Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Kopiya Saxiylik – insoniylik mezoni

18.05.2019   405   8 min.
Kopiya Saxiylik – insoniylik  mezoni

Alloh taolo karami keng, saxovati cheksiz Zotdir. U O‘z xazinasidan bandalariga har qancha in’om qilsa ham, undan hech bir narsa kamayib qolmaydi. Robbimiz bandalarini doimo saxovatli bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo muhsin bandalarini sevishini bayon etib, “Oli Imron” surasining 134-oyatida: “Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) kechiradiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”, deb marhamat qilgan bo‘lsa, shu suraning 92 – oyatida shunday marhamat qiladi:  “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”.

Mo‘min banda saxovat bilan rizqim kamayib qolmaydi, balki baraka kiradi, deb ishongan holda saxovat ko‘rsatishi shart. Chunki,   Alloh taolo va rasuli (sallallohu alayhi va sallam)ning va’dalariga ishonadi. Alloh taolo aytadi: Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir (Saba’ surasi, 39 oyat). Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam) esa: “Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, sadaqa bilan mol kamaymaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Qolaversa, saxovatning fazilati uning ko‘p yoki ozligi bilan belgilanmaydi. Boy sadaqa qilgan yuz ming so‘m pulning savobi bilan kambag‘al bergan ming so‘m pulning savobi bir xil bo‘lishi mumkin. Chunki har ikkisi o‘z imkoniyatidan kelib chiqyapti. Ehsonning savobi ixlos-e’tiqodga ko‘radir.

Hazrat Jobir (raziyallohu anhu) aytadilar: “Bizga Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) xutba qilib aytdilar: “Ey insonlar! O‘lishingizdan oldin Allohga tavba qilingiz, mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin yaxshi amallarni qilishga shoshilinglar, sizlarning va Rabbilaringizning orasidagi narsani (ya’ni, mag‘firatni) u zotni ko‘p zikr qilish bilan o‘zlaringizga vasila qilinglar! Oshkor va pinhon sadaqa berishni ko‘paytiringlar, shunda sizlar rizqlanasizlar, muzaffar bo‘lasizlar va quvvatlanasizlar” (Ibn Moja rivoyati).

Biz yaxshi bilishimiz kerakki, saxovat dunyoda ham baraka keltiradi, oxiratda ham ulkan ajrlarga sabab bo‘ladi. Oyisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam: "Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxtdir, uning tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi" dedilar.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: Bandalar tong ottirgan kun borki, unda ikki farishta tushib, ulardan biri: “Allohim! Infoq qiluvchiga evaz bergin” deydi, ikkinchisi: “Allohim! Mumsikka (badnafs, baxilga) talafot bergin”, deydi”.

Saxovatpesha bo‘lish eng oliy fazilatdir. Zero, bandaning rizqiga baraka kirishi, ziyon-zahmatlardan omonda bo‘lishi va rizqining hamda umrining ziyoda bo‘lishida aynan uning o‘rni beqiyos. Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Ey odam bolasi, ehson qil! Shunda Men ham senga ehson qilaman”, – deb marhamat qilgan. Demak, inson aslida yeganing emas, berganing seniki bo‘ladi. Chunki, qiyomat kunida Alloh sadaqa qilingan molning ajrini ziyoda qilib qaytaradi. Bermay o‘zi yegan mol-mulkni esa hisob kitobini qiladi”, degan aqidaga ko‘ra hayot kechirishi shart.

Abu Zarr G‘iforiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eng afzal sadaqa haqida so‘rashdi. Shunda u zot: “Muhtojga maxfiy qilinganidir”, – dedilar va quyidagi oyatni o‘qidilar: “Sadaqalaringizni oshkora bersangiz, qandoq ham yaxshi. Agar kambag‘allarga pinhona bersangiz, o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”(Baqara surasi, 271 - oyat) (Imom Ahmad rivoyati).

Xayru saxovat insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat va oqibat rishtalarini bog‘lashga, o‘zaro hurmat va totuvlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Qilinadigan xayru ehsonning ko‘pi va ozida chegara yo‘q. Bor boricha, yo‘q holicha ehson qilsa, uning himmatiga yarasha Yaratgan o‘z xazinasidan ajr-mukofot ato etadi. Zero, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar:  “O‘zlaringiz va o‘liklaringiz uchun bir qultum suv bilan bo‘lsa ham sadaqa qilinglar! Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, Allohning Kitobidan bo‘lgan bir oyat bilan, ya’ni, uni o‘qinglar, unga amal qilinglar, boshqalarga ham yetkazinglar. Bas, agar bunga ham qodir bo‘lmasangiz, rahmat va mag‘firat so‘rab, Allohga duo qilinglar! Chunki U zot duoni ijobat qilishga va’da bergandir.

Saxiylik — hammaga ma’lumki, xasislik illatining aksi, aniqrog‘i, kishining o‘zida borini birovdan ayamasligiga asoslangan fazilat. Zubayr ibn Avvom rivoyat qiladi: Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Ey Zubayr! Alloh taolo aytadi: “Infoq-ehson qilsang, Men ham senga ehson qilaman; bersang, Men ham senga beraman; qissang, Men ham senga qisaman. Tilantirsang (yalintirsang), Men ham seni tilantiraman (yalintiraman). Rizq eshigi yetti osmondan Arshga qadar ochiqdir, kechayu kunduz yopilmaydi”. Alloh taolo rizqni har bir kishiga uning niyati, bergan hadyasi, sadaqasi va infoq-ehsoniga yarasha tushiradi, kim ko‘paytirsa, ko‘paytiradi, kim ozaytirsa, ozaytiradi, kim qissa, qisadi. Ey Zubayr, yeb-ich va boshqalarni ham yedirib-ichir... Alloh taolo infoqni yaxshi ko‘radi, xasislikni yomon ko‘radi. Saxovat aniq ishonchdan, baxillik gumon (ishonchsizlik)­dan bo‘ladi, ishonchi komil (imonli) odam do‘zaxga kirmaydi, gumon qilgan esa jannatga kirmaydi. Ey Zubayr, Alloh taolo saxiylik qilishni, bir bo‘lak xurmo bilan bo‘lsa ham saxovat ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi...” (Hakim Termiziy, “Navodirul usul”).

Totuvlikning asosiy omillaridan biri saxiylikdir. Kimgadir muruvvat ko‘rsatish, shu yo‘l bilan savob olish insoniylikning bosh mezonlaridandir. Haqiqiy obro‘ uchun boylik asos bo‘lolmaydi. Aksincha, insonning martabasini saxiylik ulug‘ qiladi, oxiratda yuqori darajaga yetishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bunday insonlarning gunohlarini kechishi hadisda aytilgan. Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam)ning hadislaridan birida aytiladi: “Kimki bir mo‘minni shu dunyodagi biror tashvishidan xalos etsa, Alloh uni oxiratdagi tashvishlaridan xalos etadi. Kimki bechorahol kishiga yordam bersa, Alloh unga ikki dunyoda yordam beradi. Kimki bir mo‘minning aybini yopsa, Alloh uning ikki dunyodagi ayblarini yopadi. Banda birovning yordami uchun harakat qilar ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘laveradi” (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati).

Shu o‘rinda saxovat ko‘rsatishning shu dunyodagi foydalari nihoyatda ko‘p bo‘lishligi bilan birga biz ulardan ba’zilarini misol tariqasida keltirib o‘tamiz: Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:  “Albatta, sadaqa Parvardigorning g‘azabini o‘chiradi va yomon o‘limni daf qiladi”, − deganlar.

Ibn Abu Ja’d: “Sadaqa yetmishta yomonlik eshiklarini yopadi. Oshkor sadaqadan ko‘ra maxfiysi yana yetmish marta ziyodadir”, – degan.

Odatda saxiylikni ko‘proq badavlat odamlardan kutamiz. Aslida, har birimizning qurbimiz yetganicha, imkoniyat darajasida saxovat ko‘rsatishimiz - bizning insoniy burchimizdir. 

 

Xoja    Buxoriy    o‘rta   maxsus   islom   bilim  yurti

ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari 

Qorayev Muhammadi

 

 

 

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

23.12.2024   451   3 min.
Farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ

Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.

Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.

 

مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا

Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.

Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:

1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.

2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).

 

يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ

Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.

Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.

Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.

 

Odilxon qori Ismoilov

 

Maqolalar