
Yurtimizda so‘ngi yillarda barcha sohalar qatori ijtimoiy-ma’naviy, diniy-ma’rifiy sohalarga, xususan, mo‘min-musulmonlar Umra va Haj ziyoratlarini ado etishlari uchun qulay shart-sharoitlar hozirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Misol uchun, 2016 yilda mamlakatimizda 5200 kishi Haj amallarini ado etib kelgan bo‘lsa, 2017 yildan boshlab 7200 nafar fuqarolarimiz Islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega bo‘ldi.
Ilgari Umra ziyoratiga fuqarolarimiz cheklangan kvota asosida yuborilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan e’tiboran fuqarolarimizning yil davomida kvotasiz Umra ziyoratiga yuborish imkoniyati yaratildi.
Mo‘min musulmon borki, Haj ibodatini ado etishni orzu qiladi. Ammo hammaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslariga asosan fuqarolarimizga Haj va Umra safari mobaynida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish, sarf-xarajatlarni arzonlashtirish maqsadida, maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, Saudiya Arabistonidagi shirkatlar bilan muzokaralar olib borildi.
2018 yilda fuqarolarimiz uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million so‘mni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga ko‘ra bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan
42-43 million so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi.
Davlatimiz Rahbarining irodalari va sa’y-harakatlari natijasida joriy yildan fuqarolarimizning haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mgacha tushirildi, ya’ni haj ibodatini amalga oshirishni qariyb 10 million so‘mga arzonlashtirishga erishildi. “Haj – 2019” mavsumidan so‘ng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, “Haj – 2018” to‘lovidan ortgan 926,5 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ har bir ziyoratchiga qaytarib berildi.
Bularning barchasi mamlakatimizda fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat va ezgu ishlarning yana bir yorqin amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islom sivilizatsiyasi markazida “Markaziy Osiyo: umumiy ma’naviy-ma’rifiy meros – umumiy kelajak” mavzusida xalqaro kongress bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan forum xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ilmiy va madaniy muassasalar vakillari, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjondan kelgan uch yuz nafarga yaqin olimlar va san’at arboblarini birlashtirdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan qutlovi o‘qib eshittirildi. Unda jumladan, bunday deyiladi:
“Bugungi murakkab davrda, dunyoda ziddiyat va mojarolar kuchayib borayotgan bir paytda, tarixdan saboq olish, tinchlik va barqarorlikni asrash, barcha sohalarda ilm va ma’rifatga tayanish, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish — eng dolzarb vazifalarimizdan biri bo‘lib qolmoqda.
Kongress doirasida yangi ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy loyihalar ishlab chiqiladi, ular davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik hamda ma’naviy-madaniy rishtalarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, degan umiddaman”.
Kongressning aynan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ramziy ahamiyatga ega. Bu noyob majmua mintaqaning uch ming yillik tarixi, Renessans davrlari va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini mujassam etgan.
Kongress boshlanishida ishtirokchilar Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Markaz qurilishi va uning ichki mazmuniga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.
Shundan so‘ng davlat idoralari, ilmiy muassasalar va madaniyat arboblari o‘rtasida keng muloqot tashkil etildi. Unda umumiy tarixiy merosni asrash, zamonaviy hamkorlik shakllarini izlash va ma’naviyat g‘oyalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Bosh mavzulardan biri yoshlar siyosati bo‘ldi. Yoshlarni ma’naviy yetuklik, vatanparvarlik va ijodkorlik ruhida tarbiyalash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini rag‘batlantirish masalalari borasida fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Qizg‘in va ko‘tarinki ruhda davom etayotgan kongress mintaqaning tarixiy birligi, madaniy merosi va ma’rifiy salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Taklif etilgan g‘oya va tashabbuslar barqaror taraqqiyot, o‘zaro hurmat va ma’naviy yuksalish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kongress doirasida 15 noyabrga qadar “Yagona o‘tmish – umumiy kelajak”, “Mixxat yozuvidan raqamli arxivlargacha: Markaziy Osiyo kutubxonachiligi istiqbollari”, “Tirik tarix” xalqaro kino forumi hamda “Yoshlar va raqamli davr: qadimiy qo‘lyozmalardan sun’iy intellektgacha” kabi mavzularda sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati