Yaratganga shukrki musaffo osmon ostida, dorul-omon va jannatmonand vatanda tinch va osuda, farovon hayot kechirmoqdamiz. Tinchlikni har kim har xil tushunadi. Kimdir butun olam tinchligini tushunsa, kimdir yurtining tinchligini tushunadi, yana kimdir shahri, qishlog‘i, mahallasi yoki oilasi tinchligini tushunadi. Yana kimlardir esa faqat o‘zining tinchligini tushunadi.
Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan shunday bir an’ana borki, ota-bobolarimiz, onaxon va buvijonlarimiz doimo Yaratgandan, avvalo, olam tinchligini keyin yurt tinchligini iltijo qilib, so‘ngra boshqa xayrli niyatlarni ro‘yobga chiqarishini so‘rab duo qilishadilar. Yurtimizdagi shu kungacha erishilgan yutuqlarning barchasi, iqtisodiy rivojlanishlar, talim sohasidagi yutuqlar, obodonchiliklar, shaharlarimiz kun sayin chiroy ochib ko‘rkamlashayotgani, barcha-barchasi mana shu oliy nemat- tinchlik boisidandir.
Ming afsuslar bo‘lsin, ayrim nokas kimsalar borki, katta-katta fitnalarni qo‘zg‘ab vayronagarchilik, zulm va zo‘ravonlik bilan tinch aholini qo‘rquvga solib, minglab oilalarni parokanda qilib, qanchadan-qancha shahar va qishloqlarni barbod qilishadi, minglab begunoh insonlarni nohaq o‘limiga sababchi. Ular o‘zlariga dinni niqob qilib, din nomidan qing‘ir ishlarini qilayotgan qonxo‘r vahshiylardir.
Ba’zi bir mamlakatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, nokas kimsalar u yerda har kuni o‘zlarining to‘s-to‘palon, urush-qirg‘inbarot qon to‘kishdek qabih ishlarini olib bormoqda. Tadqiqotchilarning aytishicha endi bu davlatlar oldingi o‘rnini topishi uchun yani, yana qayta avvalgi rivojlanayotgan holatiga kelishi uchun qariyb bir asr vaqt kerak bo‘lar ekan. Bu o‘rtacha ikki insonnning hayoti demakdir. Bu qanday dahshat va ayanchli. Aniqki, fitna chiqarganlar, nohaq qon to‘kkanlar bu dunyoda ham oxiratda ham xoru zor bo‘lishadi.
Solih amal qiluvchilarni esa amali zoye qilinmaydi. Zero, Islom talimotida: har bir qilingan zarracha amal mukofot yoki jazosiz qolmaydi,- deb takidlanadi.
Shunday ekan biz tinch va osoyishta mustaqil diyorda yashayotganimizga behad shukrona aytib, bu tinchlikdek buyuk ne’matning qadriga yetishimiz lozim bo‘ladi. Bu tinchlikning qadriga yetish deganda – oilamizga, xalqimizga, yurtimizga manfaatli ishlarni qilishimiz, zararli ishlardan o‘zimizni tiyishimiz tushuniladi. Shuningdek, tinchlik soyasi ostida bilim va hunarlarimizni oshiraylik, odobimizni yaxshilaylik, muomalamizni rivojlantiraylik, qarindoshlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlaylik, urushib qolgan oilalarni yarashtirib qo‘yaylik, boquvchisini yo‘qotganlarga yordam beraylik, ozodalik va obodonchilik ishlariga qarashaylik, ortimizdan bog‘lar qoldiraylik, sof dinimizni, milliy urf-odatlarimizni asraylik, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy meroslarini kengroq o‘rganaylik va hayotimizga tadbiq qilaylik va yana shunga o‘xshash ezgu ishlarni qilaylikki, yashayotgan umrimizdan mano hosil bo‘lsin, ortimizdan yaxshi nom qolsin.
Muzaffar Qosimov,
Xoja Buxoriy islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyi ekani O‘zbekistonda yaqqol bilinadi. Yurtingizda muborak Ramazon oyi munosabati bilan o‘tkazilayotgan iftorlik tadbirlari odamlar orasida mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat muhitini yanada mustahkamlayotgani quvonarlidir. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan insonlarga alohida e’tibor qaratilayotgani bu xayrli ishlarga yanada baraka bag‘ishlamoqda.
Xorijlik ustoz sifatida shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, mamlakat rahbariyati tomonidan Ramazon oyida aholini qo‘llab-quvvatlash, xayriya va iftorliklarni keng yo‘lga qo‘yishga qaratilayotgan tashabbuslar yuksak insonparvarlik namunasidir. Joylarda Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘larning o‘z egalariga manzilli yetkazilayotgani, bu borada ochiqlik va adolat tamoyillariga amal qilinayotgani alohida e’tirofga loyiq.
Bunday ezgu ishlar nafaqat ehtiyojmand insonlar qalbiga shodlik ulashmoqda, balki jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, birodarlik va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Ramazon oyining asl ruhi ham aynan shunday — ehson qilish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va savobli amallarda musobaqalashishdir.
Alloh taolo yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga baraka ato etsin, xalqimiz orasidagi mehr-muruvvat va saxovat fazilatlarini yanada ziyoda qilsin.
Doktor Saloh Iso,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi