Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Kopiya Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang

18.05.2019   385   5 min.
Kopiya Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang

Mana, muborak Ramazon oyining uchinchi dahasi nihoyasida turibmiz. Ushbu oylar sultonining fazilatlarini yurak-yuragimizdan his qilmoqdamiz. Imkon boricha yaxshilik qilishga, savoblardan ko‘proq olib qolishga intilamiz. Chunki, bu oydagi kichikkina qilgan yaxshiligimiz ham ko‘plab savob va ajrlarga sabab bo‘ladi. Bunga esa, bir rivoyatdagi hadisi sharif dalil bo‘ladi: “Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini men uchun tark qilur”.

Ro‘za tutish jarayonida bir nechta muhim jihatlarga e’tibor qaratish joiz. Ular: niyat qilish, og‘izni berkitish va ochish vaqtlarini  bilish, saharlikdan iftorgacha ro‘zani buzadigan amallardan o‘zini saqlamoqlikdir.

Olamlar sarvari sallallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiling. Chunki saharlikda baraka bordir”, deb marhamat qilganlar. Ushbu hadisga ko‘ra, saharlik bilan ro‘za tutish fazilatli ekani ta’kidlanmoqda.

Ro‘za tutish orqali insonlar juda ko‘p naf ko‘rishlari mumkin. Xususan, kishi ro‘za tutganida hamisha “Alloh ko‘rib turibdi” degan fikr bilan yuradi. Yomonliklardan chekinadi, jismonan va ruhan poklanadi. Qalbida mehr muruvvat hislari orta boshlaydi. Bir hadisi sharifda shunday deyiladi: “Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang va jahl otiga minmang”. Demak ro‘za tutish orqali nafaqat jismimiz, balki ruhlarimiz ham poklanar ekan. Qolaversa, ro‘zadorning duolari ijobat etilishi manbalarda ta’kidlanadi. Ayniqsa, hadisda keltirilganidek: “Ro‘zadorning iftor paytida qilgan duosi rad qilinmaydi”.

Ro‘za tutish jarayonida yana bir jihat borki, u orqali Alloh taoloning naqadar buyuk va mehribon ekanligini ko‘rishimiz mumkin: ro‘zador unutib yeb ichib qo‘yishi ham bir fazilat hisoblanar ekan. Aslida ibodatda unutishga yo‘l qo‘yish yaxshi emas. Ammo ro‘zadorning unutishi ham unga Yaratganning ikromi, inoyati va fazlu marhamatining nishonasi bo‘lar ekan. Deyarli barcha sahih to‘plamlarda keltirilgan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (a.s.) shunday marhamat qiladilar: «Agar ro‘zador odam esda yo‘q yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasini tugal qilsin. Chunki uni Alloh taomlantiribdi va sug‘oribdi». Chindan ham, islom dini yengillik va me’yor ustida barpo etilgan.

Shuningdek bir sunnat borki u musulmonlarini yanada yaqin bo‘lishiga sabab bo‘ladi. U har kechda o‘qiladigan taroveh nomozidir. Taroveh so‘zining ma’nosi- rohat, tin olish, orom olish deganidir. O‘zbekiston musulmonlari ham bu hikmatdan bebaxra bo‘lmadilar. Mamlakatimizning tobora chiroy ochib borayotgan minglab masjidlarida taroveh ibodatlari va Qur’on xatmlari chiroyli ko‘rinishda ado etiladi. Bu bilan insonlar orasida mehr oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.

Yana bir hadisi muborakda esa, shunday keltiriladi: “Ey Allohning Rasuli, menga Alloh manfaat beradigan ishni amr qiling”, deb so‘rashganida, u zot: “Ro‘zani lozim tut, uning o‘xshashi yo‘qdir”, deya javob berganlar. Darhaqiqat, Ramazon oyi bemisl manfaatlar va mukofotlar oyi, ro‘za cheksiz savob hamda yaxshiliklar omili bo‘lgani uchun ham uning takrori yo‘q. Bu oyni savob umidida ro‘za tutib, yaxshilik va ezgu amallar bilan o‘tkazgan inson Allohning xazinasidagi barcha yaxshiliklarga erishgan, Uni rozi qilgan va bebaho in’omlarga yetishgan bo‘ladi.

Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Agar ummatlarim Ramazon oyining sharafini bilganlarida edi yil o‘n ikki oy Ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar, chunki ularning toati maqbul, duolari mustajob, gunohlari mag‘firat etilib, Jannat ro‘zadorlarga muhtoj bo‘ladi”.

Rasululloh (s.a.v.) Ramazon arafasidagi xutbalarida shunday marhamat qilganlar: “Ey insonlar, buyuk va muborak oy sizlarga yaqinlashmoqda. Alloh taolo,  u oy ro‘zasini farz, tunlaridagi ibodatni sunnat qildi... U oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir.  U ko‘mak va yordam oyidir. U oyda mo‘minning rizqi ko‘paytiriladi. U oyda kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, gunohlariga mag‘firat bo‘ladi. do‘zax o‘tidan o‘zini qutqaradi va ro‘zadorning ajridek ajrga ega bo‘ladi. Ro‘zadorning ajridan hech narsa kamaymaydi. Shunda sahobalar, «Yo Rasulalloh, ro‘zadorga iftor berishga har birimiz ham qodir emasmiz», dedilar. Bunga javoban, Rasuli akram (s.a.v.): «Ro‘zadorga bir xurmo yo bir qultum suv yo ayron bilan iftor bergan kishiga Alloh taolo bu savobni beradi» dedilar.

Ushbu hadisi sharif Ramazon oyida turgan har bir musulmonni befarq qoldirmasa kerak. Binobarin, baraka va imon pallasi Ramazonning fazilatlari faqat shuning o‘zi emas, ularni sanab adog‘iga yetish mushkuldir.

 

Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

23.12.2024   1225   3 min.
Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ

Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.

Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.

 

مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا

Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.

Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:

1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.

2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).

 

يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ

Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.

Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.

Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.

 

Odilxon qori Ismoilov

 

Maqolalar