Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446

Sog‘lom kelin kelajak poydevori

07.12.2019   2994   4 min.
Sog‘lom  kelin  kelajak  poydevori

(QIZLARNI TURMUSHGA TAYYORLASH)

«Oila men uchun muqaddas. Muqaddasligi shuki, avvalambor qayerda ishlashidan qat’i nazar, kim bo‘lishidan qat’i nazar agar oilada tarbiya, oilada muhit, oilada halollik, munosabat, tarbiyaga alohida e’tibor bermasa, hech qachon natija bo‘lmaydi. Shuning uchun men farzandlarimning tarbiyasiga juda katta e’tibor beraman. Har bir farzandimga ham, nevaramga ham alohida o‘zimning munosabatim bor. Har bir nevaramning alohida xarakterini bilaman, orzusini, istagini bilaman»,

Sh.Mirziyoyev

  Islomda  balog‘atga yetmagan, turmushga tayyor bo‘lmagan o‘smir qizlarni uzatish yoki nikohlash qatiy  lozim, degan gap yo‘q.
Yangi qurilayotgan har bir oilaning mustahkamligi, undan sog‘lom avlod dunyoga kelishi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va boshqa shu kabi hayotiy masalalar. Ana shu ilk qadam – qizlarimizning voyaga yetib, turmushga chiqishi bilan bevosita bog‘liqdir.
 Ming afsuski, keyingi vaqtlarda qizlarni hayotga tayyorlamay turmushga uzatish eng dolzarb va hammani o‘ylantiradigan muammoli masalalardan bo‘lib qolmoqda. Ota-onalar orzu-havasga tezroq yetishish maqsadida, hatto, yoshlarning fikri bilan qiziqmasdan to‘y qilish taraddudiga tushib ketmoqdalar. Yigit-qizlar turmushga tayyormi, yo‘qmi, buni hisobga olmayapdilar. Ayrim insonlar balog‘at yoshini kamolot yoshi, deb tushunishadi. Aslida esa balog‘at yoshi nikoh yoshi emas, balki nikoh qurish uchun voyaga yetgan bo‘lish shart.
Zero, oilada yigit va qiz o‘z vazifa va mas’uliyatlarini ado etishlari, sog‘lom zurriyotlarni dunyoga keltirishlari uchun avvalo o‘zlari sog‘lom bo‘lishlari kerak. Hozirga kelib tibbiy ko‘rikning ahamiyatini aksariyat ota-onalar tushunib yetdilar. Ammo shunday bo‘lsa-da, “Hali turmushga chiqmagan yosh qiz turli yo‘nalishdagi shifokorlarga uchrab yurishining nima keragi bor?” deb tor mulohaza yuritadiganlar ham yo‘q emas. Ana shunday fikrlash sababli tibbiy ko‘rikning talab darajasida o‘tkazilishiga e’tibor bermay, giyohvandlikka berilgan yoki nasliy kasalligi bo‘lgan kuyovga uzatish oqibatida baxtsiz qolgan qizlar, pushaymon chekkan ota-onalar hayotda uchrab turibdi.
Aksariyat erta oila qurgan qizlarda kamqonlik, kamquvvatlik kuzatiladi. Bu hol kelinlarning uzoq vaqt bo‘yida bo‘lmasligi, homiladorlik og‘ir kechishiga, go‘daklar nobud bo‘lishi yoki nogiron tug‘ilishiga, tug‘uruqdan keyingi turli asoratlarga, hatto bepushtlikka olib kelishi mumkinligini shifokorlar ta’kidlaydi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deb ta’kidlaganlar (Bayhaqiy rivoyati). Zaruriy ko‘nikmalarni egallamay, bilim olmay turib turmushga chiqqan qiz ayol, rafiqa, ona, beka, jamiyat a’zosi sifatidagi vazifalarini to‘kis ado etishga qiynaladi.
Nasl-nasabimizning bevosita davomchilari bo‘lmish farzand-nabiralarimizni vujudga kelishida qiz va  yigitlarimiz har tomonlama barkamol, sog‘-salomat bo‘lishlarining ahamiyati katta ekanligini unutmaylik. Shundan kelib chiqqan holda, bo‘lajak kelin va kuyovlarimizni  “hayot” deb atalmish  va  ayni vaqtda katta  mas’uliyat va burchga asoslangan mustahkam oila qurish ishiga puxta tayyorlashimiz zarur. Baxtli va saodatli kelajak garovi bo‘lgan mustahkam oila, sog‘lom ona va bola mas’uliyatiga hech qachon beparvo va loqayd bo‘lmaylik. Ayniqsa, bo‘lajak ona, murabbiya, oila bekasi bo‘ladigan qizlarimizni turmushga berishdan oldin tarbiyasi, sog‘lig‘i, kasb-hunar o‘rganishi, yaxshi ma’lumotli bo‘lishi, oila, qaynona va eri bilan bo‘ladigan munosabat va muomalalar, burch va vazifalarini yaxshi bilishi yo‘lida ko‘proq bosh qotiraylik va harakat qilaylik. Yoshlar o‘rta umumta’lim maktabi ta’limini olishlari shart. Zero, dinimiz ta’limotlariga ko‘ra ilm olish, ma’rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni o‘rganish har bir qiz bola uchun ham farzdir. Bordi-yu, shundan oldin turmush qursalar, o‘qish ham chala, oila yumushlari ham, uy bekaligi va boshqa ishlar ham chala bajarilishiga yo‘l ochilgan bo‘ladi. Muhimi, ilmli va kasb-hunarli ayolgina farzandining komil inson bo‘lishiga intiladi.
Hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan «Durrul muxtor» kitobining «Nikoh fasli»da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.
Nikoh ikki dunyo saodatiga yigit va qizni birga eltuvchi muqaddas rishta bo‘lsin.

 

Ma’rufxon Aloxodjayev,

Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi

28.05.2025   973   1 min.
Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi

Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Jahon banki xususiy sektor diagnostikasi bo‘yicha delegatsiyani qabul qildi. 


Uchrashuv avvalida Muhammadolim domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va tilaklarini yetkazdi. So‘ngra yurtimizda ko‘plab sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilanishlar haqida so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. 


O‘z navbatida delegatsiya a’zosi bo‘lgan katta iqtisodchi Levent Karaday samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zi faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya tashkiloti xususiy sektorga sarmoya kiritishi, ayni maqsadda joriy yil boshida ham kelganlari, o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, shu bois ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi. 


Muloqot davomida Diniy idora tasarrufidagi ziyoratgohlar, ularning faoliyati to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Shuningdek, xorijiy delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi Jahon banki delegatsiyasi bilan muloqot qilindi
O'zbekiston yangiliklari