Tashkent City hududidagi «Orifjon» jome’ masjidi binosi rekonstruksiya qilishga tayyorlanmoqda. Siti direksiyasining xabar berishicha, bu borada dastlabki reja ishlab chiqilgan bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasining arxitektorlari va restavratorlari jarayonni kuzatib boradi.
Qayd etishlaricha, tegishli mutaxassislar 1915—1916 yillarda qurilgan «Orifjon» jome’ masjidi tashqi va ichki qiyofasidagi har bir detalni o‘rganib chiqqan va binoning intereri, tomi va gumbazlarini yaxlitlash va tiklash zarurligi haqida xulosa chiqargan.
«Restavratsiya ishi XX asr boshidagi me’morchilikning barcha xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsa, konsepsiyaga ko‘ra, masjid binosi xalqaro ishbilarmonlik markazining umumiy ko‘rinishiga mos bo‘lishi kerak», — deyiladi xabarda. Ayni paytda olimlar ish loyihalarini tayyorlamoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Hishom ibn Ammor bunday hikoya qiladi: «Madinaga, imom Molikning huzuriga keldim. U kishi xuddi podshohlardek haybat bilan o‘tirar edilar. Atroflarida shogirdlari o‘tirar, yana bir guruh odamlar tik turishar edi.
Odamlar u kishidan savol so‘rashar, u kishi esa javob berar edilar. Savol-javoblar tugagach, yonlariga borib, “Menga hadis aytib bering”, dedim. U kishi “Yo‘q, sen o‘qi, men eshitib turaman” dedilar.
Men esa “Yo‘q, siz aytib bering”, dedim. U kishi yana “Syen o‘qi”, dedilar. Qayta-qayta so‘ravergan edim, bir kishini chaqirib, “Hoy yigit, mana buni o‘n besh qamchi ur”, dedilar. Meni qamchilashdi. Alamimdan yig‘lab yubordim.
Imom Molik yig‘laganimni ko‘rib, “Nega yig‘layapsan, ey hadis tolibi? Joning og‘ridimi?” dedilar. Shunda men: “Yo‘q, jonim og‘rigani uchun emas. Otam uyini yigirma dinorga sotib, pulini menga berib, Madinaga borib, sizdan hadis eshitishimni tayinlagan edi. Ilmdan olgan nasibam esa mana shu o‘n besh qamchi bo‘ldi. Endi men sizni kechirmayman”, dedim.
Shunda imom Molikning ko‘ngli yumshab, “Xo‘p, buning kafforati nima ekan?” dedilar. Shunda men “Har bir qamchi evaziga bir hadis aytib berasiz”, dedim. U kishi “Men anchadan beri hech kimga hadis aytmagan edim. Odatda menga o‘qib eshittirishadi. Boshqa narsa aytaqol, bolam”, dedilar. Men: “Yo‘q! Bo‘lmasa sizni kechirmayman”, dedim. Shunda u kishi menga o‘n beshta hadis aytib berdilar. Shundan keyin: “Ustoz, yana qamchilab, yana hadis aytib bering”, degan edim, “E bor-ye”, deb urishib berdilar.
Nodirbek XIDIROV,
Imom Zahabiyning “Siyaru a’lamin-nubalo”,
Ibn Asokirning “Tarixu Dimashq” kitoblaridan erkin tarjima.