Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alhamdulillahi Robbil alamiyn. Vassolatu vassalamu ala Sayyidina Muhammad va ala olihi va as'habihi toyyibiyna tohiriyn.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz safarga chiqdik. Oramizdan bir kishiga tosh tegib, boshini yordi. Keyin o‘sha odam ehtilom bo‘lib qoldi va sheriklaridan “Mening tayammum qilishimga ruxsat topa olasizlarmi?” deb so‘radi. Ular “Biz senga ruxsat topa olmaymiz. Vaholanki, sen suvga qodirsan” deyishdi. Haligi odam g‘usl qildi va vafot etdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga qaytganimizda o‘sha ish haqida xabar berildi. Shunda u zot alayhissalom: “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin. Bilmasalar so‘ramaydilarmi? Axir bilmaslikning shifosi so‘rash-ku! U odamning tayammum qilishi va jarohati ustiga bir lattani qo‘yib yoki bog‘lab (bu roviy Musoning shakkidir), so‘ngra uni ustiga mas'h tortib, qolgan jasadini yuvishi kifoya qilardi” dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda aytilishicha, safarga chiqqan bir odamning boshiga tosh tegib, boshini jarohatlabdi. Keyin u ehtilom bo‘lib qolib, sheriklaridan tayammum qilishga ruxsat so‘rabdi. Sheriklari uning suvga qodirligini aytib, tayammum qilishiga ruxsat berishmabdi. U odam o‘sha holida g‘usl qilibdi. G‘usl qilayotgan chog‘ida havoning sovuqligi va boshidagi jarohatga suv kirishi natijasida vafot etibdi. Bu voqea Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yetkazilganda, u zot alayhissalom o‘sha ilmsiz ravishda fatvo bergan kishilar haqida “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin” deb, ularning qilgan ishlarini qoralabdilar. Keyin “Bilmasalar so‘ramaydilarmi? Axir bilmaslikning shifosi so‘rash-ku!” debdilar.
Bu hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ilmsiz ravishda fatvo beruvchilarni qattiq qoralab, bu ishdan qaytarganlarini ochiq-oydin ko‘rishimiz mumkin.
Bu hadisdan kelib chiqib, agar biz fatvo berish ahlidan bo‘lmasak, bizda biror mas’ala to‘g‘risida ilm bo‘lmasa, fatvo berishga aslo shoshilmasligimiz, o‘sha mas’ala haqida gapirmasligimiz lozim bo‘ladi.
Biz bu hadisdan yana fatvoni faqat ilmli, unga ahl bo‘lgan ulamolardangina so‘rashimiz lozimligini ham o‘rganamiz.
Imom Molik rahmatullohi alayhiga Madinaning yetmishta olimi u kishining fatvo berishlariga ruxsat bergandan keyingina ijtihod qilib, fatvo berganlar. Imom Molik rahimahulloh shunchalik olim bo‘lishlariga, mujtahid bo‘lishlariga qaramasdan, ko‘pincha “Bilmayman” der edilar.
U kishining Haysam ibn Jamiyl degan shogirdlari quyidagi voqeani rivoyat qilgan: “Imom Molik rahimahullohdan bir kuni qirq sakkizta mas’ala so‘raldi. U kishi oltita mas’alaga javob berdilar va qolgan qirq ikkita mas’ala xususida esa, “Bilmayman” dedilar”.
Bir kuni bir kishi uzoq shahardan u kishining oldilariga kelib, bir mas’alani so‘radi. Imom Molik rahimahulloh unga “Bilmayman” dedilar. U odam “Men sizning oldingizga uzoq shahardan keldim. Endi ahlimga nima deyman?” dedi. Shunda Imom Molik rahimahulloh u odamga: “Ahlingga “Molik mas’alani yaxshi bilmas ekan” deb ayt” dedilar.
Imom Molik rahimahulloh ulug‘ mujtahid bo‘lishlariga qaramasdan odamlarga bilmagan narsalari haqida savol berilsa “Bilmayman” deyishni shu tarzda ta’lim berardilar. Vaholanki, u kishi haqlarida shunday deyilgan: “Modomiki, Molik Madina ekan, undan boshqa kishi tarafidan fatvo berilmaydi”. Bunday deyilishining sababi bor, albatta.
Imom Molik rahimahullohning zamonlarida bir ayol vafot etgan ayolni yuvayotgan edi. Bir payt yuvayotgan ayolning qo‘li Allohning qudrati bilan vafot etgan ayolning jasadiga yopishib qoldi. Odamlar nima qilishni bilmay, hayron bo‘lib qoldilar. Ulamolardan so‘rashdi. Mayyitning jasadini kesish mumkin emas. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Vafot etgan mo‘minning suyagini sindirish tirik holida suyagini sindirish kabidir” deganlar. Ha, vafot etgan mo‘minning ham hurmati joyiga qo‘yiladi. Ulamolar ham buning javobini bilolmadilar.
Keyin Imom Molik rahimahullohdan so‘rashdi. Alloh taolo u kishiga bu mas’alaning javobini bildirdi. Imom Molik rahimahulloh ichlarida “Ehtimol, vafot etgan ayolning qo‘li yopishib qolgan ayolda haqqi bordir” dedilar va kelganlarga: “Yuvuvchi ayoldan so‘ranglarchi, vafot etgan ayolni yuvayotgan paytda nima degan ekan” dedilar. Ular borib, ayoldan so‘rashdi. Ayol “Hech narsa demadim” dedi. Ular ayolni qattiq so‘roqqa tutganlaridan keyin u vafot etgan ayolni zinoda ayblab, qazf qilganini tan oldi.
Payg‘ambar alayhissalom qazfni yettita halok qiluvchi kabira gunohlar qatorida sanaganlar. Qazfning jazosi esa, sakson darra urmoqlikdir. Ayol o‘z aybiga iqror bo‘lgandan keyin unga had ijro etildi. Ya’ni unga sakson darra urildi. Had urib bo‘lingach, yuvuvchi ayolning qo‘li vafot etgan ayolning jasadidan ajradi.
Shuning uchun “Modomiki, Molik Madinada ekan, undan boshqa kishi tarafidan fatvo berilmaydi” deyilgan. Shundoq inson “Bilmayman”ni ko‘p aytganlaridan keyin biz juda ham hushyor bo‘lishimiz kerak. “Bilmayman” degan so‘zni o‘z o‘rnida ishlatish ayb emas.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu “Ilm uchtadir: gapiruvchi Kitob (ya’ni Qur’on), Sunnat (sobit hadis), “bilmayman” deganlar.
U kishi “Bilmayman”ni ilmning uchdan biri demoqdalar. Lekin ba’zi kishilar kibr yoki odamlarni yuzxotir qilib, “Men haqimda nima deb o‘ylarkinlar” degan hadik bilan ilmsiz ravishda fatvo berishadi, bu ishga jur’at qilishadi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim ilmsiz ravishda fatvo bersa, uni osmon va yer farishtalari la’natlashadi”. Ibn Asokir rivoyati.
Demak, ilmsiz ravishda fatvo berish gunohi kabiralardan ekan.
“Ilm shahrining eshigi” deya vasf qilingan Ali roziyallohu anhu “Bilmagan narsam haqida so‘ralganimda “Bilmayman” demoqligim qanday ham yaxshi!” deganlar.
Ali roziyallohu anhu “Ilm shahrining eshigi” deb sifatlanganlar. Bunga sabab u kishi ko‘p mas’alalarni bilishlari, ko‘plab muammolarni hal qilib berishlari edi. Shuning uchun Umar roziyallohu anhu “Allohdan Abulhasan hal qilib berolmaydigan muammodan panoh so‘rayman” deganlar.
Sahobalarning afzali, Payg‘ambarlar alahimussalomdan keyin insoniyatning afzali bo‘lgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ham “Bilmayman” der edilar.
Bir kuni u kishining huzurlariga bir odam kelib: “Alloh taolo “Va faakihatav va abbaa” degan. Shu oyatdagi “Abbaa” nima?” deb so‘radi. Shunda Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu “Agar men Allohning Kitobidagi oyat haqida bilmasdan gapirsam qaysi osmon menga soyabon bo‘lib, qaysi yer meni ko‘tarib turadi?!” dedilar.
O‘sha paytlarda Abu Bakr roziyallohu anhuga mazkur oyatning tafsiri yetib kelmagan edi. U zot uni hali bilmas edilar. Shuning uchun u zot mazkur oyatning tafsiri haqida “Bilmayman” dedilar, o‘zlaricha tafsir qilmadilar.
Payg‘ambar alayhissalom hadislardan birida “Kim Qur’on (oyatlari) haqida o‘z ra’yi bilan gapirsa (tafsir qilsa), to‘g‘ri qilgan bo‘lsa ham xato qilibdi” deganlar. Termiziy rivoyat qilgan.
Ya’ni kim bir ustozdan ilm olmay turib, Qur’on tafsiriga oid ilmlarni o‘rganmay turib, o‘zicha Qur’onni tafsir qiladigan bo‘lsa, mabodo to‘g‘ri tafsir qilgan bo‘lsa ham, baribir xatoga yo‘l qo‘ygan va og‘ir gunohni sodir etgan bo‘ladi. Shuning uchun ilmsiz ravishda Qur’onni tafsir qilish, ilmsiz ravishda fatvo berish o‘ta xatarli ishdir.
Imom Ahmad rahimahulloh o‘zlarining “Musnad”larida bir rivoyatni keltirganlar. Bir kishi kelib, “Ey Allohning Rasuli, menga yerning eng afzal joyi va yerning eng yomon joyi haqida xabar bering” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Bilmayman. Birodarim Jabroildan so‘rayman” dedilar va Jabroil alayhissalomdan so‘radilar. Jabroil alayhissalom ham “Bilmayman” dedilar. Olamlarning Robbidan vahiy orqali bu savolning javobi keldi: “Albatta, makonlarning eng afzali masjidlardir. Eng yomoni esa, bozorlardir”.
Demak, insoniyatning sayyidi bo‘lgan zot alayhissalom “Bilmayman” degan bo‘lsalar, biz qanday holatda bo‘lishimiz kerak?!! Bu borada ham bizga u zot alayhissalom go‘zal o‘rnak bo‘lganlar. Hammamiz u zot alayhissalomdan o‘rnak olishimiz va bilmagan narsamiz xususida so‘ralsak, “Bilmayman” deyishimiz kerak.
Alloh taolodan tillarimizni ilmsiz ravishda fatvo berishdan saqlashini so‘raymiz. Albatta, U Zot hamma narsaga qodirdir.
Manba: islom.uz
Shayx Ibrohim Akkosning “Kalimatu xoyr” ko‘rsatuvidan
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qumqo‘rg‘on tuman bosh mutaxassisi Sh.Mamadiyev, “Shoh Mashrab” jome masjidi imomi H.Zayniyev, tuman imomlari, noiblar, otinoyilar va mahalla faollari qatnashdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 2025 yil davomida diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar qilindi va 2026 yilda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan aniq reja va ko‘rsatmalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, imomlar va boshqa mas’ullar o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati