Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Mutaassib va adashgan oqimlarning paydo bo‘lish tarixi (1-qism)

07.11.2019   4053   4 min.
Mutaassib va adashgan oqimlarning paydo bo‘lish tarixi (1-qism)

Islom bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatayotgan ekstremizmning paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixning muayyan davrida ustuvor bo‘lgan ko‘plab omillar, turli jarayonlarning o‘zaro ta’sirlashuvining natijasi deb tushunish mumkin. O‘rganish, din niqobi ostida paydo bo‘lgan ekstremistik harakatlarning g‘oyaviy ildizlari islom tarixining birinchi asriga borib taqalishini ko‘rsatadi.  «Asrimiz vabosi bo‘lmish bu jirkanch illatning faqat shafqatsiz ko‘rinishlarini emas, balki ildizlariga yetib borib, jamiyat hayotidan, dunyo xalqlari hayotidan uni tag-tomiri bilan sug‘urib tashlash – barcha davlatlarning eng dolzarb vazifasi bo‘lishi kerak, bu yo‘lda barchamiz bir tan, bir jon bo‘lib harakat qilishimiz, qattiq kurash olib borishimiz shart».

Tarixiy manbalarda mazkur oqimlarning tarqalishi, faoliyati va ularning o‘ziga xos yo‘nalishlari batafsil tahlil qilingan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan deyarli barcha ekstremistik guruhlar o‘sha oqimlarga xos xususiyatlarni o‘zida jamlagan holda, ular qo‘llagan uslub va g‘oyalardan keng foydalanib kelmoqda.

Islom niqobidagi ekstremizmning ilk vakillari sifatida 657 yili xalifa Ali roziyallohu anhu askaridan ajralib chiqqan, o‘zlarini haqiqiy musulmon, saflariga qo‘shilmaganlarni «dindan qaytgan» deb e’lon qilib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borgan «xorijiylar» (arabcha – «ajralib chiqqanlar», «isyonchilar») oqimi faoliyati fikrimizning isboti bo‘la oladi.

Demak, Islomda dastlab paydo bo‘lgan firqa xorijiylardir. Boshqa dinlarda bo‘lgani kabi musulmonlar ichida ham firqalar bo‘lgan. Payg‘ambar Muhammad alayhissalom aytganlaridek, Islom dinida 73 ta firqaga bo‘linish yuz beradi. Ularning bittasigina to‘g‘ri yo‘lda, qolganlari esa, zalolatda hisoblanadi. Qur’on oyatlari va hadislarda ham firqalarga bo‘linmaslikka buyuriladi. Xorijiylar o‘z talqinlaridagi «sof» islom qoidalariga qat’iy rioya qilish tarafdori edi. Ilk Islomda inson e’tiqodini belgilashda niyatga e’tibor berilgan bo‘lsa, xorijiylar amalga qarab baho berdi. Aynan xorijiylar o‘z qarashlari va faoliyatiga qo‘shilmaganlarni kofirga chiqarish, ularga qarshi «jihod» olib borish haqidagi g‘oyalarni ishlab chiqib, terror uslubini qo‘llash orqali hukmdorlarni jismonan yo‘q qilish amaliyotini boshlab bergan edi. Shuningdek, xorijiylar dindor kishining islom arkonlariga sodiqligini qilgan ishlariga qarab baholash kerak, deb hisoblab, o‘zlarining talqinidagi Islom qoidalariga rioya qilmagan har qanday hukmdorga bo‘ysunmaslik, uni ag‘darib tashlash zarurligi haqidagi g‘oyani ilgari surgan edi. Bunday g‘oyalar hokimiyat uchun kurashning zo‘ravonlikka asoslangan usullari kelib chiqishiga va minglab kishilarning halok bo‘lishiga olib keldi.

VII asrning ikkinchi yarmida xorijiylar orasida rahbarlarining ismi bilan ataladigan bir necha firqalar paydo bo‘ldi. Ana shunday mutaassib firqalar orasida eng murosasiz va shafqatsiz jamoa nomini olgan Nofi’ ibn Azraq boshchiligidagi «Azraqiylar» oqimi alohida o‘rin egallaydi. Azraqiylar gunohi kabira (katta gunoh) qilgan barcha musulmonlarni «kofir» deb, ularning ta’limotiga qo‘shilmagan kishilarga qarshi jihod e’lon qilish, hattoki, qariya, ayol va bolalarning qonini to‘kishni halol, deb bilganlar.

IX asr oxirida Iroqda yuzaga kelgan «qarmatiylar» ekstremistik harakati esa Islom arkonlarini tan olmagan holda, haj amalini ham bid’at, butparastlik deb e’lon qilgan edi. Harakat o‘z nomini uning asoschisi Hamdon ibn Ash’asning laqabi Qarmat so‘zidan olgan bo‘lib, uning ma’nosi manbalarda turlicha «kalta oyoq» yoki «qizil ko‘z» kabi ma’nolarda ifodalangan. Qarmatiylar Islom tarixida o‘chmas dog‘ qoldirgan jinoyatlarni sodir etgan. Ular haj mavsumlarida karvonlarga hujum uyushtirib, qaroqchilik va bosqinchilik bilan kun kechirganlar. Xususan, 930 yilda ular Makkaga bostirib kirib, shaharni talon-taroj qilganlar, bir necha ming hojilarni va Makka aholisini qatl etib, asirga olganlar. Ular: «Biz toshga sig‘inuvchilarga qarshi kurashmoqdamiz», deya hojilarni butparastga chiqarib, o‘zlarining qabih ishlarini oqlamoqchi bo‘lganlar. Ka’bani vayron qilib, qora toshni ikkiga bo‘lib, Bahraynga olib ketganlar, faqat 20 yildan keyin katta to‘lov evaziga u Makkaga qaytarilgan.

Tolibjon ERGASHЕV,
Buvayda tuman bosh imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Yangi kun qachondan boshlanadi?

09.07.2025   1632   1 min.
Yangi kun qachondan boshlanadi?

Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.

Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.