Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Oilada farzand tarbiyasi: OILADA FARZAND TUG‘ILDI...

30.10.2019   6735   13 min.
Oilada farzand tarbiyasi: OILADA FARZAND TUG‘ILDI...

OILADA FARZAND TUG‘ILDI...

Alloh taolo xohlagan bandasiga farzand berishini aytgan:

لِّلَّهِ مُلۡكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ يَخۡلُقُ مَا يَشَآءُۚ يَهَبُ لِمَن يَشَآءُ إِنَٰثٗا وَيَهَبُ لِمَن يَشَآءُ ٱلذُّكُورَ أَوۡ يُزَوِّجُهُمۡ ذُكۡرَانٗا وَإِنَٰثٗاۖ وَيَجۡعَلُ مَن يَشَآءُ عَقِيمًاۚ إِنَّهُۥ عَلِيمٞ قَدِيرٞ

«Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur. Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir» (Sho‘ro, 49–50).

Allohning ushbu oyatda aytilgan qudrati insoniyat hayotida o‘z haqiqatini topgan va topmoqda. Oli Imron surasida «Albatta, Isonning (otasiz tug‘ilish) misoli, Alloh nazdida bamisoli Odam (alayhissalom) kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra unga «Bo‘l!» dedi, bas, (u) bo‘ldi» (59), deb aytilgani kabi, insonni ota-onasiz yoki Iso (alayhissalom) kabi otasiz yaratishga Alloh taolo qodir.  Yoki Momo Havoni yaratgani kabi bitta erkakdan, ya’ni ayol ishtirokisiz ham insonni yarata oladi. Yoki ota va ona ishtirokida odamlarni dunyoga keltirishi ham Uning qudratidandir. Ota va ona bor bo‘laturib, farzand bo‘lmasligi ham bu qudratning ulug‘ligidandir. Alloh taolo nimani xohlasa, shu bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.

Oyati karimada aytilganidek, Alloh taolo O‘zi xohlaganiga faqat qizlar in’om etadi, xohlaganiga esa faqat o‘g‘il farzandlar ato etadi, xohlaganiga farzandlarni aralashtirib beradi va xohlaganini bepusht qilib qo‘yadi. 

Farzand ato etish Alloh taoloning ixtiyorida bo‘lgani uchun hatto payg‘ambarlarga ham bir xil jinsda yoki bir xil miqdorda farzand berilmagan. Masalan, Lut va Shuayblarga (alayhimussalom) faqat qiz farzandlar, Ibrohimga (alayhissalom) faqat o‘g‘il farzandlar, Muhammadga (alayhissalom) ham qiz, ham o‘g‘il farzandlar bergan, Yahyo va Isoga (alayhimussalom) esa farzandsiz bo‘lishlarini iroda etgan.

Bu ilohiy taqsimot bandalarining sinovi uchundir. Binobarin, bandasidan ne’matga shukr va musibatga sabr matlubdir.

Ibn Kasir (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Alloh taolo insonni to‘rt qismdan iborat qilib yaratdi: ba’zilari faqat qiz farzand ko‘radi; ba’zilari faqat o‘g‘il ko‘radi; boshqalari undan ham, bundan ham bahramand bo‘ladi; ba’zilari umuman farzand ko‘rmaydi».

Qozi Bayzoviy aytdilar: «Yuqorida keltirilgan oyatdan maqsad, farzand ko‘rish yo ko‘rmaslik Alloh taoloning amri ekanini uqtirishdir. Chunki Parvardigor qaysi banda farzand ko‘rsa yoki ko‘rmasa, nima bo‘lishini yaxshiroq biladi. Qaysi bandasiga farzand berish yo bermaslik Allohning xohishi bilan bo‘ladi».

Yangi turmush qurgan kelin-kuyovning eng ezgu orzusi farzandli bo‘lishdir. Ayniqsa, ular ilk farzandlarini nihoyatda intizor, intiqlik bilan kutishadi. Mana, nihoyat, orzular ushaldi, ulug‘ niyatlar ro‘yobga chiqdi, Alloh taolo yosh oilaga farzandi arjumand ato etdi. Ulug‘ muallim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oilada yangi chaqaloq tug‘ilganida nimalar qilish kerakligini hadisi shariflarida batafsil ko‘rsatib berganlar. Bu ko‘rsatmalar, jumladan,  quyidagilardan iborat.

 

FARZAND XURSANDCHILIGI

Eng avvalo, bola tug‘ilishi bilan xursandchilik qilinib, birinchi navbatda uning otasidan suyunchi olinadi. Chunki ota birinchi bo‘lib farzandli bo‘lganini eshitsa, unga nisbatan mehri oshadi. Agar bir kishiga xotini tuqqani haqida xushxabar yetkazilsa, farzandni Alloh taolo in’om etgan ulug‘ ne’mat deb bilishi, darhol Allohga hamd aytishi sunnatdir. 

Alloh taolo Ibrohimga (alayhissalom) xushxabar berib, bunday deydi:

وَلَقَدۡ جَآءَتۡ رُسُلُنَآ إِبۡرَٰهِيمَ بِٱلۡبُشۡرَىٰ قَالُواْ سَلَٰمٗاۖ قَالَ سَلَٰمٞۖ فَمَا لَبِثَ أَن جَآءَ بِعِجۡلٍ حَنِيذٖ فَلَمَّا رَءَآ أَيۡدِيَهُمۡ لَا تَصِلُ إِلَيۡهِ نَكِرَهُمۡ وَأَوۡجَسَ مِنۡهُمۡ خِيفَةٗۚ قَالُواْ لَا تَخَفۡ إِنَّآ أُرۡسِلۡنَآ إِلَىٰ قَوۡمِ لُوطٖ وَٱمۡرَأَتُهُۥ قَآئِمَةٞ فَضَحِكَتۡ فَبَشَّرۡنَٰهَا بِإِسۡحَٰقَ وَمِن وَرَآءِ إِسۡحَٰقَ يَعۡقُوبَ

«Ibrohimga elchilarimiz (farzandli bo‘lishi haqida) xushxabar keltirdilar va «Salom!» dedilar. U ham «Salom!» dedi-da, hech qancha vaqt o‘tmay, bir buzoq (go‘shtining) kabobini keltirdi. Unga (taomga) qo‘l cho‘zmaganini ko‘rgach, (Ibrohim) ulardan yotsiradi va ulardan qattiq qo‘rqib ketdi. (Ular) dedilar: «Qo‘rqma! Biz Lut (qavmi)ga yuborilganmiz». Xotini (Sora) turgan edi, kulib yubordi. Unga Is'hoq (nomli farzand) va Is'hoqning orqasidan Ya’qub (ismli nabira berishimiz) haqida xushxabar berdik» (Hud, 69–71).

Boshqa oyatda Zakariyoga (alayhissalom) xushxabar beradi:

فَنَادَتۡهُ ٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ وَهُوَ قَآئِمٞ يُصَلِّي فِي ٱلۡمِحۡرَابِ أَنَّ ٱللَّهَ يُبَشِّرُكَ بِيَحۡيَىٰ مُصَدِّقَۢا بِكَلِمَةٖ مِّنَ ٱللَّهِ وَسَيِّدٗا وَحَصُورٗا وَنَبِيّٗا مِّنَ ٱلصَّٰلِحِينَ

«So‘ngra, masjidda turib namoz o‘qiyotganida, farishtalar unga nido qilib, dedilar: «Alloh senga Yahyo (ismli farzand) xushxabarini bermoqdakim, u Allohning so‘zini tasdiq etadigan, (o‘z qavmiga) peshvo bo‘lib, (shahvatlardan) o‘zini tiyadigan solih payg‘ambarlardan (bo‘lur)» (Oli Imron, 39).

Maryam surasida esa:

يَٰزَكَرِيَّآ إِنَّا نُبَشِّرُكَ بِغُلَٰمٍ ٱسۡمُهُۥ يَحۡيَىٰ لَمۡ نَجۡعَل لَّهُۥ مِن قَبۡلُ سَمِيّٗا

«(Alloh aytdi): «Ey Zakariyo! Biz senga bir farzand xushxabarini berurmiz; uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biror (kimsani) hamnom qilgan emasmiz», deyilgan (7).

Farzandning tug‘ilishi nafaqat uning ota-onasi, balki barcha qarindosh-urug‘lar, yaqinlar uchun ham chinakam quvonchli hodisadir. Shuning uchun u tug‘ilgan zahoti Allohga maqtov va shukronalar aytib, bu haqda hammaga ma’lum qilinadi. Boshqalar ota-onani yangi mehmon bilan qutlashadi, unga uzoq umr, sihat-ofiyat va ezgu tilaklar tilashadi.

Siyrat kitoblarida aytilishicha, tug‘ilgan bola bois xursandchilik qilish lozim. Abu Bakr ibn Munzir aytadi: Hasan Basriyning oldiga bir kishi kelib, uning huzurida hozirgina farzandli bo‘lgan kishini ko‘radi. Hasan Basriy unga: «Bola muborak bo‘lsin! Uni bergan Allohga shukr qil, yaxshilik bilan siylabdi», deydi.

Ayniqsa, qiz bola tug‘ilganida ko‘proq xursand bo‘lishingiz lozim. Chunki qiz farzand o‘sha xonadonga yaxshilik va mas’udlik olib keladi, xotinning barakotlisi ilk farzandi qiz bo‘lganidir.

Ba’zilar faqat o‘g‘il ko‘rishni istashadi, qiz bola tug‘ilganida esa sevinish o‘rniga hafsalalari pir bo‘lib, hatto xotinlarini ayblashgacha borishadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ridir. Aksincha, agar qiz farzand tug‘ilsa, ota-ona ziyodaroq xursand bo‘lishi zarur.

Alloh taolo bunday marhamat etgan:

يَهَبُ لِمَن يَشَآءُ إِنَٰثٗا وَيَهَبُ لِمَن يَشَآءُ ٱلذُّكُورَ

«…Xohlagan kishiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishiga o‘g‘illarni hadya etur...» (Sho‘ro, 49).

Qur’oni karimda qiz bolaning o‘g‘il boladan oldin zikr etilishi ham qiz farzandning o‘g‘ilga nisbatan barakali va fazilatli ekaniga ishoradir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Birinchi farzandi qiz bola bo‘lgani ayolning barakotli, baxtli va sharofatli ekaniga dalolatdir».

 

EMIZISH (RAZO’)

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning emishi (razo’) o‘tmishda ham,  hozirda ham eng dolzarb masalalardan bo‘lib kelyapti. Yaqin o‘tmishimizda ko‘pchilik emizishning, ona sutining hikmatidan bexabarlikda, bu muhim ishga e’tiborsiz bo‘lib qolgan edi. Tug‘ruqxonalarda suti kam onalarning bolalari suti ko‘p boshqa onalar suti yoki sun’iy oziqlar bilan boqilar edi. Sut bergan onaning kimligi noma’lum qolardi. Mustaqil bo‘lganimizdan keyin bu noto‘g‘ri ishga barham berildi.

«Razo’» so‘zining ma’nosi «sut emish»dir. Shariatda razo’ deyilganida bolaning boshqa ayol ko‘kragidan ikki yoshgacha sut emishi va buning hukmlari bilan bog‘liq masalalar tushuniladi. Chaqaloq ikki yoshgacha onasidan boshqa ayolni emsa yoki uning suti ichirilsa, razo’ hukmi sobit bo‘ladi. Bunda sut miqdorining farqi yo‘q, bir tomchi sut kirsa ham razo’ sobit bo‘ladi. Razo’ hukmiga ko‘ra, begona ayol sutini emgan bolaga o‘sha ayol ona, ayolning eri ota hukmida bo‘ladi. Sut emgan bola shu er-xotinning asl farzandlaridek, ularning o‘z farzandlari esa bu bolaga mahram hisoblanadi. Sut emgan bola o‘g‘il yoki qiz bo‘lishidan qat’i nazar, shu mahramlariga nikohlanishi mutlaqo mumkin emas. Halol va harom masalasida emikdoshlikka ham alohida e’tibor beriladi.  

Shariatimiz onalarga bir necha vazifalarni yuklaydi. Jumladan, ular farzand sog‘lom o‘sishi uchun uni tarkibida barcha zarur moddalarni mujassamlashtirgan ona sutidan mahrum qilmasliklari zarur. Chunonchi, Qur’oni karimda yangi tug‘ilgan farzandning onadagi haqi bunday bayon qilinadi:

۞وَٱلۡوَٰلِدَٰتُ يُرۡضِعۡنَ أَوۡلَٰدَهُنَّ حَوۡلَيۡنِ كَامِلَيۡنِۖ

«Onalar bolalarini to‘la ikki yil emi­zadilar...» (Baqara, 233).

Oyati karimada chaqaloqni ikki yoshigacha ona suti bilan emizish naqadar foydali ekaniga ishorat etilmoqda. Lekin shariat bo‘yicha ona emizishga majbur qilinmaydi, bunga boshqa emizadigan ayollarni yollash ham mumkin. Bu odat arablarda keng tarqalgan edi. Muhammad (alayhissalom) onalari tirik bo‘laturib, Sa’d qabilasiga mansub Halima ismli ayolga emizdirilganlari, tarbiyasiga berilganlari Islom tarixidan ma’lum.

Sut ona yollashda uning sog‘lom, sersut, xulqi va odobi namunali, o‘zi aqlli bo‘lishiga alohida e’tibor berish kerak, chunki emizuvchi ayolning fe’l-atvoridagi illat va fazilatlar bolaga ham ko‘chishi aniqlangan.

Ulamolar o‘rtasida «Ona o‘z farzandini emizishga majburmi yoki majbur emasmi?» degan masala ham bor. Abu Hanifa (rahmatullohi alayh): «Agar bola onasidan boshqani emmasa yoki onasidan boshqa emizadigan ayol bo‘lmasa yoxud ota boshqa emizadigan ayolga berish uchun ijara mablag‘iga ega bo‘lmasa, ona bolani emizishga majbur qilinadi», deganlar. Chunki emish bolaning nafaqasi hisoblanib, unga ketadigan barcha nafaqa otaning burchidir. Bu masalada ham ayolning erki, ozodligi, shaxsiy huquqi e’tiborga olingani va tuqqan onasi «men bolamni emizmayman» desa, uni ayblash noo‘rin ekani bilinadi. Imom Molik (rahmatullohi alayh) esa: «Tuqqan ona bolasini emizishga majburdir», deydilar.

Ammo ba’zi onalar ham bor, suti kamligi, qomati buzilishi, ishi ko‘pligi kabi sabablarni bahona qilib, bolasini emizish o‘rniga sun’iy sut va bo‘tqalar bilan boqishni afzal ko‘rishadi. Tabiatdagi hech narsa ona suti o‘rnini bosolmaydi, buni zamonaviy tibbiyot ham isbotlagan. Hadisi sharifda: «Bola uchun ona sutidan yaxshiroq ozuqa yo‘q», deyilgan.

Xalqimizning o‘ziga xos bir go‘zal fazilati va xususiyati bor – hech bir ona bolasini sababsiz, uzrsiz emizishdan bosh tortmaydi. Darhaqiqat, zarurat bo‘lmagan taqdirda muddatidan oldin ona sutidan boshqa sut yoki mahsulot bilan boqishga o‘tish bolaning sog‘lom, barkamol o‘sishiga salbiy ta’sir etishini zamonaviy tibbiyot ta’kidlaydi.

 

CHAQALOQ QULOG‘IGA AZON AYTISH

Yangi tug‘ilgan chaqaloq oppoq matoga o‘raladi, chunki dinimizda matolarning eng afzali oq ranglisi ekani aytilgan. Tezda  o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytish, Parvardigordan farzandiga ixlos va e’tiqod bilan dunyo hamda oxirat yaxshiliklarini so‘rash lozim. Bu haqda ushbu hadis vorid bo‘lgan:

عن أبى رافع أنه قال: رأيت رسول الله صلى الله عليه وسلم أنه أذن فى أذن الحسن بن علي حين ولدته فاطمة

Abu Rofe’dan rivoyat qilinadi: «Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Fotima va Alining o‘g‘illari Hasan tug‘ilganida quloqlariga azon (va takbir) aytganlarini ko‘rdim».

Boshqa hadisda bunday deyiladi:

عن ابن عباس رضى الله عنهما أن النبي عليه السلام أذن فى أذن الحسن ابن علي يوم ولد وأقام فى أذنه اليسرى

Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:

«Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hasan ibn Ali tug‘ilganida (o‘ng) qulog‘iga azon aytib, chap qulog‘iga takbir aytdilar».

عن الحسن بن على عن النبى صلى الله عليه وسلم قال: «من ولد له مولود فأذّن فى أذنه اليمنى و أقام فى اذنه اليسرى، لم تضره أم الصبيان».

Hasan ibn Alidan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Kim farzandli bo‘lsa, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytsa, unga ummus sibyon zarar bermaydi», dedilar.

Hadisdagi «ummus sibyon» shayton bo‘lib, u bolalarga zarar yo kasallik keltirishini muhaddislar aytishgan.

Chaqaloq qulog‘iga azon bilan takbir aytishdan maqsad, bola dunyoda birinchi eshitadigan ovoz va so‘z Allohning muborak ismi bo‘lishidir. Shuningdek, ushbu azon va iqomat sababidan bola turli balo va dardlardan salomat qoladi, unga shayton tahdid qilmaydi. Chunki shayton azon ovozidan tumtaraqay qochadi.

 

 

KЕYINGI HAFTA MAVZULARI:

 

Tahnik qilish;

Chiroyli ism qo‘yish;

Bolaning sochini olish;

Aqiqa qilish;

O‘g‘il bolani xatna qilish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   123   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.

Maqolalar