Kimning ota-onasi tirik ekan, u inson dunyoda eng baxtli insonlardan erur. Ayniqsa, bu tabarruk zotlar bilan bir xonadonda bo‘lishlik va ularning xizmatini chin dildan ado qilishlik dunyoning barcha ne’matlaridan ham a’loroq. Ammo hayot shunday ekanki, bir necha farzand bo‘lsa ularning hammasi ham birdan bunday ulug‘ ne’matdan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘la olmas ekan.
Kimki ota-onasini rozi qilib, ularning xayrli duolarini olsa, o‘sha kishi uchun jannatdan ikki eshik ochiladi. Ota-onasi rozi bo‘lmagan kishi uchun esa jahannamdan ikki eshik ochiladi.
Alloh taolo O‘zining Qadim Kalomida bir necha oyatlarda O‘ziga ibodat qilishning orqasidanoq ota-onaga yaxshilikka buyurganligini bugungi kunda yurtimiz musulmonlari yaxshi biladilar. Darhaqiqat, ota-ona jannatning hidlari ekan, biz esa ko‘pincha bu hikmatni unutib qo‘yib, qancha mashaqqatu, sarf-xarajatlar ila atrofdan jannat izlab yuramiz. Vaholonki, jannatimiz ro‘paramizda turibdi-ku! Ana o‘shalarning xizmatini qilish eng to‘g‘ri yo‘l va sharafli ibodat emasmi?
وعن أبي هريرة رضي الله عنه عن النبي صلى الله عـليه و سلم قال: رغم أنفه، رغم أنفه، قيل من يا رسول الله؟ من أدرك أحد أبويه عند الكبر أحدهما أو كلاهما فلم يدخل الجنة . رواه مسلم و الترمذي .
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam “Burni ishqalansin! Burni ishqalansin! ‒ dedilar. “Kimning, ey Allohning Rasuli?” ‒ deyildi. “Kimki ota-onasinining birini yoki ikkalasini ham qarigan chog‘ida topibdiyu, jannatga kirib olmabdi”, ‒ dedilar Rasululloh sallallohu alayhi va sallam. (Muslim va Termiziy rivoyati)
Ha, biz izlab yurgan jannat juda yaqin, yonginamizda ekan.
Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rquvchi kishi ota-onasini ranjitmaydi, qanday qilib bo‘lsa ham — ilojini topib, ularning ko‘nglini, roziligini va duolarini oladi.
Hatto xafa qilsalar ham, farzand ularga qarshi bosh ko‘tarmaydi, ularning istaklariga, ko‘ngillariga qaraydi. Agar ular yanglish, xato va harom ishni taklif etsalar, ularga buni juda muloyim tarzda bildirishi, ishontirishi va ogohlantirishi lozim bo‘ladi.
Ota-ona keksa bo‘lsa, ularga yordam berish va yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Boshqalarning ular bilan yengil-yelpi muomalalariga yo‘l qo‘ymaslik, xizmatlarini to‘la ado etish uchun qo‘ldan ne kelsa bajarmoq lozim.
Farzand kichik paytida ota-ona unga qo‘l-qanot bo‘ldilar. Yemadilar, yedirdilar. Kiymadilar, kiydirdilar. Kenglik-tanglik, bor-yo‘q, issiq-sovuq demadilar. Xizmatdan qochmadilar.
Ota-onasi rozi bo‘lgan farzanddan Alloh ham rozi bo‘ladi. Ota-ona kechirmagan farzandni Alloh g‘azabiga oladi.
Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam) bir hadisi shariflarida shunday dedilar:
«Jannat — onalar oyog‘i ostidadir».
Bu hadisning majoziy ma’nosi. Payg‘ambarimiz ma’noni ummatga ramzli, qisqa, badiiy va go‘zal bir tarzda yetkazmoqdalarki, aqli bor odam buni anglaydi. Oyoqdan murod — onaning roziligi, jannatdan murod — Allohning roziligidir
Jannatga kirishga loyiq bo‘lish uchun ota-ona roziligini olish zarur. Alloh taolo Musoga (alayhis salom) marhamat qildi:
«Ey, Muso! Ota-onasiga yaxshi muomalada bo‘lib, ularning roziligini olgani holda Menga osiy bo‘lgan qulimni Men yaxshi qullarim qatorida yozaman. Aksincha, Menga qullik xizmatida qusuri bo‘lmasa ham, ota-onasiga yaxshiliklar qilmay, yaxshi muomalada bo‘lmay, ota-ona roziligini olmagan qulimni esa osiylar qatorida yozaman!»
Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) aytganlar:
«Ota-onasiga yaxshiliklar qilib, yaxshi muomalada bo‘lib, ularni mamnun etgan kishining umri barakali, uzun bo‘ladi. Aksincha, ularni ranjitib, xafa qilgan kimsaning umri qisqa bo‘ladi».
Qiyomat kun eng og‘ir jazolanuvchilar ota-onasini ranjitganlar bo‘ladi. O‘sha dahshatli kunda Alloh rahmatidan ularni uzoq qiladi.
(Foydalanilgan manba: Ey, farzand. Abu Homid G‘azzoliy. ziyouz.som kutubxonasi)
Muhammadiyxon Hojiyev,
Asaka tumanidagi Mirzaxoliq ota jome masjidi imom xatibi
Prezidentimiz Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari shu yilning mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Mahdumi A’zam qadamjosini obod qilishga oid loyiha bilan tanishgan edi.
Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri bo‘lgan. Yoshlik chog‘larida Farg‘onadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida pirlik darajasiga yetishadi. Keyinchalik o‘zi tariqat ilmiga doir 30 dan ziyod asar yozgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Bu zotga ilm yo‘lidagi xizmatlari uchun Mahdumi A’zam unvoni beriladi. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng Samarqand viloyatida abadiy qo‘nim topgan.
Samarqand hukmdori bo‘lgan Yalangto‘sh Bahodir Mahdumi A’zam qabri ustida daxma qurdirgan hamda bu yerda yirik masjid, ilm toliblari uchun madrasa ham barpo qilgan. U vafot etganidan so‘ng o‘z vasiyatiga ko‘ra, shu yerda dafn etilgan. Umuman, ziyoratgohda 50 dan ziyod qabrtosh saqlangan bo‘lib, aksariyati kimning sharafiga qo‘yilgani aniqlangan. Bu yerda ko‘plab allomalar qatorida ikki nafar Afg‘oniston hukmdori (Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim (1668 yil), Shoh Saodat ibn Shoh Hidoyat) ham dafn etilgan.
Alloma mangu qo‘nim topgan ziyoratgohda loyiha doirasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Mahdumi A’zam ziyoratgohining umumiy maydoni qariyb 5 gektarni tashkil etadi. Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham ko‘p. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi A’zam maqbarasi yonida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona va ma’muriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid va qo‘shimcha ayvonlar qurilmoqda.
Ta’mirlash ishlaridan so‘ng bir vaqtning o‘zida 35 ming ziyoratchini qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Avvallari 5 ming ziyoratchi qabul qilingan.
Shuningdek, hududda ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida obodonlashtirish ishlari olib borilib, 40 dan ortiq savdo va servis obyektlari tashkil etiladi.
Allomaning ruhlari yodga olinib, Qur’on tilovati qilindi. Prezident ziyoratgohda daraxt ekdi.
Ziyoratgohni yanada obodonlashtirish, bog‘da asrlarga tatigulik daraxtlar barpo etib, tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.