Chilonzor tumanidagi So‘galli ota ziyoratgohi yonida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qurilishini boshlatgan masjid uzoq yillar qarovsiz holda qolib ketgan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili fevral oyida bu yerga kelib, masjidni keng va ko‘rkam qilib qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Bugun 2 gektardan ziyod maydonda ulkan majmua bunyod etildi. Avvalgi loyihadagi ayvon o‘rni ham masjid binosiga qo‘shilib, yanada kengaytirildi. Majmuadan, shuningdek, konferens-zal, o‘quv xonalari, tahorat xona, muzey va boshqalar joy olgan. Yo‘l bo‘yidagi So‘galli ota maqbarasi ta’mirlangan. Beton qoldiqlari chiqarib tashlanib, ko‘kalamzorlashtirilgan.
Ma’lumki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘lgan. Turli diniy-ma’rifiy mavzularda yuzdan ziyod kitoblar yozib, islom dini mohiyatini to‘g‘ri yetkazish, odamlarning bilim va ma’naviyatini oshirishga katta hissa qo‘shgan.
Prezidentimiz bu masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib bo‘lganini ta’kidladi. Shayx hazratlarining ilmiy merosini o‘rganish, ma’rifat va odob-axloq mavzularida ko‘proq kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi ma’naviy muhitni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Manba: https://president.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasida "Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish" mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Asomiddin Ibragimov bugungi kundagi yuqumli kasalliklarning xavfi, ulardan himoyalanish usullari haqida ma’ruza qilib berdi.
Islom dini ta’limotlarida ham inson salomatligiga sabab bo‘luvchi narsalarga buyurilgan. O‘z navbatida, salomatlikka zarar yetkazuvchi narsalardan saqlanish targ‘ib qilingan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan», deganlarini eshitdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifga ko‘ra esa, avval tuyani bog‘lab, ya’ni sababni yuzaga chiqarib, so‘ngra Allohga tavakkal qilishga chaqirilganmiz. Shunga binoan salomatligimiz borasida qayg‘urib, uning ehtiyotini qilish mandub amallar sirasidan.
– Ayni paytda yurtimizda 27 turdagi yuqumli kasallik nomi ma’lum bo‘lib, ularning aksariga qarshi davo choralari bor, – dedi shifokor A.Ibragimov. – Hozircha butkul tuzatish imkoni bo‘lmagan ayrim kasallik turlarining viruslarini kamaytirish va muzlatib qo‘yish amaliyoti qo‘llanadi. Davlatimiz tomonidan keyingi paytlarda gepatit S va boshqa shu turdagi kasalliklarga qarshi bepul dori vositalari ham tarqatilmoqda. Lekin eng yaxshisi, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olishdir. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish shuning uchun ham juda muhim sanaladi. Zero, Yaratganning bizga beradigan har qanday in’omi salomatlik ne’mati bilan birga tatiydi.
Qiziqarli o‘tgan davra suhbatida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati