OILADA FARZAND TUG‘ILDI...
Alloh taolo xohlagan bandasiga farzand berishini aytgan:
لِّلَّهِ مُلۡكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ يَخۡلُقُ مَا يَشَآءُۚ يَهَبُ لِمَن يَشَآءُ إِنَٰثٗا وَيَهَبُ لِمَن يَشَآءُ ٱلذُّكُورَ أَوۡ يُزَوِّجُهُمۡ ذُكۡرَانٗا وَإِنَٰثٗاۖ وَيَجۡعَلُ مَن يَشَآءُ عَقِيمًاۚ إِنَّهُۥ عَلِيمٞ قَدِيرٞ
«Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga (xos)dir. (U) xohlagan narsani yaratur. Xohlagan kishisiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illarni hadya etur. Yoki ularga o‘g‘illar va qizlarni qo‘shib berur va xohlagan kishisini farzand ko‘rmaydigan qilib qo‘ygay. Albatta, U (buning hikmatini) biluvchi va (o‘zi xohlagan narsani yaratishga) qodirdir» (Sho‘ro, 49–50).
Allohning ushbu oyatda aytilgan qudrati insoniyat hayotida o‘z haqiqatini topgan va topmoqda. Oli Imron surasida «Albatta, Isonning (otasiz tug‘ilish) misoli, Alloh nazdida bamisoli Odam (alayhissalom) kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra unga «Bo‘l!» dedi, bas, (u) bo‘ldi» (59), deb aytilgani kabi, insonni ota-onasiz yoki Iso (alayhissalom) kabi otasiz yaratishga Alloh taolo qodir. Yoki Momo Havoni yaratgani kabi bitta erkakdan, ya’ni ayol ishtirokisiz ham insonni yarata oladi. Yoki ota va ona ishtirokida odamlarni dunyoga keltirishi ham Uning qudratidandir. Ota va ona bor bo‘laturib, farzand bo‘lmasligi ham bu qudratning ulug‘ligidandir. Alloh taolo nimani xohlasa, shu bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.
Oyati karimada aytilganidek, Alloh taolo O‘zi xohlaganiga faqat qizlar in’om etadi, xohlaganiga esa faqat o‘g‘il farzandlar ato etadi, xohlaganiga farzandlarni aralashtirib beradi va xohlaganini bepusht qilib qo‘yadi.
Farzand ato etish Alloh taoloning ixtiyorida bo‘lgani uchun hatto payg‘ambarlarga ham bir xil jinsda yoki bir xil miqdorda farzand berilmagan. Masalan, Lut va Shuayblarga (alayhimussalom) faqat qiz farzandlar, Ibrohimga (alayhissalom) faqat o‘g‘il farzandlar, Muhammadga (alayhissalom) ham qiz, ham o‘g‘il farzandlar bergan, Yahyo va Isoga (alayhimussalom) esa farzandsiz bo‘lishlarini iroda etgan.
Bu ilohiy taqsimot bandalarining sinovi uchundir. Binobarin, bandasidan ne’matga shukr va musibatga sabr matlubdir.
Ibn Kasir (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Alloh taolo insonni to‘rt qismdan iborat qilib yaratdi: ba’zilari faqat qiz farzand ko‘radi; ba’zilari faqat o‘g‘il ko‘radi; boshqalari undan ham, bundan ham bahramand bo‘ladi; ba’zilari umuman farzand ko‘rmaydi».
Qozi Bayzoviy aytdilar: «Yuqorida keltirilgan oyatdan maqsad, farzand ko‘rish yo ko‘rmaslik Alloh taoloning amri ekanini uqtirishdir. Chunki Parvardigor qaysi banda farzand ko‘rsa yoki ko‘rmasa, nima bo‘lishini yaxshiroq biladi. Qaysi bandasiga farzand berish yo bermaslik Allohning xohishi bilan bo‘ladi».
Yangi turmush qurgan kelin-kuyovning eng ezgu orzusi farzandli bo‘lishdir. Ayniqsa, ular ilk farzandlarini nihoyatda intizor, intiqlik bilan kutishadi. Mana, nihoyat, orzular ushaldi, ulug‘ niyatlar ro‘yobga chiqdi, Alloh taolo yosh oilaga farzandi arjumand ato etdi. Ulug‘ muallim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oilada yangi chaqaloq tug‘ilganida nimalar qilish kerakligini hadisi shariflarida batafsil ko‘rsatib berganlar. Bu ko‘rsatmalar, jumladan, quyidagilardan iborat.
FARZAND XURSANDCHILIGI
Eng avvalo, bola tug‘ilishi bilan xursandchilik qilinib, birinchi navbatda uning otasidan suyunchi olinadi. Chunki ota birinchi bo‘lib farzandli bo‘lganini eshitsa, unga nisbatan mehri oshadi. Agar bir kishiga xotini tuqqani haqida xushxabar yetkazilsa, farzandni Alloh taolo in’om etgan ulug‘ ne’mat deb bilishi, darhol Allohga hamd aytishi sunnatdir.
Alloh taolo Ibrohimga (alayhissalom) xushxabar berib, bunday deydi:
وَلَقَدۡ جَآءَتۡ رُسُلُنَآ إِبۡرَٰهِيمَ بِٱلۡبُشۡرَىٰ قَالُواْ سَلَٰمٗاۖ قَالَ سَلَٰمٞۖ فَمَا لَبِثَ أَن جَآءَ بِعِجۡلٍ حَنِيذٖ فَلَمَّا رَءَآ أَيۡدِيَهُمۡ لَا تَصِلُ إِلَيۡهِ نَكِرَهُمۡ وَأَوۡجَسَ مِنۡهُمۡ خِيفَةٗۚ قَالُواْ لَا تَخَفۡ إِنَّآ أُرۡسِلۡنَآ إِلَىٰ قَوۡمِ لُوطٖ وَٱمۡرَأَتُهُۥ قَآئِمَةٞ فَضَحِكَتۡ فَبَشَّرۡنَٰهَا بِإِسۡحَٰقَ وَمِن وَرَآءِ إِسۡحَٰقَ يَعۡقُوبَ
«Ibrohimga elchilarimiz (farzandli bo‘lishi haqida) xushxabar keltirdilar va «Salom!» dedilar. U ham «Salom!» dedi-da, hech qancha vaqt o‘tmay, bir buzoq (go‘shtining) kabobini keltirdi. Unga (taomga) qo‘l cho‘zmaganini ko‘rgach, (Ibrohim) ulardan yotsiradi va ulardan qattiq qo‘rqib ketdi. (Ular) dedilar: «Qo‘rqma! Biz Lut (qavmi)ga yuborilganmiz». Xotini (Sora) turgan edi, kulib yubordi. Unga Is'hoq (nomli farzand) va Is'hoqning orqasidan Ya’qub (ismli nabira berishimiz) haqida xushxabar berdik» (Hud, 69–71).
Boshqa oyatda Zakariyoga (alayhissalom) xushxabar beradi:
فَنَادَتۡهُ ٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ وَهُوَ قَآئِمٞ يُصَلِّي فِي ٱلۡمِحۡرَابِ أَنَّ ٱللَّهَ يُبَشِّرُكَ بِيَحۡيَىٰ مُصَدِّقَۢا بِكَلِمَةٖ مِّنَ ٱللَّهِ وَسَيِّدٗا وَحَصُورٗا وَنَبِيّٗا مِّنَ ٱلصَّٰلِحِينَ
«So‘ngra, masjidda turib namoz o‘qiyotganida, farishtalar unga nido qilib, dedilar: «Alloh senga Yahyo (ismli farzand) xushxabarini bermoqdakim, u Allohning so‘zini tasdiq etadigan, (o‘z qavmiga) peshvo bo‘lib, (shahvatlardan) o‘zini tiyadigan solih payg‘ambarlardan (bo‘lur)» (Oli Imron, 39).
Maryam surasida esa:
يَٰزَكَرِيَّآ إِنَّا نُبَشِّرُكَ بِغُلَٰمٍ ٱسۡمُهُۥ يَحۡيَىٰ لَمۡ نَجۡعَل لَّهُۥ مِن قَبۡلُ سَمِيّٗا
«(Alloh aytdi): «Ey Zakariyo! Biz senga bir farzand xushxabarini berurmiz; uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biror (kimsani) hamnom qilgan emasmiz», deyilgan (7).
Farzandning tug‘ilishi nafaqat uning ota-onasi, balki barcha qarindosh-urug‘lar, yaqinlar uchun ham chinakam quvonchli hodisadir. Shuning uchun u tug‘ilgan zahoti Allohga maqtov va shukronalar aytib, bu haqda hammaga ma’lum qilinadi. Boshqalar ota-onani yangi mehmon bilan qutlashadi, unga uzoq umr, sihat-ofiyat va ezgu tilaklar tilashadi.
Siyrat kitoblarida aytilishicha, tug‘ilgan bola bois xursandchilik qilish lozim. Abu Bakr ibn Munzir aytadi: Hasan Basriyning oldiga bir kishi kelib, uning huzurida hozirgina farzandli bo‘lgan kishini ko‘radi. Hasan Basriy unga: «Bola muborak bo‘lsin! Uni bergan Allohga shukr qil, yaxshilik bilan siylabdi», deydi.
Ayniqsa, qiz bola tug‘ilganida ko‘proq xursand bo‘lishingiz lozim. Chunki qiz farzand o‘sha xonadonga yaxshilik va mas’udlik olib keladi, xotinning barakotlisi ilk farzandi qiz bo‘lganidir.
Ba’zilar faqat o‘g‘il ko‘rishni istashadi, qiz bola tug‘ilganida esa sevinish o‘rniga hafsalalari pir bo‘lib, hatto xotinlarini ayblashgacha borishadi. Bu mutlaqo noto‘g‘ridir. Aksincha, agar qiz farzand tug‘ilsa, ota-ona ziyodaroq xursand bo‘lishi zarur.
Alloh taolo bunday marhamat etgan:
يَهَبُ لِمَن يَشَآءُ إِنَٰثٗا وَيَهَبُ لِمَن يَشَآءُ ٱلذُّكُورَ
«…Xohlagan kishiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishiga o‘g‘illarni hadya etur...» (Sho‘ro, 49).
Qur’oni karimda qiz bolaning o‘g‘il boladan oldin zikr etilishi ham qiz farzandning o‘g‘ilga nisbatan barakali va fazilatli ekaniga ishoradir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Birinchi farzandi qiz bola bo‘lgani ayolning barakotli, baxtli va sharofatli ekaniga dalolatdir».
EMIZISH (RAZO’)
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning emishi (razo’) o‘tmishda ham, hozirda ham eng dolzarb masalalardan bo‘lib kelyapti. Yaqin o‘tmishimizda ko‘pchilik emizishning, ona sutining hikmatidan bexabarlikda, bu muhim ishga e’tiborsiz bo‘lib qolgan edi. Tug‘ruqxonalarda suti kam onalarning bolalari suti ko‘p boshqa onalar suti yoki sun’iy oziqlar bilan boqilar edi. Sut bergan onaning kimligi noma’lum qolardi. Mustaqil bo‘lganimizdan keyin bu noto‘g‘ri ishga barham berildi.
«Razo’» so‘zining ma’nosi «sut emish»dir. Shariatda razo’ deyilganida bolaning boshqa ayol ko‘kragidan ikki yoshgacha sut emishi va buning hukmlari bilan bog‘liq masalalar tushuniladi. Chaqaloq ikki yoshgacha onasidan boshqa ayolni emsa yoki uning suti ichirilsa, razo’ hukmi sobit bo‘ladi. Bunda sut miqdorining farqi yo‘q, bir tomchi sut kirsa ham razo’ sobit bo‘ladi. Razo’ hukmiga ko‘ra, begona ayol sutini emgan bolaga o‘sha ayol ona, ayolning eri ota hukmida bo‘ladi. Sut emgan bola shu er-xotinning asl farzandlaridek, ularning o‘z farzandlari esa bu bolaga mahram hisoblanadi. Sut emgan bola o‘g‘il yoki qiz bo‘lishidan qat’i nazar, shu mahramlariga nikohlanishi mutlaqo mumkin emas. Halol va harom masalasida emikdoshlikka ham alohida e’tibor beriladi.
Shariatimiz onalarga bir necha vazifalarni yuklaydi. Jumladan, ular farzand sog‘lom o‘sishi uchun uni tarkibida barcha zarur moddalarni mujassamlashtirgan ona sutidan mahrum qilmasliklari zarur. Chunonchi, Qur’oni karimda yangi tug‘ilgan farzandning onadagi haqi bunday bayon qilinadi:
۞وَٱلۡوَٰلِدَٰتُ يُرۡضِعۡنَ أَوۡلَٰدَهُنَّ حَوۡلَيۡنِ كَامِلَيۡنِۖ
«Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar...» (Baqara, 233).
Oyati karimada chaqaloqni ikki yoshigacha ona suti bilan emizish naqadar foydali ekaniga ishorat etilmoqda. Lekin shariat bo‘yicha ona emizishga majbur qilinmaydi, bunga boshqa emizadigan ayollarni yollash ham mumkin. Bu odat arablarda keng tarqalgan edi. Muhammad (alayhissalom) onalari tirik bo‘laturib, Sa’d qabilasiga mansub Halima ismli ayolga emizdirilganlari, tarbiyasiga berilganlari Islom tarixidan ma’lum.
Sut ona yollashda uning sog‘lom, sersut, xulqi va odobi namunali, o‘zi aqlli bo‘lishiga alohida e’tibor berish kerak, chunki emizuvchi ayolning fe’l-atvoridagi illat va fazilatlar bolaga ham ko‘chishi aniqlangan.
Ulamolar o‘rtasida «Ona o‘z farzandini emizishga majburmi yoki majbur emasmi?» degan masala ham bor. Abu Hanifa (rahmatullohi alayh): «Agar bola onasidan boshqani emmasa yoki onasidan boshqa emizadigan ayol bo‘lmasa yoxud ota boshqa emizadigan ayolga berish uchun ijara mablag‘iga ega bo‘lmasa, ona bolani emizishga majbur qilinadi», deganlar. Chunki emish bolaning nafaqasi hisoblanib, unga ketadigan barcha nafaqa otaning burchidir. Bu masalada ham ayolning erki, ozodligi, shaxsiy huquqi e’tiborga olingani va tuqqan onasi «men bolamni emizmayman» desa, uni ayblash noo‘rin ekani bilinadi. Imom Molik (rahmatullohi alayh) esa: «Tuqqan ona bolasini emizishga majburdir», deydilar.
Ammo ba’zi onalar ham bor, suti kamligi, qomati buzilishi, ishi ko‘pligi kabi sabablarni bahona qilib, bolasini emizish o‘rniga sun’iy sut va bo‘tqalar bilan boqishni afzal ko‘rishadi. Tabiatdagi hech narsa ona suti o‘rnini bosolmaydi, buni zamonaviy tibbiyot ham isbotlagan. Hadisi sharifda: «Bola uchun ona sutidan yaxshiroq ozuqa yo‘q», deyilgan.
Xalqimizning o‘ziga xos bir go‘zal fazilati va xususiyati bor – hech bir ona bolasini sababsiz, uzrsiz emizishdan bosh tortmaydi. Darhaqiqat, zarurat bo‘lmagan taqdirda muddatidan oldin ona sutidan boshqa sut yoki mahsulot bilan boqishga o‘tish bolaning sog‘lom, barkamol o‘sishiga salbiy ta’sir etishini zamonaviy tibbiyot ta’kidlaydi.
CHAQALOQ QULOG‘IGA AZON AYTISH
Yangi tug‘ilgan chaqaloq oppoq matoga o‘raladi, chunki dinimizda matolarning eng afzali oq ranglisi ekani aytilgan. Tezda o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytish, Parvardigordan farzandiga ixlos va e’tiqod bilan dunyo hamda oxirat yaxshiliklarini so‘rash lozim. Bu haqda ushbu hadis vorid bo‘lgan:
عن أبى رافع أنه قال: رأيت رسول الله صلى الله عليه وسلم أنه أذن فى أذن الحسن بن علي حين ولدته فاطمة
Abu Rofe’dan rivoyat qilinadi: «Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Fotima va Alining o‘g‘illari Hasan tug‘ilganida quloqlariga azon (va takbir) aytganlarini ko‘rdim».
Boshqa hadisda bunday deyiladi:
عن ابن عباس رضى الله عنهما أن النبي عليه السلام أذن فى أذن الحسن ابن علي يوم ولد وأقام فى أذنه اليسرى
Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hasan ibn Ali tug‘ilganida (o‘ng) qulog‘iga azon aytib, chap qulog‘iga takbir aytdilar».
عن الحسن بن على عن النبى صلى الله عليه وسلم قال: «من ولد له مولود فأذّن فى أذنه اليمنى و أقام فى اذنه اليسرى، لم تضره أم الصبيان».
Hasan ibn Alidan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Kim farzandli bo‘lsa, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytsa, unga ummus sibyon zarar bermaydi», dedilar.
Hadisdagi «ummus sibyon» shayton bo‘lib, u bolalarga zarar yo kasallik keltirishini muhaddislar aytishgan.
Chaqaloq qulog‘iga azon bilan takbir aytishdan maqsad, bola dunyoda birinchi eshitadigan ovoz va so‘z Allohning muborak ismi bo‘lishidir. Shuningdek, ushbu azon va iqomat sababidan bola turli balo va dardlardan salomat qoladi, unga shayton tahdid qilmaydi. Chunki shayton azon ovozidan tumtaraqay qochadi.
KЕYINGI HAFTA MAVZULARI:
Tahnik qilish;
Chiroyli ism qo‘yish;
Bolaning sochini olish;
Aqiqa qilish;
O‘g‘il bolani xatna qilish;
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.