Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2025   |   2 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2025, 2 Zulhijja, 1446

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Hazrati Ruqayya binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam

03.07.2019   2837   5 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar:  Hazrati Ruqayya binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam

Ruqayya roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi va sallamning Zaynab roziyallohu anhodan keyin dunyoga kelgan qizlaridir. U ham ota-onasining ko‘z qorachig‘i edi. Ruqayya roziyallohu anho va Ummu Gulsum roziyallohu anho ikkovlari xuddi egizaklardek ulg‘ayadilar. Bir-birlarini juda yaxshi ko‘rardilar. Bu mehr opalari Zaynab roziyallohu anho uzatilganidan so‘ng yanada kuchaydi. Go‘yo taqdir ularning hayotini mushtarak bir yo‘lga chizgandek bir-birlariga qattiq bog‘lanib qolgan edilar. Zaynab roziyallohu anho Abul Os ibn Robi’ bilan turmush qurganidan so‘ng Ruqayya va Ummu Gulsum roziyallohu anholarning ham bo‘ylari yetib qoldi. Abu Tolib ularni birodari Abu Lahabning o‘g‘illari Utba va Utaybaga so‘rab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga shunday javob berdilar: — Ey amaki, qarindoshchilikni siylayman, biroq menga biroz muhlat bering. Bu masala yuzasidan qizlarim bilan gaplashay. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam xonadon ahliga Abu Tolibning maqsadi haqida gap ochdilar, Hadicha roziyallohu anho onamiz va qizlariga ahvolni tushuntirdilar. Hazrati Hadicha roziyallohu anho bu gaplarni eshitib o‘yga cho‘mdilar. Chunki, Abu Lahabning xotini Ummu Jamil qahri qattiq, tili achchiq va o‘ylamay ish qiladigan xotin ekanini bilar edilar. Shuning uchun qizlarining bu xonadonga kelin bo‘lishlarini xohlamay turardilar. Biroq ra’ylarini qaytarmaslik uchun indamadilar. Qizlari ham buni his qilib jim o‘tirardilar. Shunday tarzda, qatiy qaror qabul qilindi. Shafqatli ota qizlariga barokat tiladi. Ularni aziz va jamil bo‘lgan Allohning panohiga topshirdi.

Kunlarning birida Makka osmonida bir nur ko‘rindi va Makkani oydinlatib, qorong‘ulikni tarqatib yubordi.                                              Bu nur Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning payg‘ambarlik nuri edi. Hazrati Hadicha roziyallohu anho qizlari Ruqayya va Ummu Gulsum roziyallohu anholarni o‘ylar edi. Ummu Jamil va uning so‘zidan hech chiqmaydigan Abu Lahab xonadonida qizlarining holi ne kechadi? Qurayshiylar Muhammad sollallohu alayhi va sallam xususida aniq bir to‘xtamga kelish uchun to‘plandilar. Oralaridan biri:

— Siz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning ishiga xalaqit bermoqchimisiz? U holda qizlarini qaytarib yuboringlar, u qizlari bilan ovora bo‘lib qoladi, - dedi.

Abu Lahab, Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qizlari bilan oila qurgan o‘g‘illariga:

— Agar, Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning qizlarini qo‘ymasangiz, boshim boshingizga harom bo‘lsin, - dedi. Ikki qiz ham otalik uylariga qaytib keldilar. Ummu Jamil va Abu Lahab bu ishlari bilan cheklanib qolmadi. Nabiy alayhissalomga doimiy ravishda aziyat yetkazaverdilar. Ammo, Alloh taolo suyukli payg‘ambari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aziyat yetkazgan bu ikki badbaxtni jazolabgina qolmay, Qur’oni karimda ularning qismatlari haqida so‘z yurituvchi “Masad” surasini nozil qildi.

Suraning tarjima ma’nosi: “1. Abu Lahabning qo‘llari qurigay – halok bo‘lgay! (Aniqki) u quridi – halok bo‘ldi. 2. Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yo‘q! 3-4-5. Yaqinda u va uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan eshilgan arqon bo‘lgan xotini (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!”

Nabiy sollallohu alayhi va sallam samimiy va vafodor zavjasiga: “Endi bizga uyqu yo‘q, ey Hadicha...” dedilar. Ruqayya va Ummu Gulsum roziyallohu anho uylaridagi muhit o‘zgarib qolganini sezdilar. Uyda xursandchilikdan asar ham qolmaganday, g‘am-qayg‘u butkul hukmrondek ko‘rinar edi. Biroq opa-singil ota-onalari bilan birga bu qiyinchiliklarga bardosh berdilar. Qurayshiylarning taxmini bekor bo‘ldi, sevinchlari uzoqqa bormadi. Ular o‘ylaganidek, qizlarining uyga qaytib kelishi bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyuk vazifalarini ado etishdan to‘xtab qolmadilar. Alloh taolo solih, asl bir oilaga mansub, boy va yumshoq tabiatli kuyov berdi. Bu kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhu nasab, mavqe va boylikda Qurayshning eng oldi kishilaridan edi.      

Nabiy sollallohu alayhi va sallam Ruqayya roziyallohu anhoni Usmon roziyallohu anhuga nikohladilar va ularga barakot tilab, Alloh taologa duo qildilar. Quraysh mushriklarining musulmonlarga aziyatlari yanada ortdi. Ularga juda yomon munosabatda bo‘la boshladilar. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitnaga duchor bo‘lishmasin deb sahobalarning Habashistonga hijrat qilishlariga izn berdilar. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bilan zavjasi Ruqayya roziyallohu anho ham yo‘l hozirligini ko‘ra boshladilar. Ruqayya roziyallohu anhoning ko‘zlari yosh, qalbi g‘am-alam bilan to‘la edi. Ayriliq oldidan otasini, onasini va qarindoshlarini bir-bir quchoqladi. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarini aytolmay, so‘zlari bo‘g‘ziga tiqildi. Uning butun holati go‘yo: “Oiladan, vatandan ayrilish juda og‘ir. Ruh bilan tananing ajralishiga o‘xshaydi. Alloh bu ishimizdan rozi bo‘lsin. Ishonchimiz yo‘lida jonimiz fido bo‘lsin”, degandek edi. Usmon roziyallohu anhu ham juda xafa edilar. Sabrli mo‘mina Ruqayya roziyallohu anho unga yuzlanib, taskin berish uchun:

– Alloh taolo biz bilan va Shu muborak Baytning atrofidagi tuprog‘imizda qolayotgan kishilar bilan birgadir, — dedi. Hazrati Usmon roziyallohu anhuning qayg‘usi tarqaldi. Habashiston tomon yo‘lga tushdilar.

Davomi bor...

 

Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Harom-halolni ajratmabsiz!

28.05.2025   1926   1 min.
Harom-halolni ajratmabsiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.

Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».

O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.

Abdulmannon Andijoniy