Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Noyabr, 2025   |   1 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:56
Quyosh
07:19
Peshin
12:14
Asr
15:18
Shom
17:03
Xufton
18:19
Bismillah
22 Noyabr, 2025, 1 Jumadul soni, 1447

Yo‘lchi yulduzlar

11.05.2019   8541   2 min.
Yo‘lchi yulduzlar

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga: «Ammo sen, ey Abu Bakr, ummatimdan jannatga birinchi bo‘lib kiradigan kishisan» deganlar. Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyat qilishgan. 

******* 

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning da’vatlari bilan Usmon ibn Affon, Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Abu Ubayda roziyallohu anhum ajma’iyn Islom bilan sharaflanishgan. Bu zotlarning barchalari Asharai mubashshara (Jannatga kirishi haqida xushxabar olgan o‘nta sahobalar)dan hisoblanishadi.

*******

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhu haqlarida: «Shayton sen yurayotgan ko‘chadan emas, balki boshqa ko‘chadan yuradi» deganlar.

*******

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga urushda ishlatish uchun kiyimlarining bir chetida ming dinor olib kelib, u Zot alayhissalomning qo‘ynilariga to‘kdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi olib kelgan dinorlarni qo‘ldan o‘tkaza turib: «Bugundan keyin Affon o‘g‘liga qilgan amali zarar bermaydi», deb marhamat qildilar. Bu gapni bir necha marta takrorladilar.

*******

Nabiy alayhissalom Haybar g‘azotida Ali roziyallohu anhu haqlarida shunday dedilar: «Ertaga bayroqni bir odamga beraman. Alloh uning qo‘li bilan ushbu diyorni fath etadi. Uning o‘zi Allohni va Rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Rasuli ham uni yaxshi ko‘radi».

*******

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu qullari bilan birga ovqatlanardi. Tanimagan odam u kishini qullari orasidan ajrata olmasdi.

*******

Ibn Umar roziyallohu anhu ro‘za tutib, iftorni miskinlar bilan birga qilardilar. Masjidga borib (Shomni) o‘qib, keyin uylariga bir guruh miskinlar bilan qaytardilar.

*******

So‘zimiz so‘nggida Ibn Javziy rahimahullohning mana bu gaplarini keltirsak: «Salafi solihlar o‘z farzandlariga Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rishni xuddi Qur’ondan suralar o‘rgatgandek o‘rgatishar edi».

 

Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin! Ularga ergashib yashashimizni nasib etsin, omin!

 

Nozimjon Hoshimjon

Boshqa maqolalar

Aksa urganda va esnaganda bajariladigan sunnatlar

21.11.2025   1510   2 min.
Aksa urganda va esnaganda bajariladigan sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Aksa urish Alloh taolodan, esnash esa shaytondandir. Shuning uchun qachon birortangiz esnasa, qo‘lini og‘ziga qo‘ysin. Agar (esnagan paytda): “ooh, ooh” desa, shayton uning ichida kuladi. Alloh taolo aksa urishni yaxshi ko‘radi, esnashni yomon ko‘radi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


1. Aksirganda qo‘li yo kiyimini og‘ziga qo‘yish.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aksirganlarida qo‘llarini yoki kiyimlarini og‘zilariga qo‘yardilar va u bilan ovozlarini pasaytirardilar” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu sunnatga amal qilish tufayli aksirgan paytda yonidagi kishilarga aziyat berishdan saqlangan bo‘ladi.


2. Aksirganda ovozini pasaytirish.

Aksirishda juda baland ovoz chiqarish odobsizlikdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa, ikki kaftini og‘ziga qo‘ysin va ovozini pasaytirsin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).


3. Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish.

Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdu lillah” (Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh”(Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


4. Aksirib Allohga hamd aytgan kishiga “tashmit” aytish. Musulmon kishining haqlaridan biri aksirganda unga tashmit aytish hisolanadi. Aksirgandan so‘ng Allohga hamd aytgan kishiga “yarhamukalloh”, deb aytishdir.Tashmit aytish uchun, aksirgan odam Allohga hamd aytishi kerak bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdulillah”(Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum” (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD