Muqaddas islom dinimiz bizni din-u diyonatli, odob-u axloqli va insofli bo‘lishimizga da’vat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida marhamat qiladilar: “Alloh taolo bandalarning o‘rtasida mol-u dunyoni bo‘lib berganidek, din-u diyonatni, odob-u axloqni ham bo‘lib bergan. Alloh taolo mol-u dunyoni yaxshi ko‘rgan bandasiga ham, yaxshi kurmaydigan bandasiga ham beraveradi. Ammo, din-u diyonatni va odob-u axloqni faqat yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi. Bas, kimga Alloh taolo din-u diyonatni va odob-u axloqni bergan bo‘lsa, uni Alloh taolo yaxshi ko‘radi”.
Dinimiz asosi go‘zal xulq va ibratli axloqdir. Xulq so‘zi insonning fe’l-atvori, fazilatli xislati va odobi kabi ma’nolarni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan dinimiz nima deb so‘rashganda: “Dinimiz axloq dinidir”, deb javob bergan ekanlar. Dinimiz ezgulik dinidir. Bas, qaysi bir kishi go‘zal va ko‘rkam axloq egasi bo‘lsa, undan faqat ezgulik va yaxshilik kutiladi. Chunki ma’naviyati yuksak va qalbi toza payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari ulug‘ axloq egasi bo‘lganlar.
Alloh taolo buni o‘z kalomida bayon etgan: “Va albatta, sen buyuk xulqdasan”. Qalam surasi, 4-oyat.
Bu oyatda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, xulqlarini ulug‘lik bilan sifatladi, bu payg‘ambar alayhissalom uchun katta bahodir. Oisha roziyallohu anho onamizdan payg‘ambarimiz alayhissalom xulqlari to‘g‘risida so‘rashganda: “Xulqlari Qur’on edi”, deb javob berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari: “Men yaxshi xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilganman”, deb marhamat qilganlar. Hamda u zot: “Inson yaxshi xulqi bilan kunduzni ro‘za tutib, kechani namoz o‘qib o‘tkazadiganlar martabasiga yetadi”, deganlar.
Umuman olganda mazkur oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, islom dinida odob-axloq, yaxshi xulqqa katta e’tibor berilgan. U zotga ummat bo‘lgan har bir musulmon payg‘ambar alayhissalomning go‘zal xulqlari bilan xulqlanishi lozim.
Odam bolasi Alloh taolo huzurida surati bilan emas, siyrati bilan, ya’ni, ichki dunyosi, ma’naviyati bilan baholanadi. Ota-ona, ustoz va murabbiylar, qolaversa, har bir tarbiyachi eng avvalo o‘zi go‘zal xulqli bo‘lishi lozim. Chunki rivoyatlarda kelishicha tarbiya beruvchi qandoq bo‘lsa, tarbiya oluvchi shundoq bo‘ladi. Ayrim insonlar bolasini tarbiya berayotganda yoki boshqa kishi bilan muloqotda bo‘lganlarida yomon so‘zlar (so‘kish) bilan gapiradilar. Yomon so‘zni (so‘kish) odat qilgan kishi badaxloq odamga aylanadi. Hadisi shariflarda so‘kish gunoh ekanligi aytilgan. Ikki kishidan biri ikkinchisiga yomon so‘z (so‘kish) aytsa ma’naviy jinoyat qilgan bo‘ladi va oradagi Alloh taolo tomonidan tutilgan pardani bo‘zgan bo‘ladi, natijada gunohkor bo‘lib xulqsiz insonga aylanadi. Yaxshi xulq egalari, masalan, ustoz va murabbiylar shogirdlariga tarbiya berayotganda, oilada esa ota-onalar o‘g‘il-qizlariga tarbiya berayotganda ularga yomon so‘z (so‘kish) aytmasdan, urmasdan va baqirmasdan tarbiya beradilar. Demak, har bir murabbiy va ustoz kishi go‘zal axloqli bo‘lsa, yosh avlodga bergan nasihatlari samara beradi. Shunda jamiyatimizga foydasi tegadigan, odob-u axloqli yosh avlod voyaga yetadi. Bundan tashqari yaxshi xulqli inson ota-onasi va ahli ayolini hurmat qiladi va mahalladagi mahalladoshlari, korxonasidagi ishchilar bilan suhbat qilganda go‘zal axloqda bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik davrlarida hech kimga ozor bermaganlar. Imom Ahmad Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qiladilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘l ostidagi xizmatchilarni va xotinlarni hech qachon urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlash to‘g‘ri kelsa, gunoh bo‘lmasa, osonini tanlar edilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lardilar, o‘zlari uchun o‘ch olmaganlar...”.
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Albatta, Alloh taolo suratlaringizga va mol-u dunyolaringizga qaramaydi, balki qalbingiz va amalingizga qaraydi”, deganlar.
Yuqorida keltirilgan xadislardan xulosa qilib, go‘zal odob-axloq bilan o‘zimizni bezash, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lish, odob-axloqda payg‘ambarimiz alayhissalomga munosib ummat bo‘lish har birimizga nasib bo‘lishini tilaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa iltijo qilib: “Ey Robbim, mening xilqatimni (suratimni) go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qilgin”, deb so‘ragan duolarini o‘zimizga odat qilib olaylik!
Aminjon Ismoilov
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi
Bugungi kunda islom diniga nisbatan butun dunyoda qiziqish va intilish kuchayib, uning shuhrati yanada keng yoyilayotganligi xammaga ma’lum. Ammo buni ko‘ra olmaydiganlar tomonidan bunga qarshi turli nayranglar o‘ylab topilayotganligi hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Musulmonlar orasida fitna qo‘zg‘ab, o‘zaro kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish va jamiyat xayotida barqarorlikni izdan chiqarishda islomni noto‘g‘ri talqin qilib, uning nomidan turli noto‘g‘ri g‘oya va oqimlarni paydo qilish eng sermaxsul qurolga aylanib qoldi. Ayni shu asosda mazhabsizlik muammosi ham paydo bo‘lganligi ehtimoldan holi emas. Mazhabsizlik g‘oyasi asrlar davomida o‘tgan minglab olimlarning qilgan mexnatlarini bekorga chiqaradi. Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an’ana noto‘g‘ri, shuncha musulmon adashgan ekan degan xulosa kelib chiqadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas, buni tilga olishni o‘zi qiyin. Bu payg‘ambarimiz s.a.v.ning sunnatlariga xam to‘g‘ri kelmaydi, zero U kishi shunday marxamat qiladi: “Allox ummatimni biror zalolatga jamlamas”. Boshqa bir xadisda: “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Alloxning huzurida ham yaxshidir” – deyilgan.
O‘zbek xalqi necha asrlardan beri sunniylikning to‘rt fiqxiy mazhabidan biri bo‘lmish hanafiylik mazhabiga amal qilib keladi. Hanafiylik o‘z tarixiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida musulmonlarning hamjihatligi, o‘zaro inoqligi va birligini ta’minlash uchun kurashib kelgan. U musulmonlar o‘rtasidagi xar qanday firqachilikka qarshi bo‘lib, qavmning diniy e’tiqod belgilari bo‘yicha guruxlarga bo‘linish g‘oyasini hech qachon tan olmagan.
Xalqimiz o‘z mustaqilligini qaytadan qo‘lga kiriganidan so‘ng dinimizga keng yo‘llar ochib berildi. Diniy ma’rifiy sohalarda turli musulmon davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ammo shu bilan birga chetdan mazhabsizlik g‘oyasi ham kirib keldi. Ular o‘zlarining noto‘g‘ri ammo zohirda go‘zal da’vatlariga bir qancha yurtdoshlarimizni ishontirishga ulgurdi. Ular xalqimizning azaldan amal qilib kelayotgan hanafiylik mazhabini noto‘g‘riga chiqardi. Bu esa hanafiy mazhabiga amal qiluvchilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Natijada musulmonlar o‘rtasida nizo, tortishuv yuz berib ixtiloflar avjiga chiqdi. Mazhablarga ergashishdan qaytarish hali dinni to‘liq bilmaydigan, Qur’onning tarjima va tafsiri u yoqda tursin, uni to‘g‘ri o‘qiy olmaydigan yurtdoshlarimizning diniy hukmlar haqida tortishib bir- birini adashganga chiqarishlariga sabab bo‘ldi.
Turli xil ixtilof va kelishmovchilik ta’sirida o‘z yaqinlaridan, xalqidan va yurtidan norozi kayfiyatda bo‘lgan eksterimizmga moyil kishilar paydo bo‘ldi. Ular endi nafaqat mazhabga amal qiluvchilar bilan balki o‘zaro bir- birlari bilan kelishmas edi. Ularning o‘zlari xam turli nomsiz firqalarga ajralib ketdi. Bundan esa turli ekstremistik ruxdagi g‘arazli kuchlar unumli foydalandi. O‘lkamizga chetda shakllangan radikal oqimlar kirib keldi va tarqoq nomsiz firqalarni o‘zlariga qo‘shib oldi.
Ramazon al- Butiy: “Mazhabsizlik- islom shariatiga taxdid solib turgan eng katta bid’at” deb aytgani bejiz emas. Zero dinimiz musulmonlarni o‘zaro birlashishga va firqalarga bo‘linmaslikka buyuradi.
Alloh taolo o‘zining muborak kalomida: “Barchangiz Allohning arqonini (ya’ni dinini) maxkam tuting va bo‘linib ketmang” deb marhamat qiladi. Oli Imron surasi 103-oyat.
Boshqa bir oyatda:
“Agar bilmasangiz zikr ahillaridan so‘rang” Anbiyo 7-oyat.
Ushbu oyati karimada bir inson shar’iy masalada ilmi bo‘lmasa o‘zicha qaror qabul qilmay balki darrov ahli ilm olim insonlardan so‘rashlikka buyurildilar. Keling eng avvlo mazhab so‘zini qanday ma’noda ekanligini tushunib olaylik.
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobeinlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib chiqib qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab (vaf. 795/1393) o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Dalil sifatida quyidagi olimlarning so‘zlarini keltiramiz:
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh o‘zlarining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida shunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Mazkur to‘rt mazhabning barchasi mo‘tabar bo‘lib, musulmon kishi ularning biriga ergashishi vojibligiga islom ummati ittifoq qilgan.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobeinlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobeinlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy so‘zlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilishdir:
ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.
Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh “E’lous-sunan” kitobida shunday deganlar: “To‘rt mazhab imomlari haqiqatan to‘g‘ri yo‘l va hidoyatdadir. Bir yurtda ulardan qaysi birining mazhabi tarqalgan bo‘lsa, uning ulamolari va kitoblari ko‘p bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi (oyat va hadislardan o‘zi mustaqil hukm chiqarishga qodir bo‘lmagan kishi) uchun o‘sha mazhabga ergashmoq vojib bo‘ladi. O‘z yurtida keng tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan mazhabga ergashish joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o‘rganish imkoni bo‘lmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas.
Agar bir yurtda barcha mazhablar tarqalib, mashhur bo‘lgan bo‘lsa, hamda u mazhablarning ulamolari ham yetarli bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun ulardan birini tanlab, o‘sha mazhabga ergashishi joiz bo‘ladi”.
Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari o‘zlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi ijtihod darajasiga yetmagan kimsalarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.
Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bizning O‘zbekistonimizda faqatgina Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay-toyilmay amal qilib kelmoqdalar.
Mashhur muhaddis olim Ibn Hajar Asqaloniy o‘zlarining “Majma’ul muassas fil mo‘jamil mufahras” asarida o‘zlari shofeiy bo‘lishlariga qaramasdan hanafiy mazhabimizni maqtab shunday deganlar: “Hanafiy mazhabida bizning mazhabimizda uchramaydigan mustahkam asosga ega qoidalar bor”.
Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining yarmidan ortig‘i aynan hanafiy mazhabimizga amal qilib, o‘z ibodatlarini shu mazhabga muvofiq ado etib kelmoqdalar.
Xullas, mazhablar, xususan hanafiy mazhabimiz haqidagi maqtov va e’tiroflar nihoyatda ko‘p bo‘lib, bu joyda ularning barchasini keltirishga imkon yo‘q.
Afsuslar bo‘lsinki, mana shunday barcha yetuk olimlar e’tirof qilib turgan mazhabdan ba’zi yurtdoshlarimiz yuz o‘girib, “men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, katta xato qilmoqdalar. Xatolarining asosiy sababi – ular mazhab o‘zi nima, asoschilari kimlar ekanligini bilmasliklaridandir, ya’ni jaholatdandir.
Mazhabboshilar sahih hadislarni hasanidan, hasan hadislarni zaifidan, nosix hadislarni mansuxidan ajrata oladigan bo‘lganlar. Shuningdek, ular oyat, hadis va osorlarning (sahobalardan rivoyat qilingan xabarlarning) ma’nolari va sharhlaridan xabardor bo‘lganlar hamda oyat va hadislardan hukm olish uchun zarur bo‘lgan bir qancha ilmlarni bilganlar. Bizni hozirgi zamonda bunday zotlarni topish amrimahol ishdir.
Hijriy yettinchi asrda yashagan Imom Navaviy rahmatullohi alayh ham bu mavzuga doir quyidagi fikrlarni aytganlar: “Mujtahidning hukmiga qarshi sahih hadis topgan kishi unga amal qilishi uchun alohida shartlar bor. Bu shartlarni o‘zida mujassam qilgan kimsa bizning zamonamizda o‘ta ozdir”.
E’tibor beraylik, Imom Navaviy rahmatullohi alayh hijriy yettinchi asrda turib, bizning zamonamizda bunday odam ozdir, demoqdalar. Hozirgi o‘n beshinchi hijriy asrda bunday shartlarni o‘zida mujassam qilgan zotlar bormikan?
Bir ishda bir mazhabga, ikkinchi bir ishda boshqasiga ergashish durust emas. Buni ulamolar “talfiq” deydilar. Dinda adashmaslik uchun, to‘rttadan ma’lum bir mazhabni ixtiyor qilish va faqat unga ergashish lozim.
Ulamolarimiz: “Hatto ilmi yuqori darajaga yetib, mazhablarning dalillarini solishtirib, kuchlisini aniqlash darajasiga yetgan odam ham birovlarga bu haqda gap ochmasin, fatvo bermasin. O‘zi amal qilsa, ruxsat”, – deganlar.
Bularning hammasi musulmonlar orasida ixtilof chiqarmaslik uchun ko‘rilgan chora-tadbirlardir. Bunday choralar ayniqsa ommaviy diniy ilmsizlik hukm surayotgan makonlar va zamonlar uchun juda ham zarur.
Ma’lumki, ahli sunna val-jamoadagi to‘rt mazhabning barchasini e’tirof etamiz va hurmat qilamiz. “Usulul fiqh” kitoblarida ta’kidlanganidek, ulardan faqat bittasiga taqlid qilamiz, ya’ni ergashamiz.
Imomi A’zam rahmatullohi alayh hijriy 80 yilda tavallud topganlar.
Imomi Molik ibn Anas rahmatullohi alayh hijriy 93 yilda tavallud topganlar.
Imomi Shofeiy rahmatullohi alayh hijriy 150 yilda tavallud topganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh hijriy 164 yilda tavallud topganlar. Demak, eng avval tug‘ilgan, sahobalar asrida tavallud topgan Imom – bizning Imomimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayhdir. U zot Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sahobalariga zamondosh bo‘lganlari ma’lum, boshqa mazhabboshilar esa sahobalarning suhbatlarini topmaganlar. Shuning uchun ular Imomi A’zam rahmatullohi alayhni o‘zlariga ustoz deb bilganlar. Mazhab boshliqlaridan biri Imomi Shofeiy Imomi A’zamni shunday e’tirof qiladilar: “Odamlar hammalari va barcha ulamolar Qur’onu hadisni anglashda va mas’ala ilmida go‘yo Imomi A’zam Abu Hanifa qaramog‘idagi oila a’zolaridir. Abu Hanifa rahmatullohi alayh bilan raqobot qilish darajasiga chiqqan inson yo‘q”.
Imom Molik ibn Anas rahmatullohi alayh esa, Imomi A’zam rahmatullohi alayhni ulug‘lab, shunday tavsif etganlar: “Men hadis ilmini bilishda, janobi Rasulullohning oxirgi hadislarini yetkazishda va eng sahih hadislarni anglab yetishda Imomi A’zamga o‘xshagan boshqa insonni uchratmadim”. Bu zot doimo Imomi A’zam rahmatullohi alayhni o‘zlariga ustoz deb bilganlar.
Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari o‘z ota-bobolari tanlagan Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ixlos ila ergashishlari o‘ta muhim va juda zarurdir!
Tasavvur qiling! Agar hamma insonlar mazhabsizlik saxrosiga yo‘l olsa, nima bo‘ladi?
Bu savolga zamonamiz ulamolaridan bo‘lmish Muhammad Sa’id Ramazon butiy r.a. xazratlarini so‘zlarini iqtibos qilib keltiramiz. U kishi aytadilar: “Agar hamma odamlarni uy joy qurilishi loyihalarida muhandislarga ergashishdan, ularning xizmatidan foydalanishdan va ularga tayanishdan voz kechishga chaqiradigan bo‘lsak, nima bo‘ladi? Salomatliklari bilan bog‘liq muammolarda kishilarni shifokorlarga ergashishdan, ularga tayanishdan va ularning so‘zlariga so‘zlariga amal qilishdan voz kechishga chaqiradigan bo‘lsak, nima bo‘ladi? Ishlab chiqarish va tirikchilik vositalarida odamlarni ana shu ishlab chiqarish mutaxasislariga ergashishdan, ularning bilim va maxoratlaridan foydalanishdan voz kechishga chaqiradigan bo‘lsak, nima bo‘ladi? Agar hamma odamlarni ana o‘sha mutaxasislarga ergashishni tark qilishga, uning o‘rniga o‘sha ishlarning barchasida o‘zlari ijtixod qilishlariga, izlanish va ijtixoddan keyin keladigan shaxsiy qanoatiga suyanishga chaqiradigan bo‘lsak, keyin o‘sha odamlar da’vatimizni tasdiqlab, aytganlarimizni qilishsa, nima bo‘ladi?
Albatta, bu ish orqasidan kelib chiqadigan narsa – bu shubxasiz, tamaddunni, ekin- tekinni va naslni barbod qiladigan bosh- bodoqlikdir. Odamlar uylarini obod qilaman deb, xarob qilib yuboradilar, davolanaman deb, jonlarini xalok qiladilar, ishlab chiqaraman, sanoatni rivojlantiraman deb, boshlariga faqirlikni va tanazzulni orttirib oladilar. Chunki ular ijtihodni o‘z o‘rniga qo‘ya bilmadilar va shartlariga rioya qilmay turib, uni tatbiq qildilar. Odamlarning hamkorlik, o‘zaro yordam berish, ilm o‘rganish va to‘g‘ri yo‘lni topishda bir- birlari bilan bog‘liklaridan iborat Allohning borliqdagi sunnatiga beparvolik qildilar ”.
Xulosa qilib aytganda Islom dinidagi mazhablarning turli-tumanligi kamchilik bo‘lmasdan balki bir hikmatdir. Bu ummatlarga yengillik va osonlikdir. Ammo bu hikmatni tushunmasdan ixtilof chiqarish esa katta musibatdir. Bu anglashilmovchilikdan ko‘prok musulmonlarning o‘zi zarar kurayotganlari ham ma’lum. Shuning uchun ixtiloflarga bormasdan ilm-ma’rifatga yondoshish esa asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda. Shuni xam aytib utish kerakki ixtilof chiqarayotganlarning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qiladi. Bunga sabab ularning yoshligi va shu soha bo‘yicha bilimlarining yetishmasligi, qolaversa, kimlarningdir so‘zlariga aldanib qolishlaridir. Insonning ongi birinchi qabul qilgan ma’lumot noto‘g‘ri bulsada, to‘g‘ri xabar sifatida qabul qilar ekan. Shundan keyin unga to‘g‘ri ma’lumot berilsa ham noto‘g‘ri deb qabul qiladi. Shuning uchun birinchi olinayotgan ma’lumot haqiqiy to‘g‘ri ekanini aniqlash va keyingina uni xotirada saqlash lozim bo‘ladi.
Ibrohim domla SAIDOV,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi