Avval, yurtimizdagi qiroat ilmi olimlaridan eng mashhuri bo‘lgan Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘lining “Qur’on qalb shifosi” mavzusidagi turkum ma’rifiy suhbatlarini muslim.uz saytida namoyish etish haqida xabar bergan edik.
Ushbu loyihamiz muqaddimasida musulmon dunyosida mashhur bo‘lgan, eng nufuzli qori ustozlar chiqadigan «Ahlul Qur’an» telekanalida namoyish etilgan Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘lining tarjima holi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Ma’lumot o‘rnida, «Ahlul Qur’an» («Qur’on ahli») kanali — Qur’oni karimni o‘rgatish, unga xizmat qilish, Qur’on ixlosmandlarining unga bo‘lgan muhabbatini oshirish, Qur’on axloqi bilan xulqlanishga chorlash, Qur’onni yoyish orqali dinni yetkazish jarayonlarini amalga oshirish va bu bilan «Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar!» degan muborak hadisi sharifga amal qilishga qaratilgan sun’iy yo‘ldosh orqali namoyish etiladigan telekanaldir.
Ushbu kanalning maqsadlari:
1. Odamlarga Alloh azza va jallaning Kitobini sevdirish.
2. Qur’onni o‘rganish va o‘rgatishga qiziqtirish.
3. Qur’oni karimga xizmat qilish uslublarini rivojlantirish.
4. Qur’on hofizlarini xalqqa ko‘rsatish, tanitish, ikrom qilish, jamiyat orasida obro‘-e’tiborlarini yuksaltirish.
5. Odamlarning Qur’onni tushunish salohiyatini, ongini o‘stirish.
6. Odamlarni Qur’onga bog‘lanish, nafsni poklash va Qur’oni hayot kechirishga undash.
7. Qur’on e’jozlari va xossatan, uning ilmiy e’jozi haqida insonlarga ma’lumotlar taqdim etish.
Kanalning maqsadlarini amalga oshirishda quyidagi omillar ishga solinadi:
1. Sahih tilovat va qiroatlarda mohir, puxta bo‘lgan qiroat ustozlarining hayot yo‘llarini namoyish etish.
2. Qur’on ta’limiga ixtisoslashgan turli o‘quv kurslari, markazlar faoliyati haqida hikoya qilish.
3. Go‘zal ovoz sohiblarining tilovatlarini berib borish.
4. Qur’oni karim ta’limi bo‘yicha yangi-yangi uslublar bilan xalqni tanishtirib borish.
5. Qur’oni karim musobaqalari haqida ma’lumot beruvchi reportaj va ko‘rsatuvlar berib borish.
6. Qur’on hofizlari, xususan, kichik bolalar orasidagi g‘aroyib qorilarning mahoratlarini xalqqa namoyish etish.
7. Katta ustozlarning Qur’onni o‘rganish va o‘rgatish borasidagi tajribalaridan xalqni xabardor qilish.
8. Qur’oni karimga har kuni amal qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar, kunlik dasturlarni taqdim etib borish.
9. Qur’onga muhabbatli bolalar, ayollar, ishchilar va boshqa shaxslarning dil so‘zlarini eshittirish.
Ushbu video-suhbatni quyidagi tamosha qilishingiz mumkin.
Tas-ix: https://mover.uz/watch/yBe5CfDm/
Youtube: https://youtu.be/f_DkO_KfOrA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 24 oktyabr kuni Respublika ma’naviyat markazida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, mutasaddi vakillar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatini Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov olib bordi.
Ma’rifiy tadbirda Muftiy hazratlari o‘z nutqlari davomida mavzu bugun dolzarb ekanini ta’kidlab, masjidlarda imom domlalar to‘ylar, oilaviy tantanalar va marosimlarni o‘tkazishda tejamkorlik tamoyillariga amal qilish, isrofgarchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha doimiy ilmiy suhbat va tushuntirish olib borayotgani, shuningdek, hojilar bilan birga “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida amaliy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotganini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilish so‘ngida umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish bo‘yicha 2025 yil oktyabr-dekabr oylarida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi qo‘shma chora-tadbirlar dasturi imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati