Hunayn g‘azotida ba’zi ansorlar bir-birlari bilan ko‘rishib, “Alloh taolo Rasulini mag‘firat qilsin! Odamlarga o‘ljadan berib, bizni tark etdilar. Vaholanki, qilichlarimizdan qon tomchilab turibdi” deya pichirlashdilar. Bu gap Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib keldi. Ansorlarning barchasini bir joyga to‘pladilar. Makka ahlidan uzoqroq joyga. Ansorlarga xitob qildilar. His-tuyg‘ular qorishgan, muloyimlik qorishgan, nafislik, noziklik qorishgan gaplarni aytdilar. Istardimki, har bir musulmon u zot alayhissalom aytgan ushbu gaplarni yodlab olsa. Allohga hamdu sano aytdilar. Keyin:
“Ey ansorlar jamoasi, sizlar tarafdan menga yetib kelgan gap, qanday gap?! Oldingizga kelganimda zalolatda edingiz, Alloh sizlarni men sababli hidoyat qilmadimi?! Tarqoq edingiz, Alloh men sababli sizlarni bir-biringizga ulfat qilmadimi?! Faqir edingiz, Alloh men sababli sizlarni boy qilmadimi?!” dedilar. Ular “Ha, Alloh va Rasuli marhamatli va afzaldir!” deyishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Menga javob qaytarmaysizlarmi, ey ansorlar jamoasi?” dedilar. Ular “Javob berdik, ey Rasululloh” deyishdi. “Ha, Alloh va Rasuli marhamatli va afzaldir!” deyishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Menga javob qaytarmaysizlarmi, ey ansorlar jamoasi?” derdilar. Ular “Javob berdik, ey Rasululloh” deb aytishardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga qasamki, agar xohlasangiz: “Siz bizga yordamsiz holda keldingiz, biz sizga yordam berdik, yolg‘onchi qilingan holda keldingiz, biz sizni tasdiqladik, , faqir edingiz, sizga mol berib, boy qildik!” – deb aytishingiz mumkin, shunda to‘g‘ri aytgan bo‘lasizlar va sizlarni hech kim inkor etmaydi!” – dedilar. Ansorlar bu gaplarni eshitib baland ovozda: “Yo‘q, barcha yaxshilik va marhamat Alloh tomonidan bo‘ldi!” – deb yuborishdi.
Rasululloh alayhissalom biroz to‘xtab, so‘zlarida davom etdilar: “Ey ansorlar, ey do‘stlarim! Men makkaliklarni Islomga kirsinlar, deya siylagan dunyoning arzimas matohini deb ko‘nglingiz og‘ridimi?! Sizlarga Islomingizni qoldirdim.
Ey ansorlar, u odamlar qo‘y va tuyalar bilan ketishlariga, o‘zlaringiz esa Alloh va Rasuli bilan uyga qaytishga rozi bo‘lmaysizlarmi?! Allohga qasamki, sizlar olib qaytayotgan narsa ular olib qaytayotgan narsadan yaxshiroqdir.
Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar hijrat bo‘lmaganida, men ansorlardan biri bo‘lar edim.
Odamlar ustki kiyimim bo‘lsalar, ansorlar tanamga tegib turadigan kiyimimdirlar.
Odamlar bir tomonga, ansorlar boshqa tomonga yursalar, men ansorlar tomonga yurgan bo‘lar edim.
Biroz sabr qilinglar, men bilan Havzi Kavsar oldida ko‘rishasizlar.
Allohim, ansorlarni, ansorlarning farzandlarini va farzandlarining farzandlarini ham o‘z rahmatingga olgin!”
Ansorlar bu muloyim, mehr to‘la, ajoyib so‘zlardan soqollari ho‘l bo‘lib ketguncha yig‘ladilar. Ushbu xutba va undagi gaplar har bir musulmon fahmlab, zehniga jo qilishi va tez-tez takrorlab turishi uchun qanchalar munosibdir! Chunki, bu orqali Sayyidimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning naqadar nafis va muloyimliklarini his etadi.
Muhammad Sa’iyd Ramazon Butiy rahimahullohning mav’izasidan
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.