Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatori, diniy-ma’rifiy jabhada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimiz mo‘min-musulmonlari o‘z ibodatlari, diniy marosimlarini emin-erkin ado etayaptilar. Har yili minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra ibodatlarini ado etib kelmoqdalar.
Istiqlolgacha sanoqli kishilar muborak ziyoratlarga borish baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsa, mustaqillik yillarida minglab fuqarolarimiz ushbu baxtga muvaffaq bo‘lmoqdalar.
Hozirda Haj va Umra ziyoratlarining tashkiliy ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyun kunidagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Dastlab, yurtimiz fuqarolarining muqaddas ziyoratga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning tashabbuslari bilan Jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlanganini eslab o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ma’lumot uchun so‘nggi yillarda umra ziyoratiga borayotganlarning soni 10 000 nafardan oshmagan edi. Avvallari fuqarolarimiz umra safariga borish uchun yillab navbat kutishar, boshqa yo‘llar bilan borish imkoniyatlarini qidirishar edi. Endilikda, ortiqcha ovoragarchilik va yugur-yugurlarga barham berildi.
Shu o‘rinda 2019 yil umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqildi va har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ o‘tgan mavsumda umra safari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdoridan arzonlashtirildi. Ya’ni 11 600 000 so‘mdan 11 450 000 so‘mga tushirildi.
Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Joriy yil sentyabr oyidan boshlab SAP haj va umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo‘shimcha 132 AQSH dollari miqdorida mablag‘ joriy etilmoqda. Yuqoridagi xarajatlar smetasiga ushbu mablag‘ kiritilmagan. Kelishuvga ko‘ra, mazkur qo‘shimcha mablag‘ umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan keyingi shartnomada qo‘shilishi belgilab olindi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati tomonidan haj va umra sohasida chet el ziyoratchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilib, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi ya’ni elektron platforma joriy qilingan.
Yangi tizim to‘liq ishga tushirilmaganligi sababli
20 kun SAPga kirish vizasi faoliyati to‘xtab qolgan. Shu yilning 25 sentyabr kunidan boshlab elektron platforma orqali dastlab kichik guruhli (5-25 nafar) umra ziyoratchilariga “V2S” turdagi kirish vizalari rasmiylashtirish boshlangan.
Lekin, umra ziyoratiga kelishi rejalashtirilayotgan hukumatlararo kelishuv asosidagi katta guruhlarga esa mazkur portalning to‘liq ishga tushirilmaganligi sababli “V2V” turdagi viza berish tizimi hozirgacha ishga tushmaganligi haqida rasmiy bildirildi. Ushbu turdagi kirish vizasini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha amaliy ishlar amalga oshirilib, jarayon shay holga keltirilgan. SAPdagi hamkorlar tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga yetgan. Barcha shart-sharoitlar hozirlab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlar va OAVda fuqarolarimiz tomonidan berilayotgan turli savollarga javob tariqasida, yuqorida zikr etilgan kirish vizasi bilan bog‘liq masalalar tez orada hal etilgandan so‘ng, umra safariga otlangan birinchi guruh ziyoratchilarimizning Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketish kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, har bir ziyoratchi uchun to‘lanadigan mablag‘ ichiga:
Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi;
Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta;
Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona;
oshpazlar tomonidan tayyorlanadigan tansiq taomlar; sarxil mevalar, shirinliklar, salqin ichimliklar;
24 soatlik bepul to‘liq tibbiy xizmat;
mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka;
Umra qo‘llanmasi (kitobi), beyjik, qo‘l tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan.
E’tiborli jihati, so‘nggi 2-3 yil ichida Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan Haj va Umra safariga boradigan fuqarolarimiz uchun yaratiladigan shart-sharoit va xizmatlarga alohida e’tibor qaratildi hamda sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, o‘tgan yildan buyon ziyoratchilarimizga Madina shahrida “Masjidun Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Pulman Zam-zam”, Makka shahrida esa “Masjidul haram”dan 600-650 metr uzoqlikdagi 4 yulduzli “Abroj al-Kisva” mehmonxonasi xizmat ko‘rsatmoqda.
Ziyoratchilarimiz uchun mehmonxonalarda yuqori darajadagi servis yo‘lga qo‘yilib, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari joriy etildi.
Shu o‘rinda, Umra safari davomida ziyoratchilarimizga xizmat ko‘rsatish, ularning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun bilimli, tajribali guruh rahbarlari saralab olinganini ham alohida qayd etish lozim.
O‘z navbatida, tayyorgarlik va tashkiliy ishlarni o‘z vaqtida, tizimli va tartibli amalga oshirish uchun Makka shahrida 3 nafar va Madinada 2 nafar jami 5 nafar ishchi guruhi xizmat ko‘rsatishini ma’lum qilamiz.
Ma’lumot uchun, Umra ziyorati 10 kunni tashkil etib, yurtdoshlarimiz 3 kun Madinai munavvara, 7 kun Makkai mukarrama shahrida bo‘ladilar.
Umra safari davomida ziyoratchilarga o‘zbekistonlik
5 nafar ishchi guruhi, 200 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 47 nafar shifokor xizmat ko‘rsatadi.
Umra safariga otlanayotgan yurtdoshlarimizning safarlari bexatar, amallari maqbul, eson-omon, sog‘-salomat oila a’zolari bag‘riga qaytib kelishlarini Yaratgandan so‘rab qolamiz.






Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati