Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

“Kuyov salom” – ayollikni istayotganlar

15.08.2019   6029   6 min.
“Kuyov salom” – ayollikni istayotganlar

Mard va jasur, g‘ujurli (yuragida o‘ti bor, bir ishga jazm qila oladigan) Movarounnahr erkaklarini dunyoga tanitgan sifatlaridan biri bu – Oriyatdir. Million yildan beri quyosh Sharqdan chiqqani kabi shuncha yilki sharq erkaklarining hamiyati, or nomusi tillarda doston bo‘lib kelmoqda. Ammo...

         Ayni kunlarda, internet tarmog‘ida aylanayotgan bir videolavha hammani diqqat e’tiborini tortdi – “Kuyov salom”.

        

Alloh taola erkaklarni ulug‘lab, ularga xoslangan ba’zi oyatlarni ham nozil qilgan. Jumladan, “Niso” surasining 34-oyatida shunday marhamat qiladi:

 

         “Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar”.

 

         Oila rahbarligi bobida Alloh erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi o‘zining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari bo‘lishga mos yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yo‘ldagi barcha harakatlar ham erkak kishi zimmasida. Xo‘sh, bugun hatto kelinlarga ulamolar tomonidan man etilib, qaytarilgan to‘ydagi egilib salom berishni, Alloh “rahbar qilib qo‘ydim” degan erkak o‘ziga ravo ko‘rib, suzilib, yetti bukilib, mehr bilan qilayotgan bu sharmandali egilishlari, musulmonlar uchun musibat emasmi? Albatta, musibat. Keling, mazkur holatni quyidagi tamoyillar asosida sharhlaymiz:

 

  1. To‘ylardagi egilib salom berish.

Avvalo, shariatimiz qo‘l berib ko‘rishishga ruxsat bergan. Alloh taoloning ibodatini qilayotgan holatdagi ko‘rinishlardan: ruku’, sajda kabi harakatlarni Alloh taolodan o‘zgalar oldida qilishdan qaytargan. 

Muhammad Shafi’ Usmoniy rohimahulloh  “Ahkamul Qur’an” kitobidagi salom berish vaqtidagi egilishning hukmi to‘g‘risida kelgan faslda shunday deydi: 

“Salom berayotgan vaqtda egilib salom berishdan qaytarilgan. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Kishi birodariga yo‘liqqanda (salomlashish uchun) unga egilsa bo‘ladimi?” deb so‘radilar. Shunda u zot “Yo‘q” dedilar (“Majallatul buhusil islamiya”).

Demak, insonning insonga ikrom niyatida qilgan ta’zimi insonning Allohga qiladigan ibodat ta’zimi suratida bo‘lmasligi kerak. 

Hozirgi kunimizda ham o‘zbeklarning odatlariga qo‘shilib ketgan ba’zi bir urflar bor. Masalan, “kelin salom”dagi kelinning boshqalarga ta’zim qilishi ham xuddi namozda Alloh taologa ruku’ qiladigan darajada egilishga o‘xshaydi. Kelinning boshqalarga ta’zim shaklidagi salomi xalqimizning chiroyli va o‘ziga xos odatlaridan bo‘lsada, ta’zimda ruku’ darajasigacha egilmaslikka e’tibor qaratish, shart!

Aslida, kelin salomning o‘zi ham bid’atlardan biridir. Bu haqda fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham o‘zlarining “Zikr ahlidan so‘rang” kitoblarida shunday bayon qilganlar: “Hozirgi kundagi bizning urfimizga kirgan kelin salomlar harom amal hisoblanadi. Shunga majbur qilayotganlar haromga targ‘ib qilish va majbur qilish hisoblanadi. Gap bu yerda salom berishda emas, balki Allohga ruku’ qilgandek bandalarga ruku’ qilishda. Alloh bandalarini O‘ziga ibodat deb belgilagan ishlarni masalan sajda, qurbonlik va hokazolarni bandalari uchun qilishni harom qilgan. Vallohu a’lam!”

 

Demak, xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin insonning nafaqat to‘yda balki, hayotiy faoliyat davomida ham o‘zgalarga ta’zim qilib salom berishi mutlaqo mumkin emas.

 

  1. Ayolshoda erkaklar  

 

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni la’natladilar» (Buxoriy, Abu Dovud rivoyati).

Xo‘sh, “kuyov salom”lardagi erkaklar o‘zlarini ayollarga o‘xshatishmayaptimi? Axir, noto‘g‘ri bo‘lsada bugungacha faqat kelin salomlarnigina guvohi bo‘lar edik-ku. Bu shovvozlar yangilik qilaman deb, bilib-bilmay Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’natlariga uchrab qolmayaptimikan? (Alloh asrasin).

 

  1. Ta’magir kuyov

 

Dinimizda oila rahbarligi Alloh tomonidan erkak kishi zimmasiga yuklatilgani haqida yuqorida ta’kidlab o‘tdik. Kuyov bo‘lmish nikohdan so‘ng ayoli va farzandlarining to‘liq moddiy-ma’naviy ta’minotini qilishi shart. Shunday mas’uliyatni bo‘yniga oladigan yigitning to‘yi kuni qaynotasiga, qaynonasiga, amakisiga, tog‘asiga takror va takror to “sovg‘a” olmagunicha egilib-bukilib salom berishi ta’magirlikning o‘zginasi emasmi?! Bundaylarning kelajakda xotinga qaram bo‘lib, qaynotaning puliga ko‘z tikmasligiga kim kafolat beradi? (Afsuski, bugun shunaqa toifadagi “kuyov”lar ko‘payib ketdi). Qolaversa,  aqlli, es-hushi joyida ota-ona “kuyov salom” qilayotgan yigitga hurmat bilan qararmikan...

Bora-bora mazkur holat kuyov tomonning kelin tomon oldida beobro‘ bo‘lishiga olib kelishi tayin.

 

Afsus...

Nahotki, Buxoriy va Termiziylar yurtida or-nomusi o‘zidan ustun, iymoni jonidan aziz bo‘lgan musulmon, o‘zbek o‘g‘lonlari boshida do‘ppi bilan, qo‘li ko‘ksida, nozu-karashmalar ila “kuyov salom” qilib tursa.

Nahotki, yoshi bir joyga borgan, 3-4 ta bolaning otasi bo‘lgan erkak, “kuyov salom”ni xuddi kelin yangalardek kuylab tursa.

Nahotki, qadamidan o‘t chaqnaydigan nordek yigit kuyovning yonida “dugona”sini egiltirib-egiltirib salom qildirsa.

Nahotki, soqoli ko‘ksiga tegadigan otaxonlar esa bu holatdan mamnun va xursand bo‘lib “kuyov salom”larni qabul qilishsa.

Nahotki, mo‘min-musulmonlar, o‘zbekman deb ko‘ksiga urayotganlar ushbu andishasiz, uyatsizlarning qilayotgan behayoliklarini qaytarish o‘rniga, telefonlariga tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyoga tarqatsa.

Nahotki, ota-ona farzandining bid’at va noto‘g‘ri amaliga rozi bo‘lsa.

Nahotki, muslima qizlar shunday yigitlarga hayotini, or-nomusini ishonib topshirsa.

Nahotki...

 

Hurmatli erkakligidan faxrlanadigan yigitlar! O‘zingizga berilgan martaba va darajani aslo balchiqqa bulg‘amang. Erkakligingizcha qoling! Nikohning ilk kunlaridanoq yangi kelin oldidagi hurmatingizni yo‘qotmang! O‘zingizga va ahlingizga musibatni “sotib olmang”!

 

Azizlar, mo‘min – mo‘minga oynadir. Musulmonlar bir-birlarining xatolarini to‘g‘irlamog‘i va adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlamog‘i lozim. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror nojo‘ya ish qilayotganni ko‘rsangiz, qo‘lingiz bilan qaytaring, bunga kuchingiz yetmasa, tilingiz bilan qaytaring. Bunga ham imkon topmasangiz, hech bo‘lmasa, ko‘nglingizda u ishga norozi bo‘ling, ana shu iymonning eng zaif darajasidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo erkaklarni O‘zi rozi bo‘ladigan taqvo, shijoat va mardlik, ayollarni esa mo‘tabar muslima holida bo‘lishligini nasib etsin! 

 

 

Saidabror Umarov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   9484   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari