14 sentyabr kuni «Hilol-nashr» nashriyotida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning navbatdagi kitobi taqdimoti o‘tkazildi. U kishining qalamiga mansub ushbu kitob «Olam va odam, din va ilm» deb nomlangan.
Taqdimot tadbiri an’anaga muvofiq Qur’oni karim tilovati va duoi xayrlar qilish bilan boshlandi. So‘ngra so‘zga chiqqanlar mazkur kitobning yozilish tarixi, unda ko‘tarilgan masalalar, jamiyat va inson hayotidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
«Olam va odam, din va ilm» muallifning vafotidan keyingi nashr qilingan to‘rtinchi kitobi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning o‘g‘li Ismoil Muhammad Sodiq muallif hayotligida ta’lif va tarjima qilgan va vafotidan keyin nashr etilayotgan kitoblar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, 2 ta tarjima kitoblari ham nashr qilingan. Bundan tashqari hali nashr qilinmagan 2 ta ta’lif va 13 ta tarjima — jami 15 ta kitoblari bor. «Islomda uch balo: Islom giyohvandlik, aroqxo‘rlik va kashandalikka qarshi» nomli kitobni o‘zlari ta’lif qilgan. Shuningdek, umrlari oxirida qazo va qadar nomli kitob ham yozgan. Tarjima kitoblardan aksari ulamolarning asarlaridan qismlarni masjid imomlari, madrasa mudarrislariga o‘tilgan darslar asosida tuzilgan. Xususan, ulardan biri Hakim Termiziyning «Nodir asarlar» va «Yangi hayot» deb tarjima qilingan «Muridlar odobi» kitoblaridir. Shuningdek, zamonamiz ulamolaridan bo‘lgan shayx Taqiy Usmoniyning «Zamonaviy fiqhiy muomalalar bahslari» deb nomlangan kitoblari ham hazrat tomonidan tarjima qilingan.
Hazrat bu kitobni 2014 yil 4 iyul juma kuni yozib tugatgan. Mana oradan besh yildan ziyod vaqt o‘tib ushbu kitob nashr qilindi».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Zaifligimizni tan olsak, shundan keyin Alloh taolo kuch-qudrati bilan bizni qo‘llab-quvvatlaydi, muhtoj va qashshoqligimizni anglab yetsak, U o‘z boyliklari bilan bizga yanada ko‘proq yordam beradi. Kim Allohga o‘zining doimiy ehtiyoji borligini, faqirligini, shikastaligini, ojizligini mujassamlashtirib namoyon eta olsa, Alloh uni ulug‘ davlatga, ya’ni o‘zidan boshqa hech kimdan hech narsa so‘ramaslik sharafiga muyassar etadi. Axir chindan ham qulning Allohdan boshqa panohi va najoti bo‘lishi mumkin emas-ku...
Kimda-kim Alloh nazdida o‘zining bandalik (ubudiyya) sifatini namoyon etib, davomli tarzda Uning zikri bilan mashg‘ul bo‘lsa, Alloh uni o‘z rububiyati (hokimiyati) bilan qo‘llaydi, zero, zikr — bu bandalikning haqiqiy sifatlarini ohanraboday o‘ziga tortadigan bir amaldir.
Qachonki inson chin dildan o‘ziga Allohning haqiqiy bandasi bo‘lishlikni tilab qolsa, Alloh ham o‘z navbatida uni yana-da quvvatlab, rag‘batini ziyoda eta boshlaydi. Bandaga yetgan va u guvoh bo‘lgan bunday qo‘llab-quvvatlashlik esa Alloh taolo mehribonchiligining maydagina bir qismi, xolos.
Agar banda mana shu tarzda o‘zining bandalik sifatlarini, qashshoqligini va Allohga bo‘lgan muhtojligini ko‘paytirib borsa, Yaratgan ham o‘zining lutfu ehsonlarini tezda ko‘paytira boshlaydi. Modomiki, shunday ekan, Yaratganning lutf-karamiga talpingan va zudlik bilan unga erishmoqchi bo‘lgan kishi Unga muhtoj ekanligini samimiy iqror etsin.
Yaratgan Qur’oni Majidda marhamat qiladi: “Darhaqiqat, sadaqalar muhtojlar uchundir” (Tavba surasi, 60-oyat).
Alloh ma’naviy darajalarga erishganlarga o‘zining ehsonlarini ko‘paytirgani sari ularning bandalik sifatlari ham quvvatlanib, iymonlari kuchayib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularni Yaratganga taqarrub va yaqinlik manzili tomon eltadi.
Shu bilan birga, bunday odamlarning jamiyatdagi obro‘-e’tiborlari ko‘tarilib, ularning hilmu kamtarliklari kamolga yetadi. Bu narsa ularni mo‘minlar oldida o‘ta bir kamtarin suratda namoyon etsa, dinsizlar oldida ularning viqoru haybatlarini oshiradi.
Ba’zan solihlar ham nafsning istaklarini vaqti-vaqti bilan qondirib turadilar va kezi kelganda buning uchun chin ko‘ngildan minnatdor ham bo‘ladilar. Chunki bunday kishilar oldida nafs mehribonchilik va marhamat ko‘rsatishlikka muhtoj bir maxluqqa aylanib qolgan. Shu bois uni xuddi yosh bola kabi gohi-gohida sovg‘a-salomlar bilan yupatib turmasa bo‘lmaydi. Odatiy holatda esa bu zotlar payg‘ambarlar da’vatining ijobati uchun dunyo lazzatlaridan tamomila chekinib, nafslarining xohishlarini o‘ta qattiq darajada chegaralaydilar.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.