20 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” fondi faoliyati haqida yana asossiz xabarlar tarqaldi. Biz ushbu xabarlarda nima deyilgani, qanday yolg‘on to‘qilgani to‘g‘risida to‘xtalmoqchi emasmiz.
Fond tomonidan shu yil 9 oyi davomida bajarilgan eng asosiy xayriya ishlarni bayon qilamiz, xulosa esa Siz azizlardan.
1593 nafar fuqaroga moddiy yordam berildi
1593 nafar kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarga 1 milliard 841 million 587 ming so‘mlik moddiy yordam hamda 80 million so‘mlik 40 dona nogironlik aravachalari tarqatildi.
3 kishining turar joyi ta’mirlandi
Yordamga muhtoj 3 nafar fuqaroning uylari 8 923 000 so‘mlik Fond mablag‘lari va homiylarni jalb etgan holda qayta ta’mirlandi.
770 ta imomga 370 million so‘m oylik maosh berildi
“Vaqf” fondi tomonidan shu yil yanvar oyidan boshlab joylardagi 770 ta olis hududda joylashgan va kam daromadli masjidlar imom-xatiblariga oylik maoshlari uchun har oy 370 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratilmoqda.
“Modul” yangi diniy ta’lim tizimiga 190 million so‘m ajratildi
Toshkent islom institutida yangi tashkil etilgan “Modul” ta’lim tizimida joylardagi masjidlarda mehnat qilayotgan o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan imomlarni oliylashtirish boshlandi. Shu munosabat bilan 60 o‘ringa mo‘ljallangan dars xonalar, o‘quv predmetlari, ta’lim dastgohlari, oshxona va yotoqxona uchun 190 million so‘m mablag‘ sarflandi.
8 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’mindi
Shu yil fevral oyida Surxondaryo viloyatidagi “Bog‘i Obod”, “Sebzor” va “Ehtirom” mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’mindi. Bu ishlarga jami 70 000 000 (yetmish million) so‘m sarflandi.
157 million so‘mlik Ramazon tuhfalari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Ramazon oyida 157 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
2 milliard so‘m zakot mablag‘lari haqdorlarga yetkazildi
Ramazon oyida 2 milliard so‘m zakot va xayriya mablag‘lari haqdorlarga yetkazdi.
70 ta yirik va 260 ta kichik qoramol go‘shtlari ulashildi
Fond va hududiy fililallar tomonidan “Qurbonlik – 2019” xayriya tadbirlari tashkil etilib, ular doirasida 70 ga yaqin yirik va 260 ga yaqin kichik qoramol qurbonlik qilindi. Yigirma mingga yaqin kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarga qurbonlik go‘shtlari taqsimlab berildi.
Muruvvat karvoni
“Muruvvat karvoni” xayriya tadbirida 200 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari taqdim qilindi. Tadbirlar doirasida jami 190 million so‘m mablag‘ sarflandi.
3000 dona Qur’oni karim hadya qilindi
“Hilol-nashr” nashriyotida chop etilgan 93 million so‘mlik 3000 dona Qur’oni karim kitoblari barcha viloyatlardagi jome masjidlarga hadya qilindi.
14 million so‘mlik kitob ulashildi
14 million so‘mlik diniy kitoblar Navoiy viloyatidagi 15 ta masjidga yetkazildi. Toshkent shahridagi “Suzuk ota” masjidi kutubxonasi uchun 3,7 million so‘mlik diniy kitoblar taqdim etildi.
O‘quv-to‘lov shartnomalari to‘landi
Toshkentdagi Xadichai Kubro o‘rta maxsus ayol-qizlar islom bilim yurtining 10 nafar talaba qizlariga 2-semestr uchun 27 050 000 so‘m o‘quv shartnoma puli to‘lab berildi.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtining 5 nafar ehtiyojmand talabasiga 16 250 000 so‘mlik o‘quv-shartnoma puli to‘lab berildi.
Buxoro viloyatidagi “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtiga 30 million so‘mlik 10 dona kompyuter jamlanmasi berildi.
Oqqon bemorlarga dori-darmon berildi
Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan oq qon (leykoz) kasalligi bilan kasallangan bemorlarning 85 nafariga 137 million so‘m yordam pullari berildi.
70 million so‘m surdo tarjimaga sarflandi
Eshitish va gapirishda nuqsoni bor fuqarolar uchun barcha viloyatlarda juma ma’ruzalarini surdo tarjimalarini namoyish qilish loyihasi bo‘yicha 70 million so‘m mablag‘ ajratildi.
7 ta nikoh va 35 ta sunnat to‘yi
Navoiy shahrida homiylar yordamida 7 ta nikoh va 35 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi. Yosh oilalarga xayriya tariqasida 3 500 000 so‘mlik elektr-texnika jihozlari, sunnat to‘yi o‘tkazilayotgan bolalarga esa velosiped va kiyim-kechaklar yetkazib berildi.
“Vaqf-med” dorixonalari
Toshkent shahridagi “Oltintepa” mahallasi hududida birinchi “Vaqf-med” dorixonasi tashkil etildi. Savdodan tushgan mablag‘ vaqf mulklarini shakllantirish va xayriya ishlariga yo‘naltirilmoqda. Ayni paytda dorixonani dori mahsulotlari bilan boyitish ishlari olib borilmoqda.
Non va non mahsulotlari
Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bir kunda 2 ming dona qolipli non ishlab chiqarilmoqda. O‘z navbatida aytish kerakki, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘ziga xos qat’iy talablari bo‘lgani bois, ushbu sharoitlarni hozirlash uchun mazkur sex bir necha kun faoliyat olib bormadi. Shuningdek, ushbu sexga toza ichimlik suvi olib kelish uchun ham bir necha kun sarflandi. Ayni kunlarda sexning faoliyati bir maromda davom etmoqda.
Vaqf yerlari
Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 16 gektar Fondga ajratilgan yer maydonida bugungi kunda limon va kungaboqar ekinlari parvarishlanmoqda.
O‘z navbatida aytish kerakki, “Vaqf” fondi Ustavi faoliyatiga asosan vaqf mulklarini shakllantirish uchun ishlab chiqarish korxonalari, savdo do‘konlari va xizmat ko‘rsatish shahobchalari ochish mumkin. Tushgan daromadning tegishli qismi xayriya ishlariga yo‘naltiriladi.
Ziyoratgohlarni obod qilish
2018 – 2019 yillar davomida ziyoratgohlarni qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish, kommunal to‘lovlarni to‘lash va 750 nafarga yaqin ziyoratgohlarda mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning ish haqlari va boshqa xarajatlarga jami 17,1 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan.
Homiylar mablag‘larini jalb etish va yo‘naltirish
O‘z navbatida aytish kerakki, “Vaqf” fondi hisob raqamlariga tushgan mablag‘lardan tashqari Fond mas’ullarining sa’y-harakatlari va qo‘li ochiq kishilarning muruvvatlari bilan ham juda katta xayriya ishlari amalga oshirilmoqda. Masalan, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlarining eng olis va chekka hududlarida joylashgan bir necha masjidlarning bunyod etish ishlariga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ miqdoridagi qurilish materiallari yetkazilgan.
Xulosa
Yurtimizdagi o‘zgarishlar natijasida yuz yildan keyin tiklangan, endigina 1,5 yoshga to‘lib-to‘lmagan “Vaqf” fondini barchamiz qo‘llab-quvvatlaylik!
Fond faoliyati shaffof bo‘lib, mablag‘lar aylanishi va sarf-harajatlarini onlayn kuzatish mumkin.
Har qanday sa’y-harakat bor joyda xato bo‘lishi mumkin, ish-harakatsiz joydagina nuqson bo‘lmaydi.
Shunday ekan Siz azizlarning Fond ravnaqi yo‘lida bergan har bir taklif va mulohazalaringizni samimiy qabul qilamiz.
Haq taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin!
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
Tirikmisiz? Hayotning qadriga yeting.
Charchadingizmi? Alloh yaratgan tabiat qo‘yniga chiqing dam oling, tafakkur qiling!
Yiqildingizmi? Allohdan sabr va kuch so‘rab, o‘rningizdan turing.
Sizdan so‘rasalar, o‘ylanmay beravering. Zero, hamma narsa Allohniki. Alloh vaqtinchalik sizga berib turibdi, xolos. O‘rni bo‘lsa, muhtojlarga ulashib, savobini olib qoling.
Sizni qadrlamasalar xafa bo‘lmang, qadrlashlarini so‘ramang ham. Ammo sha’ningiz toptalgan joyda qolmang.
O‘rgatsalar, o‘rganing saboq oling. Hayot sinovlari oldida yengilmang. Kurashib yashang. To hayot ekansiz, har bir ne’matning shukrini qiling. Bu foniy olamda hammasi sinov ekanini esdan chiqarmang.
Akbarshoh Rasulov