati
Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar olish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida bir guruh taniqli ulamolar va imom-xatiblar xizmat safariga yo‘l olgan edi.
Ayni paytda Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Shahrisabz shahridagi “Hazrati Imom” masjidi imom-xatibi Akmal qori Nizomov vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, Mokpo shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan samimiy muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — vatandoshlarimizga muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda, ibodat va ezgu amallarga boy tarzda o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularning diniy savodxonligini yanada oshirishdan iborat.
Suhbatlar davomida ro‘za tutishning fazilatlari, tarovih namozining ahamiyati, sabr-qanoat, ahillik va o‘zaro hurmat masalalari atroflicha yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning yuksak ma’naviy ruhini mustahkamlash va Vatan bilan bog‘liqlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati