Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.
Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.
Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?
Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.
Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.
Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.
Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Chokardiza qabristoni hududidagi majmuani qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlangan edi.
Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda ziyoratchilar uchun yangi masjid barpo etildi. Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy maqbaralari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Majmua tarkibida alloma merosini chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy markaz, kutubxona va muzey tashkil etildi.
Prezidentimiz ushbu ilm maskanlarining ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
– Bunday ilm o‘choqlarini tashkil etishdan maqsadimiz – buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va yoshlarimizga yetkazish. Bizga bugun bu ilm juda kerak. Bu yerda qancha yoshlarimiz Moturidiy bobomizning ming yil oldin yozgan asarlarini o‘rganadi. U zot ming yil oldin har bir masalani chuqur ilm va aniq dalillar bilan asoslab, odamlarni jaholatdan ogohlantirganlar. Ushbu asarlarni o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini yoshlarimizga yetkazish bugun har qachongidan ham muhim.
Ziyoratgohning kirish qismida peshtoq, tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxonalar va avtoturargoh barpo etildi. Majmua hududiga mahalliy hamda yurtimiz iqlimiga mos xorijiy daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Allomalar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari majmuaga kelgan inson Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosi va islom olamidagi o‘rni haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
– Bunday buyuk qadamjolarni obod qilish zamirida katta ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim va ilm bor. Odamlar bu yerga kelib, nafaqat ziyorat qilsin, balki bilim olsin, o‘zligini anglasin, – dedi Prezidentimiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati