Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2026   |   22 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:35
Bismillah
09 Iyun, 2026, 22 Zulhijja, 1447

Qurbonliq hayvonini masxaralashga hech kimning haqqi yo‘q!!!

17.08.2019   10429   9 min.
Qurbonliq hayvonini masxaralashga hech kimning haqqi yo‘q!!!

Har bir inson tongda uyg‘onishi bilanoq smartfonini qo‘liga olib, u orqali ijtimoy tarmoqqa kiradi. Dunyodagi aksariyat odamning odati – bu. Shu tariqa, har bir kishi istasa-istamasa, o‘zini axborot maydoni ichida ko‘radi. Kimlardir bu maydonda – tarqatuvchi, kimlardir – oddiy ishtirokchi, kimlardir – o‘sha axborotlarning qurboni, kimlardir esa – shunchaki kuzatuvchi...

Afsuski, axborot tarqatish borasidagi mutloq erkinlik ba’zida tarbiyasizlikka sabab bo‘lib qolmoqda. Xususan, oxirgi vaqtlarda tarqatilayotgan lavhalar orasida haqoratli so‘zlar, tuhmatli iboralar, muayyan shaxslarni obro‘sizlantirish qasd qilingan tasvirlar ko‘payib bormoqda. Eng yomoni, ularning aksari bir guruh trollar yoki “feyk”, ya’ni soxta akkauntlar tomonidan uyushtirilmoqda. Bu qilmishlar ortida qanday g‘arazlar yotgani katta savol tug‘diradi...

Ayniqsa, bunday nomaqbul xatti-harakatlar islomiy qadriyatlar borasida ham uchrayotgani kishini yanada ko‘proq tashvishga solmoqda. Kechagina Qurbon hayiti arafasida ijtimoiy tarmoqlarda qurbonlikka hozirlangan jonliqlarning kelinlik libosida, musiqa sadosi ostida tasvirlangan yoki shunga o‘xshash videotasvirlar tarqatildi. Uni ko‘rgan ham ko‘rdi, ko‘rmagan ham ko‘rdi. Lekin, bilmadim, “internet ustalari”dan nechovlarining xayoliga qurbonlik ham – islom shiorlaridan biri ekani keldi? Illo, ayrim internet foydalanuvchilari qurbonlik ham – islom shiori ekanini bilganlarida edi, balki bu tariqa xatti-harakat qilmagan bo‘lardilar.

Alloh taolo islom shiorlarini qadrlashga targ‘ib qilgan va ularni toptash, masxara qilishdan qattiq qaytargan. Jumladan, Haq taolo Qur’oni karimda bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Allohning (hajga doir) shiorlarini, “Harom oy” (haj oylari)ni halol deb hisoblamangiz... !” (Moida surasi 2 oyat). Yana bir oyati karimada: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi 32 oyat), – deb xitob qilgan.

Bu haqda keyingi vaqtlarda olimu ziyolilarimiz turli sabablar bilan ko‘p va xo‘b yozishga, Alloh taoloning ushbu amrini bot-bot bizlarga eslatib turishga majbur bo‘lyaptilar.

Islom ta’limotiga ko‘ra “shior” so‘zi “nishon”, “belgi”, “alomat” ma’nolarini bildiradi. Yaratgan Parvardigorimiz Alloh taoloning dinining ko‘zga ko‘ringan va shon-shavkatining alomati bo‘lgan narsalar shior hisoblanadi.

Masalan:

Kalomulloh – Qur’oni karim, uning tilovati, azon;

Alloh taolo farz qilgan namoz, ro‘za, zakot, haj kabi dinimiz ustuni bo‘lgan ibodatlar;

shariatimizda ulug‘langan zotlar – payg‘ambarlar, sahobalar, tobeinlar,  avliyolar, ulamolar, ilm ahllari;

hamda shariati Islomda qadrlangan Ka’batulloh, Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Mino, Arafot, Quddusi sharif kabi joylar;

shuningdek barcha masjidlar va zamonlar – juma kuni, Ramazon oyi, muqaddas oylar;

qolaversa, ibodat buyumlari bo‘lmish tasbeh, salla va joynamoz kabi narsalar.

Alloh taolo O‘zining kalomi majidida (Haj surasi 36 oyati) bunday marhamat qiladi: “(Qurbon qilinadigan) tuya va sigirlarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir. Bas, ularga (so‘yish uchun) saf tortgan hollarida Alloh nomini zikr qilingiz!”.

Ushbu oyati karimada qurbonlikka so‘yiladigan hayvonlar ham Allohning shiorlaridan (!) ekani ta’kidlanmoqda. Hamda bularda bizlar uchun yaxshilik borligi eslatilmoqda. Oyatning mazmunidan qurbonlikka atalgan jonivorlarni hurmatlash, avaylash va e’zozlash – Xudodan qo‘rqishlik alomatlaridan ekani ayon bo‘ladi.

Avvalroq aytganimizdek, so‘nggi paytlarda ba’zi insonlarning Qurbon hayit arafasida ijtimoiy tarmoqlar orqali Qurbonlik qilinadigan hayvonlarni rasmlariga ishlov berib, turli masxaraomuz munosabatda bo‘lib, bu ishining oqibatini bilmasdan gunoh orttirib olayotgani esa achinarli holat, bilimsizlik, avomlik, boringki, johillik desa ham bo‘laveradi.

Alloh taoloning shiorlarini oyoq osti qilish, ulardan birortasini masxara qilish, kamsitish, behurmat qilish, xo‘rlash, mensimaslik, xor qilish mo‘min kishining kofir bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar:

Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba’zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi, lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi.

Shunda Cavbon raziyallohu anhu: “Yo Raculalloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!”– dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar, – dedilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Dinimiz ulamolari o‘zlarining fatvolarida shunda deyishgan: “Kim azonni masxara qilsa yoki Qur’oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa, yoki shar’iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa, yoki masjidni masxara qilsa, kofir bo‘ladi” (Manba: “G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir” kitobi).

Ota-bobolarimiz Islom odobiga jiddiy e’tibor berganidan xabarimiz bor va ularning odob-axloqi bilan ba’zi-ba’zida maqtanib ham qo‘yamiz.

Ota-onalarimiz shariatimizdagi mustahab va odob amallariga ham qattiq e’tiborli bo‘lganlar. Ular odoblari go‘zalligidan tasbehlari ko‘ksilaridan pastga tushmagan. Joynamozlarini ham ehtiyotkorona, oyoq ostida qoldirmasdan, mehr ila alohida baland joylarga qo‘yganlar. Masjid atrofidan mehr bilan ohistalik bilan o‘tganlar. Azon aytilayotganda mehr bilan behuda so‘z aytmaganlar. Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar. Nima sababdan? Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga ALOHIDA ODOB bilan muomala qilganlar! Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga O‘ZGACHA MЕHR bilan munosabat qilganlar! U odob – BЕTAKROR ODOB!!! U mehr – BЕQIYOS MЕHR!!!

Imom Abu Dovud Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “O‘zi haq bo‘lca ham talashib-tortishmagan kishi uchun – jannat chekkarog‘idan uy berilishiga, hazillashib bo‘lsa-da yolg‘on gapirmagan kishi uchun – jannatning o‘rtasidan uy berilishiga, xulqini go‘zal qilgan kishi uchun esa – jannatning eng yuqori qismidan uy berilishiga men kafilman(Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Ming afsuski, hozirgi kunda ba’zilar shunday chiroyli ishlarga, jahon mamlakatlari va o‘zga diyorlar ichinda “o‘zbek xalqining noyob va go‘zal odoblari” deb tan olingan odoblariga bepisand bo‘lib, “hech narsa qilmaydi” qabilidagi gaplarni aytib, ota-onalarimiz betakror va beqiyos mehr bilan bajarib kelgan betakror va beqiyos dinimizning betakror va beqiyos odoblarini yo‘qqa chiqarishga urinmoqdalar. Vaholanki, shayton musulmon kishining birinchi bo‘lib imoniga hujum qilmaydi, balki birinchi bo‘lib musulmon kishini mustahab va odob bo‘lgan amallarga bee’tibor qilishga urinadi. Agar g‘olib chiqsa, dastlab sunnatga, keyin vojibga, so‘ng farz amallarga beparvo qarashga urinadi. Agar musulmon kimsani farz amalga ham e’tiborsiz qilishga erishsa, alaloqibat, Alloh saqlasin, imoniga ham hujum qilib, natijada imondan ajratadi!!!

Shunday ekan, har birimiz ota-bobolarimizning yo‘nalishlarini mahkam ushlab, barcha mustahab va odob amallarga to‘la amal qilish hamda dinimiz shiorlariga odob va axloq bilan muomala qilishimiz – betakror dinimiz talabidir!!!

Demak, yuqoridagi hukmlar jonliqlar bilan bog‘liq g‘alati holatlarni tarqatayotgan kishilarga saboq bo‘lishi kerak. Ular ham islomiy qadriyatlarga putur yetkazish evaziga ko‘ngilxushlik ila ommaning e’tiborini jalb qilish og‘ir gunoh ekanini anglab yetsinlar.

Yana bir jihat, so‘z erkinligi degani – istalgan narsani hech qanday mas’uliyatni his qilmasdan aytish, yozish, tarqatish degani emas. Balki har bir so‘z uchun javob bera olish mas’uliyatidir.

Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi,

Oldiga kelganni yemoq – xayvonning ishi,

deb bejizga aytishmagan.

Har bir internet foydalanuvchisi aytayotgan gapi, tarqatayotgan axboroti uchun Alloh taolo oldida ham, mo‘min-musulmonlar oldida ham, jamiyat a’zolari va davlat qonunlari oldida ham javobgardir! Bu me’yor dunyoviy qonun-qoidalarda ham, diniy ta’limotimizda ham qat’iy belgilab qo‘yilgan!

Bir so‘z bilan aytganda,“feyk” akkauntlar yoki trollar yurituvchilari muborak dinimiz sha’niga dog‘ soluvchi lavhalar, buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlari uchun ikki dunyoda ham javob beradilar.

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qabristonda sehru jodu qilish

09.06.2026   908   3 min.
Qabristonda sehru jodu qilish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Qabristonlarda sehru jodu qilish holatlari ko‘payib bormoqda shunga munosabat bildirsangiz?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Sehr qayerda qilinsa ham, dinimizda ta’qiqlangan, harom ishlardan hisoblanadi. Bu ishni halol deb qilayotganlar imonidan ajraydi va katta gunohga qoladi. Sehrgar – oxiratda nasibasi yo‘q kishidir. Bu ish bilan shug‘ullanadiganlar kech bo‘lmasdan, o‘lim yoqadan tutmasdan turib, tezda tavba qilishlari lozim bo‘ladi.

“Sehr” arabcha so‘z bo‘lib, “kelib chiqishi maxfiy narsa”, “biror narsani aslidan boshqacha qilib ko‘rsatish” ma’nolarini bildiradi (“Mo‘jamul vasit” kitobi).
Sehr – noshar’iy so‘zlar bilan tugunlarga dam solish yoki sehrlanadigan kishiga yuzma-yuz kelmasdan ham uning badani, qalbi va aqliga ta’sir qiladigan ishlarni qilishdir.
Sehrning inson jismiga zararli ta’siri mavjud. Quyidagi oyati karimada sehrgarlarning odamlarga yetkazadigan zarari va u faqat Allohning izni bilangina bo‘lishi haqida bunday deyiladi:

فَيَتَعَلَّمُونَ مِنْهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ وَمَا هُمْ بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلاَّ بِإِذْنِ اللَّهِ

“Ikkisidan er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsani o‘rganar edilar. Lekin ular Allohning iznisiz u bilan hech kimga zarar yetkaza olmaslar” (Baqara surasi 102-oyat).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh sehr qilish harom amal ekaniga ijmo’ bo‘lganini rivoyat qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom yettita halok qiluvchi gunohni sanab, Allohga shirk keltirish va nohaq odam o‘ldirish kabi katta gunohlar o‘rtasida sehrni zikr qildilar:

اجْتَنِبُوا السَّبْعَ الْمُوبِقَاتِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَمَا هُنَّ قَالَ الشِّرْكُ بِاللَّهِ وَالسِّحْرُ وَقَتْلُ النَّفْسِ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَأَكْلُ الرِّبَا وَأَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ وَالتَّوَلِّي يَوْمَ الزَّحْفِ وَقَذْفُ الْمُحْصَنَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ الْغَافِلَاتِ (رواه الامام البخاري عن ابي هريرة رضي الله عنه)

“Yetti halok etuvchidan chetlaning”. Odamlar: “Ular nimalar? Ey Allohning Rasuli” dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, riboxo‘rlik, yetimning molini yeyish, urush kuni qochish va soliha, mo‘mina, pokiza ayollarni zinoda ayblash”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, agar sehr qiluvchi tavba qilmasa, oxiratda qattiq azobga qoladi. Hanafiy ulamolarimiz sehrgar sehr amalini qilishi bilan dindan chiqadi, deydilar. Bu esa, Alloh panoh bersin, do‘zaxda abadiy qolish deganidir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

وَلَقَدْ عَلِمُوا لَمَنِ اشْتَرَاهُ مَا لَهُ فِي الْآَخِرَةِ مِنْ خَلَاقٍ وَلَبِئْسَ مَا شَرَوْا بِهِ أَنْفُسَهُمْ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُون

“Uni (Alloh kitobini sehrga) almashganlarga oxiratda nasiba yo‘qligini ham yaxshi bilar edilar. O‘z (nasiba)larini qanchalik yomon narsaga sotib yuborganlarini bilsalar edi!”.

Hanafiy, Molikiy va Hanbaliylar sehrni o‘rganish harom va kufr ekanini aytadilar. Buning dalili quyidagi oyati karima:

وَمَا يُعَلِّمَانِ مِنْ أَحَدٍ حَتَّى يَقُولاَ إِنَّمَا نَحْنُ فِتْنَةٌ فَلاَ تَكْفُرْ

(U ikki farishta): «biz faqatgina sinov (vositasi)miz, (bizga ishonib) kofir bo‘lib qolma!», – deb (ogohlantirmaguncha) hech kimga (sehrni) o‘rgatmas edilar” (Baqara surasi 102-oyat).
(“Quvayt fiqh enseklopediyasi” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Maqolalar