Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ishlari biz ummatlari uchun ibratdir. Shu jumladan, ayollariga, ya’ni onalarimizga bo‘lgan munosabatlari ham biz uchun katta ibrat.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlarning eng yaxshingiz o‘z oilasiga yaxshi bo‘lganingiz. Men esa sizlarning orangizdagi o‘z oilasiga eng yaxshi kishiman”.
Termiziy, Ahmad va Ibn Moja rivoyati.
Hadis, siyrat kitoblarida u zot sollallohu alayhi vasallamning oilaviy hayotlari batafsil yoritilgan.
Xo‘sh, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning onalarimizga munosabatlari, bu boradagi sunnatlari qanday edi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan o‘z uyiga kechasi bemahal kirib kelishni man qilganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Demak, kishi safardan uyiga qaytadigan bo‘lsa, imkon qadar kunduzi kelishga harakat qilishi, ahlini poylash, ularning xatolarini topish uchun tunda kirib kelishdan tiyilish kerak ekan.
Oisha onamiz roziyallohu anho shunday deganlar:
«Men hoiza paytimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chaqirardilar. Birga o‘tirib ovqat yerdim. Menga go‘shtli suyakni uzatar, men undan tishlab qo‘yardim. So‘ng aynan men tishlagan joyimga og‘izlarini qo‘yib, so‘yakning go‘shtidan yer edilar. Suvni ham xuddi shunday qilar, avval menga suvni uzatar, so‘ng idishdan men ichgan joyimga lablarini qo‘yib suv ichar edilar».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir idishdan g‘usl qilar edik. Qo‘llarimiz unga navbatma‑navbat kirib-chiqar edi. Hatto «Menga ham qoldir», derdilar. «Menga ham qoldiring», der edim».
Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayollari ichida Xadija roziyallohu anhoga — garchi u kishini ko‘rmagan bo‘lsam ham — rashk qilganimchalik birontasiga rashk qilmaganman. Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam uni ko‘p eslardilar. Agar qo‘y so‘ysalar, uni bo‘laklarga bo‘lar, so‘ng Xadijaning dugonalariga ham jo‘natar edilar.
Bir kuni men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga “Go‘yo dunyoda Xadijadan boshqa ayol yo‘qday!”- degan edim, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ha, (dunyoda) Xadijadek ayol bo‘lmagan! U juda ajoyib edi. Undan farzandlarim ham bor»,- dedilar.
Buxoriy rivoyati.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar ahli oilalaridan biron kishi betob bo‘lib qolsa, unga muavvizot (“Ixlos”, “Falaq”, “Nos” suralari)ni o‘qib dam solardilar”.
Imom Muslim rivoyatlari.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoning quchoqlarida yonboshlab Qur’on o‘qirdilar.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, men hayzli paytimda u zot mening qo‘ynimga suyanib olib, Qur’on o‘qirdilar».
Muttafaqun alayh.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam safarga chiqmoqchi bo‘lsalar, ayollaridan birini o‘zlari bilan olib chiqar, kechalari ular bilan u yoq-bu yoqdan gaplashar, ular bilan maslahatlashar edilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam (safarga) chiqsalar, ayollari orasida qur’a tashlar edilar...” Buxoriy va Muslim rivoyati.
“Bir kuni safarda Safiyya onamiz roziyallohu anho mingan tuya orqada qolib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelganlarida Safiya onamiz yig‘lab: “Meni sekin yuradigan ulovga mindiribsiz” dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam onamizning ko‘z yoshlarini artib, yupatganlar”. Imom Nasoiy rivoyatlari.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Allohga shukr qilmasa, odamlarga ham tashakkur qilmaydi», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
Termiziyning lafzida: «Odamlarga tashakkur qilmagan Allohga shukr qilmaydi», deyilgan.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ehromdaliklarida farqlaridagi xushbo‘ylikning yaltirayotgani hamon ko‘z o‘ngimda».
Boshqa bir rivoyatda Oisha roziyallohu anho:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarida bor eng yaxshi xushbo‘ylikni surtib qo‘yar edim. Hatto soch soqollarida xushbo‘ylikning yaltirashini ko‘rar edim», deganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan noxush hid kelishini og‘ir olardilar».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi va sallam uyga kirganlarida ishni nimadan boshlar edilar?» deb so‘ralganda, u kishi: «Misvokdan», dedilar.
Imom Muslim rivoyatlari.
Alloh taolo hayz borasidagi oyatlarni nozil qilganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga uylarda o‘z ayoli bilan aralashib yurishni, qo‘shilishdan boshqa barcha narsani qilaverishni amr qildilar. O‘zlari ham onalarimiz hayz ko‘rgan paytlarida ularga e’tiborli bo‘lar, ular shu hollarida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sochlarini tarar, u zot alayhissalom ularning quchoqlarida Qur’on o‘qir, birga taomlanar edilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ba’zi ayollari huzurida edilar. Mo‘minlarning onalaridan birlari o‘z xodimlaridan bir idishda taom solib yubordilar. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyida turgan (ayol) xodimning qo‘liga urdi. Idish tushib, ikkiga bo‘lindi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam idishning ikki bo‘lagini bir-biriga qo‘shib jamlab, unga taomni yig‘a boshladilar va «Onangiz rashk qildi», - dedilar.
So‘ngra u zot xizmatchini ham, idishni ham toki u zot uyida turganning huzuridan idish keltirguncha, tutib turdilar. Bas, butun idishni singanga va singan idishni sindirganga berdilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kechasi turib, namoz o‘qigan va xotinini uyg‘otgan, agar turmasa, yuziga suv sepgan erga Allohning rahmati bo‘lsin. Kechasi turib, namoz o‘qigan va erini uyg‘otgan, agar turmasa, yuziga suv sepgan xotinga Allohning rahmati bo‘lsin», dedilar».
Ikkisini Abu Dovud, Nasaiy va Ibn Moja rivoyat qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu dedi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam hech qachon biror taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa, yerdilar. Ko‘ngillari tusamasa, tark qilar edilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringning yuziga tabassum qilib qarashing ham sadaqadir”, deb aytganlar.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oish, bu Jabroil senga salom yo‘llayapti» dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Imom Buxoriy rivoyatlari.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamizning ismlarini erkalab, Oish deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Sen bir infoq qilsang, hatto ayoling og‘ziga soladigan bir luqma (taom) uchun ham, albatta ajr olasan...”, dedilar.
Imom Buxoriy, imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja, imom Ahmad, Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan.
Urva ibn Zubayr roziyallohu anhumo Oisha onamiz roziyallohu anhodan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollariga muomalalari haqida so‘radilar. Oisha onamiz roziyallohu anho “U zot sollallohu alayhi vasallam qaysi ayollarining uyida tursalar, o‘sha kuni namozga o‘sha ayollarini o‘pmasdan chiqmas edilar” deb javob berdilar. Shunda Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu hazil tariqasida Oisha onamiz roziyallohu anhoga “Bu siz bo‘lgan bo‘lsangiz kerak-a, xolajon?” desalar, onamiz roziyallohu anho kulib qo‘ygan ekanlar.
Demak, kun davomida eridan besh marta qisqa xabar (o‘pich, erkalash, xizmatiga tashakkur aytish va hokazo) olib turadigan ayol depressiyaga tushmas ekan.
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng mening go‘shtim og‘irlashganda yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va «Haligi bilan biru bir», dedilar».
Imom Ahmad va Imom Abu Dovud rivoyatlari.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Habashlar nayzalari bilan masjidda o‘yin ko‘rsatishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ey Humayro, ularni tomosha qilishni xohlaysizmi” dedilar. Men: “Ha” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshik yonida turdilar, men esa yonlariga keldim-da iyagimni muborak yelkalariga qo‘ydim va yanog‘imni yanoqlariga tekkazdim. Habashlar o‘yin ko‘rsatib: “Abul Qosim juda yaxshidir”,- deyishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Yetar endi”, - dedilar. Men: “Yo Rasululloh, shoshmang” dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biroz turdilar. So‘ng yana “Yetar endi”, dedilar. Men yana “Yo Rasululloh, shoshmang”, dedim. Aslida Habashlarni tomosha qilishni xohlamas edim, lekin men ayollarga Rasulullohning men uchun turganliklari va meni qadrlashlari ayollarga yetib borishini xohlardim”.
Humayro — qizil yugurgan oq yuzli ayol deganidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam onamizni ana shunday so‘z bilan erkalaganlar.
Asvad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Oisha roziyallohu anhodan: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllari orasida nima qilardilar», deb so‘radim. «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllarining xizmatida bo‘lardilar. Agar namoz hozir bo‘lsa, namozga chiqardilar. U zot katta zang kishilardan bo‘lmaganlar. Balki ko‘pincha o‘z ishlarini o‘zlari bajarardilar», dedilar.
Ahmad rohimahullohning «Musnad»larida kelgan rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kiyimlarini o‘zlari tikardilar, kavushlarini yamardilar va sizlar o‘z uyingizda nima qilsangiz, shuni qilardilar», dedilar.
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Oisha roziyallohu anhoga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylarida nima qilardilar?» deyildi. Oisha roziyallohu anho: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam (oddiy) odamlardan biri edilar. Kiyimlarini tozalar, qo‘ylarini sog‘ardilar», dedilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uy ishlarida oilalariga qarashar, shippaklarini o‘zlari tikib, kiyimlarini o‘zlari yamab, qo‘ylarini o‘zlari sog‘ardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Agar sizlardan biringiz birodarini yaxshi ko‘rsa, yaxshi ko‘rishini unga bildirib qo‘ysin».
Ahmad va Abu Dovud rivoyatlari.
Hatto, uning uyiga borib, bu haqda aytib, xabardor qilishi sunnatdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Agar sizlardan biringiz do‘stini yaxshi ko‘rsa, uning uyiga borib, uni Alloh uchun yaxshi ko‘rishini yetkazib qo‘ysin». Ahmad rivoyati.
Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Termiziy va Buxoriy rivoyatlari.
Yuqorida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oilaviy hayotlaridan 21 ta sunnat bilan tanishdingiz. Hadislarni o‘qir ekanmiz, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning naqadar mehribon, muloyim, kamtar, vafodor, qo‘li ochiq, tabassumli, shirin so‘z, ayolning nozikligini his qiluvchi va muhabbatli inson bo‘lganliklarini ko‘ramiz. Biz ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilib, oilani mustahkamlashga harakat qilishimiz kerak.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Islom.uz va boshqa sayt ma’lumotlari asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hakimu ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy quddisa sirruh shunday der edilar: "Qalbga, biron yaxshi amalni qilib olay, degan o‘y kelishi so‘fiylar istilohida "vorid" deyiladi. Ya’ni, men shu savob ishni qilay, namoz o‘qib olay, tahajjudga turay, sadaqa beray, birodarimga yordam qilay, do‘stimning g‘amini ketkazay degan o‘ylar kelishini "vorid" deydilar.
"Vorid" Alloh taolo tarafidan kelgan mehmondir. Agar sen bu mehmonni biroz bo‘lsa ham izzat qilsang, mehmonnavozlik ko‘rsatsang, u holda u yana keladi. Qaysi yaxshi amalni qilish fikri qalbingga kelsa, o‘sha zahoti uni bajarish mehmonnavozlikdir. Agar sen bir marta mehmonnavozlik qilmasang, u mehmon juda hurmatga sazovor bo‘lgani sababli huzuringa boshqa kelmay qo‘yadi. Uning qaytib kelmay qolishidan panoh so‘ragin. U mehmon qaytib kelmay qolishi degani, endi qalbga yaxshi amal qilish fikri kelmaydi deganidir. Alloh taolo bunday holdan O‘zi saqlasin. Qalbga muhr bosilsa, zang qoplasa, ana o‘shanda yaxshi amal qilish fikri kelmay qoladi".
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan