Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

20.09.2019 y. Musulmonning musulmon ustidagi haqlari

14.09.2019   7115   14 min.
20.09.2019 y.  Musulmonning musulmon ustidagi haqlari

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ فِى كِتَابِهِ الشَّرِيف "وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ" وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي قَالَ فِى حَدِيْثِهِ الْمُنِيف "الْمُؤْمِنُ لِلْمُؤْمِنِ كَالبُنْيَانِ يَشُدٌّ بَعْضُهُ بَعْضًا" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمِعِينَ أَمَّا بَعْدُ

MUSULMONNING MUSULMON USTIDAGI HAQLARI

Muhtaram jamoat! Dinimiz mo‘min-musulmonlarni bir-birlari bilan aka-ukalardek yaxshi munosabatda bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُون 

سورة الحجرات الاية-10 

ya’ni: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).

Ikki musulmonni o‘rtasini isloh qilish – aslida ularga yordam qilishdir. Chunki ba’zan oddiy tushunmovchiliklar ortidan ham o‘zaro adovatlar kelib chiqadi. Bu borada Alloh taolo musulmonlarni bir-birlariga yordam berishga chaqirib, shunday marhamat qilgan:

 ...وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ

ya’ni: “... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Demak, dinimiz o‘zaro birdamlikka va ezgu ishlarda bir-birimizga ko‘makchi bo‘lishga buyurar ekan, avvalo o‘z haqqimiz hamda zimmamizdagi boshqa musulmonlarning haqlarini ham yaxshi bilmog‘imiz darkor. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"حَقُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ سِتٌّ، قِيلَ مَا هُنَّ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: إِذَا لَقِيتَهُ فَسَلِّمْ عَلَيْهِ، وَإِذَا دَعَاكَ فَأَجِبْهُ، وَإِذَا اسْتَنْصَحَكَ فَانْصَحْ لَهُ، وَإِذَا عَطَسَ فَحَمِدَ اللَّهَ فَشَمِّتْهُ، وَإِذَا مَرِضَ فَعُدْهُ، وَإِذَا مَاتَ فَاتَّبِعْهُ،"

(رواه الامام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Musulmonni (boshqa) musulmonning zimmasidagi haqlari oltitadir”, – dedilar. Shunda: “Ular nimalar, yo Rasulalloh?” – deyildi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Qachon uchratsangiz, unga salom bering; sizni (uyiga mehmonga) chaqirsa, unga ijobat qiling (ya’ni chaqirilgan joyga boring); nasihat so‘rasa, nasihat qiling; aksa ursa va “Alhamdulillah” desa, unga javob qaytaring; bemor bo‘lsa, uni ziyorat qiling; agar vafot etsa, janozasida ishtirok eting”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida ummatlariga bir-birlaridagi haqlarini o‘rgatmoqdalar:

  1. 1. Qachon uchratsangiz, unga salom bering;

Ikki musulmon uchrashganda ularning birlarida ikkinchisiga nisbatan salom berish haqi bor. Ulardan qay biri avval salom bersa, savobning ko‘pini oladi va narigi birodariga alik olishni farz qiladi.

  1. 2. Agar sizni (uyiga mehmonga) chaqirsa, unga ijobat qiling;

Bir musulmon to‘y yoki marosim qilib, biror tanishini taklif qilsa, o‘sha taklifga javoban mazkur marosimga borish – taklif qilinganning musulmonlik burchidir.

  1. 3. Agar nasihat so‘rasa, nasihat qiling;

Qiyin vaziyatga tushgan inson maslahat so‘raganda, unga to‘g‘ri maslahat berish ham musulmonlik burchi hisoblanadi.

  1. Agar aksa ursa va “Alhamdulillah” desa, unga yaxshilik tilang;

Har bir musulmon aksa urganida “Alhamdulillah” deyishi lozim. Uning aksa urib, hamd aytganini eshitgan kishiga esa, unga “Yarhamukallohu” (Alloh sizga rahm qilsin) deb, yaxshilik tilamog‘i – musulmonlik burchidir.

  1. 5. Agar bemor bo‘lsa, uni ziyorat qiling;

Bemor bo‘lgan musulmonni ziyorat qilib, ko‘ngil so‘rab, uning duosini olish –avvalo musulmonlik haqqi, qolaversa – insoniylik burchidir.

  1. 6. Agar vafot etsa, janozasida ishtirok eting;

Vafot etgan musulmonni shariat ahkomlariga muvofiq dafn qilish –musulmonlar zimmasidagi farzi kifoyadir. Shuning uchun biror musulmonning vafoti haqidagi xabarni eshitgan har bir musulmon iloji boricha janozaga qatnashmog‘i lozimdir.

          Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsinki, ota-bobolarimiz ming yillardan buyon mana shunday mo‘min-musulmonchilik haqlariga rioya qilib kelganlar. Mahalladagi boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni xizmatlarida bo‘lish kabi ezgu ishlar xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Hozirgi kunimizda ham milliy-diniy qadriyatlarimiz o‘laroq, mahallalarimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda ayrim imkoniyati cheklangan fuqarolarimizga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Vaqf” fondini tashkil qilinishi ham musulmonlarning bir-birlaridagi haqlarini ado etishlariga zamin yaratdi.

Musulmon inson boshqa musulmonning biror gunoh ish qilayotganidan xabardor bo‘lsa, uni bu ishidan qaytarishi ham – bir mo‘minlik burchidir. Chunki bu – haqiqiy do‘st-birodarlik ramzidir. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى يُحِبَّ لِأَخِيهِ مَا يُحِبُّ لِنَفْسِهِ

(رواه الامام البخاري والامام مسلم)

ya’ni: “ “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqa musulmon uchun ham ravo ko‘rmagunicha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, – dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

So‘fi Olloyor bobomiz ham bu haqda shunday deganlar: 

Xudoning buyrug‘idin toysa nogoh,

Birodarlik o‘shaldur qilsang ogoh.

Musulmon insonning zimmasidagi boshqa musulmonlarning haqlaridan biri – uning tilidan va qo‘lidan boshqalar ozor chekmasligidir. Alloma ibn Rajab rahimahulloh o‘zlarining “Jome’ul ulum val hikam” asarlarida: “Musulmonga har qanday ko‘rinishda,  xoh so‘z bilan, xoh fe’l bilan bo‘lsin, nohaq aziyat berish halol emasligi shariy dalillarda o‘z ifodasini topgan”, – deganlar.

Musulmon insonning boshqalardan uch kundan ortiq arazlamasligi ham musulmonlik haqlaridan hisoblanadi. Afsuski, bugungi kunda arzimagan sabablarga ko‘ra bir-birlari bilan arazlashib yurgan  mo‘min-musulmonlar ko‘zga tashlanib turibdi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi muboraklarida:

لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يَهْجُرَ أَخَاهُ فَوْقَ ثَلَاثٍ، فَمَنْ هَجَرَ فَوْقَ ثَلَاثٍ فَمَاتَ دَخَلَ النَّارَ

 (رواه الامام ابو داود والامام احمد عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni “Musulmon kishiga o‘z birodaridan uch kundan ortiq arazlash halol emas. Kim uch kundan ortiq arazlasa va shu holida vafot etsa, do‘zaxga kiradi”, –  dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).

Musulmonlarning bir-birlaridagi haqlari bir qancha bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini sanab o‘tamiz:

  • Biror musulmonning huzuriga uning iznisiz kirmaslik;
  • Katta yoshlilarni ulug‘lash, ulamolarni hurmat qilish va bolalarga rahmli bo‘lish;
  • Qarzini vaqtida berish;
  • Omonatga xiyonat qilmaslik;
  • Bergan va’dasiga vafo qilish;
  • Qo‘shnichilik haqlariga rioya etish;
  • Musulmon birodarining joni, moli va obro‘siga yetadigan zulmni daf qilish va unga bu ishda yordam berish;
  • Barcha musulmonlarning aybini berkitish;
  • Har bir musulmonga nisbatan tavozeli bo‘lish, ulardan birortasiga mutakabbirlik qilmaslik;
  • Boshqa musulmonlarga nohaq tuhmat qilishdan va o‘zi haqida ham boshqalarni yomon gumonga borishidan saqlash.

Muhtaram jamoat! Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan texnika asrida turmushimizning ajralmas qismiga aylangan avtotransport vositalarini boshqarishda ham bir-birlarimizning haqlarimizga rioya qilishimiz lozim. Ko‘chalarimizga o‘rnatilgan svetoforlarga amal qilish, piyodalar yo‘laklaridan o‘tayotgan piyodalarga yo‘l berish va boshqa yo‘l harakati qoidalariga amal qilish ham musulmonlik burchlarimizdan biridir. Hatto svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlanish – o‘zganing haqqini poymol qilishdir. Demak, nafaqat haydovchilar, balki piyodalar ham yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari talab etiladi. Ayniqsa, avtomobil yo‘llari va ko‘chalarda harakatlanayotgan to‘y kortejlari boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, ularning havfsizligiga rahna solmoqda. Ba’zan bu ayrim ko‘ngilsiz hodisalarni keltirib chiqarmoqda. Aslida bunday dabdababozlik shariatimizda ham, qonunchiligimizda ham qoralangan. Ozgina e’tiborsizlik qilib, boshqa odamlarning haqlarini poymol etib qo‘ymasligimiz zarur.

Darhaqiqat, bugun islohotlar davrida yashayapmiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Joylarda “Xalq qabulxonalari”ning tashkil qilinishi ham tom ma’noda fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, birorta insonning haqqi poymol bo‘lmasligini ta’minlash hamda xalqimizning turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida qilingan ishlardandir.

So‘ngi yillarda o‘nlab yangi masjidlar ochilishi, yuzlab masjidlar esa qayta barpo etilishi, hadis, aqida, fiqh va tasavvuf maktablarining ochilishi va madrasalarda qabul kvotalarining ko‘payishi hukumatimizning mo‘min-musulmonlarga, shak-shubhasiz, yuksak e’tibori hisoblanadi.   

Bunday islohotlarni ko‘rgan har bir musulmonning qalbida shukronalik hissi jo‘sh uradi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak! Chunki, Alloh taoloning ne’matlarini bardavom bo‘lishi ham aynan o‘sha ne’matga shukr keltirish bilan bo‘ladi.

Muhtaram azizlar! Ma’ruzamiz davomida aqidamizga tegishli bo‘lgan vasila qilish masalasi haqida suhbatlashamiz.

Vasila bu – Allohning ism va sifatlari, payg‘ambarlar, sahobalar va solih bandalar, shuningdek yaxshi amallarni  vosita qilib, Alloh taologa duo qilishdir. Bu ish ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, joiz amal hisoblanadi.

Hozirgi kunda soxta salafiylar tomonidan ixtilofga sabab bo‘layotgan masalalardan biri bu – vasila qilish (tavassul) joiz emas, degan da’vodir. Ba’zi firqalar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va solih insonlarni duosida vasila qilayotganlarni kofirga chiqarib, ularga “mushrik” nomini tamg‘a qilib qo‘ymoqdalar.

Ahli sunna ulamolari o‘z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘min insonlarni vasila qilishga amr qilib shunday deydi:

“Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va Unga vasila (vosita) izlangiz” (Moida surasi, 35-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga O‘ziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida vasilani Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar ekani aytilgan.

Usmon ibn Hanif raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Allohga duo qiling, menga shifo bersin”, – dedi. “Xohlasangiz,  duo qilaman. Xohlasangiz, sabr qiling. Busiz uchun yaxshidir”, – dedilar”. “Duo qiling”, – dedi. Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun Parvardigorimga sizni vasila qilib yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil. Shundan so‘ng uning ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati).

Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ko‘zi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vasila qilib so‘rashni o‘rgatdilar. Demak, insonlar duolarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni o‘rtaga qo‘yib hojatlarini so‘rashlari aynan hadisga muvofiq bo‘ladi.

Manbalarda sahobalarning ham vasila qilganlari keltiriladi. Bu borada Hazrati Umarning qurg‘oqchilik vaqtida qilgan quyidagi vasilalari juda mashhurdir.

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob raziyallohu anhu qurg‘oqchilik vaqtida Abbos ibn Abdulmuttalib ila Allohdan suv so‘rab, quyidagicha duo qilar edi: “Ey Allohim! Biz Senga Payg‘ambarimiz ila vasila qilar edik va Sen bizni suv bilan serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimiz amakisini vasila qilamiz. Bizni suv bilan serob qilgin”. Natijada ular suv bilan serob qilinar edilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Ahli sunnaning to‘rt mazhabi – hanafiy, molikiy, shofiiy va hanbaliy ulamolari tomonidan vasila qilish joiz ekanligi bayon qilinib, u haqda ko‘plab asarlar yozilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, vasila qiluvchi inson duosida haqiqiy yaratuvchi – Alloh taolo ekanini e’tiqod qilishi lozim. “Ey Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning sening huzuringdagi hurmati ila so‘rayman” shaklida bo‘ladi. Aksincha,  qabrlarni ziyorat qilish chog‘ida ba’zi ilmsiz insonlarning qabrlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri sajda qilib, qabr egalaridan “Ey falonchi, menga farzand ber!” yoki “Ey falonchi, meni hojatimni chiqar!” deb so‘rashlari e’tiqodimizga zid amal hisoblanadi. Shuning uchun ham musulmon kishi qabr ziyorati hamda ulug‘larni vasila qilishni shariatga muvofiq holda amalga oshirmog‘i lozim hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, vasila qilish joiz ekanligiga oyat va hadislarda yetarlicha dalillar mavjud. Hozirgi kundagi ba’zi toifalar, xususan, soxta salafiylar va bemazhablar “shirk” va “bid’at” deb da’vo qilayotgan amallar aslida “mustahab”, “joiz” ekanligi ahli sunna ulamolari tomonidan asoslab berilgan.

Alloh taolo barchamizni ahli sunna val-jamoa e’tiqodi va hanafiy mazhabida sobitqadam qilib, o‘zaro hamjihat bo‘lib yashashni muyassar qilsin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “USTOZLARGA EHTIROM VOJIB” mavzusida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

10.01.2025   3383   5 min.
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

 - 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ


Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.


Nazmiy bayoni:

Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.

Lug‘atlar izohi:

وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.

حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.

وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.

الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.

عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.

بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:

“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].

Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.

Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

 


[1] Ra’d surasi, 15, 16-oyatlar.