Joriy yil Haj mavsumida hojilarga qulaylik yaratish maqsadida Mino vodiysida ilk bor baland chodirlar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda. Bu o‘z navbatida ziyoratchilar sonining ortishiga va turli noqulayliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Bu haqda islam-today.ru nashriga tayanib "Islom.uz" portali xabar beradi.
Har bir chodir sakkiz kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, chodirlar olovga chidamli materiallardan tayyorlangan va ulardan foydalanish juda ham qulay. Maxsus dizayn asosida tayyorlangan chodirlarni yig‘ish va olib tashlash juda oson. Bu esa tashkilotchilarning ham ishini yengil qilishi aytilgan.
Mazkur chodirning birinchi qavati uy xodimlariga va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun ishlatilsa, yuqori qavatlarda ziyoratchilar yashaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #mustaqillik #bayram
Bugun, 1 sentyabr kuni Makka shahridagi “Al-Ayyam Elite” mehmonxonasida Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan ayni kunlarda Makkai mukarramada toatu ibodatlar bilan bo‘lib turgan 200 nafardan ziyod ziyoratchilarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy, Ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.
An’anaga muvofiq tadbir Qur’on tilovati va xayrli duolar ila boshlandi. Shundan so‘ng mutasaddi vakillarimiz umra safarida bo‘lib turgan hamyurtlarimizni Mustaqillik kuni bilan muborakbod etib, yurtimizda 34 yil davomida amalga oshirilgan xayrli ishlar, xususan, so‘nggi yillarda bo‘y ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli islohotlar, erkinlik ne’mati, uni asrab-avaylash va qadrlash barcha yurt farzandlarining burchi ekanini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda keyingi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani, jumladan, umra ziyorati bir necha yuz ming nafarga, Haj kvotasi esa 15 ming nafargacha oshirilgani, ularga xizmat ko‘rsatish, mavjud sharoitlar havas qiladigan darajaga ko‘tarilgani, bunga hozirda umra amalini ado etayotgan hamyurtlarimiz bevosita guvoh bo‘layotgani qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarni yaxshi tilak va duolar bilan qutlash barobarida bayram shirinliklari ham ulashildi. Ko‘taringki va samimiy ruhda o‘tgan tadbir ziyoratchilarda katta taassurot qoldirdi.
Alloh taolo mustaqilligimizni abadiy qilsin, yurtimizni tinch va farovon, xalqimizni xotirjam va baxtiyor aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati