Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, u zotga burda (libos) hadya qildi. U zot alayhissalom uni kiydilar. U zotning o‘sha kiyimga ehtiyojlari bor edi. Sahobalardan biri uni ko‘rdi-da, «Ey Allohning Rasuli, bu buncha ham chiroyli ekan. Menga kiydiring shuni» deb u zotdan o‘sha libosni so‘radi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam darhol yechib, o‘sha odamga berdilar. Shunda sahobalar o‘sha odamga «Yaxshi ish qilmading. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu kiyimga ehtiyojlari borligidan uni kiygan edilar. Keyin sen u zot hech kimni quruq qaytarmasliklarini bilib turib so‘rading» deyishdi. Buni eshitgan boyagi odam «Allohga qasamki, men u libosni kiyish uchun so‘ramadim. Balki men uni kafanim bo‘lishi uchungina so‘radim» dedi. Buxoriy rivoyati.
O‘sha sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning liboslarini o‘zida saqlab turdi va oxiri o‘sha kiyim uning kafani bo‘ldi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sahobalarning biri qo‘y boqib yuradigan cho‘pon edi. Har qachon Madinaga kelsalar, insonlardan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam men yo‘qligimda qanday vasiyatlar qildilar, qaysi oyatlar nozil bo‘ldi deb surishtirib yurardilar.
Bir kuni shaharga kelganlarida kishilar Alloh taolo oyat nozil qildi va unda osmonlar va yerlar bilan qasam ichib, O‘zini yagona iloh ekanini ta’kidladi, deyishdi. Shunda haligi sahobiy qayg‘uga botib: “Kim ekan o‘sha Allohga ishonmaydigan kishiki, uning ishonishligi uchun Robbim qasam ichdi”, deb aytadilar. Subhanalloh! Qalbdagi ishqqa to‘la muhabbatni qarang!
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ilohiy ishq" kitobidan Nodir Odinayev tarjimasi