Oisha roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarda ham, hazarda ham besh narsani olib yurardilar. Ular: taroq, surmadon, oyna, misvok va uzun dastali ilgak”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Soxr ibn Vado’a G‘omidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim, ummatimning tongiga baraka bergin”, deb duo qilardilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Soxr roziyallohu anhu savdogar bo‘lganlar va savdolarini doimo tongda jo‘natar edilar. U zot boy, davlatmand bo‘lganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Safar qilmoqchi bo‘lgan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, menga nasihat qiling”, dedi.
U zot: “Allohga taqvo qilishingni va har bir tepalikka ko‘tarilganingda takbir (Allohu akbar) aytishingni buyuraman” dedilar. U orqasiga burilayotgan edi “Allohim, yerni unga yaqin va safarini oson qilgin”, deb duo qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Quz’a ibn Yahyo Basriy aytadilar: «Ibn Umar roziyallohu anhu menga: Kel, sen bilan xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men bilan xayrlashganlaridek xayrlashaman: “Diningni, omonatingni va amaling xotimasini Allohga topshirdim”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam safarga chiqayotganda tuyalariga minsalar uch marta takbir aytib, so‘ngra: “Bizga buni bo‘y sundirgan Zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik. Albatta, Robbimizga qaytguvchilardanmiz. Allohim, ushbu safarimizda yaxshilikni, taqvoni va O‘zing rozi bo‘ladigan amalni so‘raymiz. Allohim, bu safarimizni bizga yengil qilib, uzoqligini yaqin qilgin. Allohim, safardagi yo‘ldosh ham, xonadonda qoluvchi o‘rinbosar ham O‘zingdirsan. Allohim, Sendan safar qiyinchiliklari va qayg‘ulari, ahlda va molda yomon oqibatlardan panoh so‘rayman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musofirning duosi mustajobdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining duosi shubhasiz ijobatdir. Ular mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosidir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar uch kishi safarga chiqadigan bo‘lsa, ulardan bir amir bo‘lsin”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh: “Musofirlar jamoada o‘zlariga eng ziyrak, eng afzal kishini yo‘lboshchi qilib tayinlashlari mustahabdir”, degan.
Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Biz Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birgalikda safarga chiqardik. Agar tepalikka ko‘tarilsak takbir (Allohu akbar) aytardik. Tushganda esa (Subhanalloh) tasbeh aytardik” (Imom Ahmad rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Safar azob-uqubatning bir ko‘rinishidir. Sizlardan biringiz safarga chiqsa, taomi, ichimligi va uyqusidan to‘la baxra ololmaydi. Agar sizlardan biringizning (safarda) istagi hosil bo‘lsa, bas, u oila-ahliga shoshilsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zunnun Misriy rahimahullohdan hikoya qilinadi: “Allohning Baytini haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Safar asnosida yo‘ldan adashdim. Bir payt yo‘l ustiga tashlab qo‘yilgan kishiga ko‘zim tushdi. U shu turishda o‘limini kutib yashayotgandek edi.
Borib, salom berdim. Salomimga alik oldi. “Yoningizda turishimni xohlaysiz-mi?” deb so‘radim. “Seni nima qilaman?” dedi hayron bo‘lib. “Sizga suhbatdosh, ulfat bo‘laman”, dedim.
“Senda men uchun qanaqa ulfatlik bor?!” deb so‘radi. “Agar bemor bo‘lsangiz, xizmatingizda bo‘laman”, dedim. U: “Menga Kifoya qiluvchi, Rost so‘zlovchi, ahvolimni Biluvchi Zot bor. Kim Uni do‘st deb bilmasa, unday kimsaga boshqa ulfat, suhbatdosh, do‘st yo‘q” dedi.
“Menga yaxshilik turlaridan birortasini o‘rgating yoki biror nasihat qiling, eshitib, amal qilay” dedim. Shunda u boshini ko‘tarib menga qaradi va: “Ey birodarim! O‘zingni o‘z nafsingdan saqla! Qalbingga biror illat kirishidan ehtiyot bo‘l! Agar bir ma’siyatni qilmoqchi bo‘lsang, boshingni yuqoriga ko‘tar! Kimga qarshi bo‘layotganingni, Kimga jur’at qilayotganingni, Kimga qarshi urush boshlayotganingni bil! Allohga isyon qilgan kimsa, Unga qarshi urushgan kimsa bo‘lib qolishini bilmaysan-mi?! Qilib turgan solih amallaringda bardavom bo‘l! Belingni mahkam bog‘la! Seni bu dunyodan ketkazilishidan oldin o‘zing Alloh sari yuzlan! Jahannam muridlarning kechalarini bedor qilganini, obidlarning qalblarini jarohatlaganini bilmaysan-mi?! U Zot Kitobida ularni maqtab bunday degan:
كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ
“Ular kechalari oz uxlar edilar”.
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
“Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18-oyatlar).
U ushbu oyatlarni o‘qidiyu, qichqirib yubordi. Shu zahoti joni uzildi. U kishiga o‘xshagan yetuk kishini ko‘rmadim. Alloh rahmatiga olsin!”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan olindi