Mard va jasur, g‘ujurli (yuragida o‘ti bor, bir ishga jazm qila oladigan) Movarounnahr erkaklarini dunyoga tanitgan sifatlaridan biri bu – Oriyatdir. Million yildan beri quyosh Sharqdan chiqqani kabi shuncha yilki sharq erkaklarining hamiyati, or nomusi tillarda doston bo‘lib kelmoqda. Ammo...
Ayni kunlarda, internet tarmog‘ida aylanayotgan bir videolavha hammani diqqat e’tiborini tortdi – “Kuyov salom”.
Alloh taola erkaklarni ulug‘lab, ularga xoslangan ba’zi oyatlarni ham nozil qilgan. Jumladan, “Niso” surasining 34-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar”.
Oila rahbarligi bobida Alloh erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi o‘zining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari bo‘lishga mos yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yo‘ldagi barcha harakatlar ham erkak kishi zimmasida. Xo‘sh, bugun hatto kelinlarga ulamolar tomonidan man etilib, qaytarilgan to‘ydagi egilib salom berishni, Alloh “rahbar qilib qo‘ydim” degan erkak o‘ziga ravo ko‘rib, suzilib, yetti bukilib, mehr bilan qilayotgan bu sharmandali egilishlari, musulmonlar uchun musibat emasmi? Albatta, musibat. Keling, mazkur holatni quyidagi tamoyillar asosida sharhlaymiz:
Avvalo, shariatimiz qo‘l berib ko‘rishishga ruxsat bergan. Alloh taoloning ibodatini qilayotgan holatdagi ko‘rinishlardan: ruku’, sajda kabi harakatlarni Alloh taolodan o‘zgalar oldida qilishdan qaytargan.
Muhammad Shafi’ Usmoniy rohimahulloh “Ahkamul Qur’an” kitobidagi salom berish vaqtidagi egilishning hukmi to‘g‘risida kelgan faslda shunday deydi:
“Salom berayotgan vaqtda egilib salom berishdan qaytarilgan. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Kishi birodariga yo‘liqqanda (salomlashish uchun) unga egilsa bo‘ladimi?” deb so‘radilar. Shunda u zot “Yo‘q” dedilar (“Majallatul buhusil islamiya”).
Demak, insonning insonga ikrom niyatida qilgan ta’zimi insonning Allohga qiladigan ibodat ta’zimi suratida bo‘lmasligi kerak.
Hozirgi kunimizda ham o‘zbeklarning odatlariga qo‘shilib ketgan ba’zi bir urflar bor. Masalan, “kelin salom”dagi kelinning boshqalarga ta’zim qilishi ham xuddi namozda Alloh taologa ruku’ qiladigan darajada egilishga o‘xshaydi. Kelinning boshqalarga ta’zim shaklidagi salomi xalqimizning chiroyli va o‘ziga xos odatlaridan bo‘lsada, ta’zimda ruku’ darajasigacha egilmaslikka e’tibor qaratish, shart!
Aslida, kelin salomning o‘zi ham bid’atlardan biridir. Bu haqda fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham o‘zlarining “Zikr ahlidan so‘rang” kitoblarida shunday bayon qilganlar: “Hozirgi kundagi bizning urfimizga kirgan kelin salomlar harom amal hisoblanadi. Shunga majbur qilayotganlar haromga targ‘ib qilish va majbur qilish hisoblanadi. Gap bu yerda salom berishda emas, balki Allohga ruku’ qilgandek bandalarga ruku’ qilishda. Alloh bandalarini O‘ziga ibodat deb belgilagan ishlarni masalan sajda, qurbonlik va hokazolarni bandalari uchun qilishni harom qilgan. Vallohu a’lam!”
Demak, xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin insonning nafaqat to‘yda balki, hayotiy faoliyat davomida ham o‘zgalarga ta’zim qilib salom berishi mutlaqo mumkin emas.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni la’natladilar» (Buxoriy, Abu Dovud rivoyati).
Xo‘sh, “kuyov salom”lardagi erkaklar o‘zlarini ayollarga o‘xshatishmayaptimi? Axir, noto‘g‘ri bo‘lsada bugungacha faqat kelin salomlarnigina guvohi bo‘lar edik-ku. Bu shovvozlar yangilik qilaman deb, bilib-bilmay Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’natlariga uchrab qolmayaptimikan? (Alloh asrasin).
Dinimizda oila rahbarligi Alloh tomonidan erkak kishi zimmasiga yuklatilgani haqida yuqorida ta’kidlab o‘tdik. Kuyov bo‘lmish nikohdan so‘ng ayoli va farzandlarining to‘liq moddiy-ma’naviy ta’minotini qilishi shart. Shunday mas’uliyatni bo‘yniga oladigan yigitning to‘yi kuni qaynotasiga, qaynonasiga, amakisiga, tog‘asiga takror va takror to “sovg‘a” olmagunicha egilib-bukilib salom berishi ta’magirlikning o‘zginasi emasmi?! Bundaylarning kelajakda xotinga qaram bo‘lib, qaynotaning puliga ko‘z tikmasligiga kim kafolat beradi? (Afsuski, bugun shunaqa toifadagi “kuyov”lar ko‘payib ketdi). Qolaversa, aqlli, es-hushi joyida ota-ona “kuyov salom” qilayotgan yigitga hurmat bilan qararmikan...
Bora-bora mazkur holat kuyov tomonning kelin tomon oldida beobro‘ bo‘lishiga olib kelishi tayin.
Afsus...
Nahotki, Buxoriy va Termiziylar yurtida or-nomusi o‘zidan ustun, iymoni jonidan aziz bo‘lgan musulmon, o‘zbek o‘g‘lonlari boshida do‘ppi bilan, qo‘li ko‘ksida, nozu-karashmalar ila “kuyov salom” qilib tursa.
Nahotki, yoshi bir joyga borgan, 3-4 ta bolaning otasi bo‘lgan erkak, “kuyov salom”ni xuddi kelin yangalardek kuylab tursa.
Nahotki, qadamidan o‘t chaqnaydigan nordek yigit kuyovning yonida “dugona”sini egiltirib-egiltirib salom qildirsa.
Nahotki, soqoli ko‘ksiga tegadigan otaxonlar esa bu holatdan mamnun va xursand bo‘lib “kuyov salom”larni qabul qilishsa.
Nahotki, mo‘min-musulmonlar, o‘zbekman deb ko‘ksiga urayotganlar ushbu andishasiz, uyatsizlarning qilayotgan behayoliklarini qaytarish o‘rniga, telefonlariga tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyoga tarqatsa.
Nahotki, ota-ona farzandining bid’at va noto‘g‘ri amaliga rozi bo‘lsa.
Nahotki, muslima qizlar shunday yigitlarga hayotini, or-nomusini ishonib topshirsa.
Nahotki...
Hurmatli erkakligidan faxrlanadigan yigitlar! O‘zingizga berilgan martaba va darajani aslo balchiqqa bulg‘amang. Erkakligingizcha qoling! Nikohning ilk kunlaridanoq yangi kelin oldidagi hurmatingizni yo‘qotmang! O‘zingizga va ahlingizga musibatni “sotib olmang”!
Azizlar, mo‘min – mo‘minga oynadir. Musulmonlar bir-birlarining xatolarini to‘g‘irlamog‘i va adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlamog‘i lozim. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror nojo‘ya ish qilayotganni ko‘rsangiz, qo‘lingiz bilan qaytaring, bunga kuchingiz yetmasa, tilingiz bilan qaytaring. Bunga ham imkon topmasangiz, hech bo‘lmasa, ko‘nglingizda u ishga norozi bo‘ling, ana shu iymonning eng zaif darajasidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo erkaklarni O‘zi rozi bo‘ladigan taqvo, shijoat va mardlik, ayollarni esa mo‘tabar muslima holida bo‘lishligini nasib etsin!
Saidabror Umarov
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!