Tashkent City hududidagi «Orifjon» jome’ masjidi binosi rekonstruksiya qilishga tayyorlanmoqda. Siti direksiyasining xabar berishicha, bu borada dastlabki reja ishlab chiqilgan bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasining arxitektorlari va restavratorlari jarayonni kuzatib boradi.

Qayd etishlaricha, tegishli mutaxassislar 1915—1916 yillarda qurilgan «Orifjon» jome’ masjidi tashqi va ichki qiyofasidagi har bir detalni o‘rganib chiqqan va binoning intereri, tomi va gumbazlarini yaxlitlash va tiklash zarurligi haqida xulosa chiqargan.

«Restavratsiya ishi XX asr boshidagi me’morchilikning barcha xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsa, konsepsiyaga ko‘ra, masjid binosi xalqaro ishbilarmonlik markazining umumiy ko‘rinishiga mos bo‘lishi kerak», — deyiladi xabarda. Ayni paytda olimlar ish loyihalarini tayyorlamoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda ijtimoiy ko‘makka oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy idora rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati