Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Mart, 2026   |   20 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:27
Quyosh
06:45
Peshin
12:39
Asr
16:37
Shom
18:27
Xufton
19:38
Bismillah
09 Mart, 2026, 20 Ramazon, 1447

Masjid – Allohning uyi, unga tajovuz qilish Allohga qarshi borishdir

17.04.2019   4124   3 min.
Masjid – Allohning uyi,  unga tajovuz qilish Allohga qarshi borishdir

Keyingi yillarda ayrim xorijiy yurtlarda buzg‘unchi kimsalar o‘rtasida masjidlarni portlatish, ibodat qilayotgan odamlarni o‘qqa tutish yoki ularning ustiga buldozer bilan bostirib borish holatlari kuzatilayotgani mo‘min-musulmonlarning nafratini qo‘zg‘amoqda. Ayniqsa, masjidning ichida odamlar namoz o‘qib turgan paytda namozxonlarni o‘qqa tutish, masjidga zarar yetkazish hamda uni buzish, insonlar umriga xavf tug‘dirish insoniylikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan ish.

Masjid – Alloh taologa ibodat qilinadigan pokiza maskan. Asri saodatdan beri masjidlar Islom dinining o‘ziga xos ma’rifiy markazlari sifatida insoniyat hayotida muhim o‘rin tutadi.

Masjid – insonlarning Alloh taologa toat-ibodat qiladigan tabarruk joyi bo‘lgani bois “Baytulloh” – “Allohning uyi” deyiladi. Shuning uchun masjidga biror zarar yetkazish Alloh taoloning uyiga zarar yetkazish bilan barobardir. Demak, bu Alloh taologa qarshi borish deganidir. Haq taologa qarshi boruvchilarning holi nima kechishi hammaga ayon.

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan qudsiy hadisda Alloh taolo aytadi: “Yerimdagi uylarim masjidlardir. Undagi Mening ziyoratchilarim masjidlarni obod qiluvchilardir” (Abu Nuaym rivoyati, zaif hadis).

Masjidni obod qilish deganda, Alloh taologa xolis ibodat qilish, amru ma’ruf, nahyi munkar qilish kabi amallar tushuniladi. Bular masjidlarni ma’naviy obod qilish sanalsa, ozoda va bus-butun saqlash zohiriy obod qilishdir. Masjidlarning qadrini pasaytiruvchi har qanday ish yoki xatti-harakat makruh.

Xalqaro inson huquqlari me’yorlarida ham insonning din va e’tiqod erkinligiga daxl qilish, hayotiga xavf solish taqiqlanadi. Islom dinida hatto boshqa din vakillarining ibodatxonalariga zarar yetkazish, ularni buzish yoki ibodat qiluvchilarning hayotini xavf ostida qoldirish mumkin emasligi aytilgan.

Qur’oni karimda:

“Ular nohaqdan, faqatgina «Robbimiz Alloh» deganlari uchun o‘z diyorlaridan chiqarilgandirlar. Agar Alloh odamlarning ba’zilarini ba’zilari bilan daf qilib turmasa, uzlatgohlar, kanisalar, havralar va Allohning nomi ko‘plab zikr qilinadigan masjidlar vayron qilingan bo‘lur edi. Albatta, Alloh O‘ziga yordam berganlarga yordam berur. Albatta, Alloh kuchli va g‘olibdir.”

Ushbu oyati karimada boshqa dindagi kishilarning ibodatxonalari ham mo‘min-musulmonlarning masjidlari qatorida zikr etilishi diqqatga sazovordir. Dinimiz ko‘rsatmasiga amal qilgan musulmonlar hech qachon boshqa diniy ibodatxonalarga tajovuz qilmaydi. Shuningdek, boshqa dinlarda ham o‘zga dinlarga ibodat qiluvchilarning ibodatiga xalaqit qilish katta gunoh ekani ta’kidlangan. Barcha dinlarda diniy shiorlarga, ibodatxonalarga, shuningdek, masjidlarga tajovuz qilish ulkan jinoyat sanalgan hamda bunday ishdan qattiq qaytarilgan.

 Jahonning ayrim hududlarida mo‘min-musulmonlarning eng nozik his tuyg‘ulariga zarba berish orqali qarama-qarshiliklar keltirib chiqarishga xatti-harakatlar bo‘lmoqda. Mana shunday vaziyatda mo‘min kishi keskinlik bilan qaror qilish o‘rniga, obdon o‘ylab keyin bir xulosaga kelish kerak. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi”, degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim (Imom Daylamiy rivoyati, zaif hadis).

Shu o‘rinda Islom tarixidagi Fil voqeasini bir esga olaylik... Abraha boshchiligidagi fil egalaridan Ka’batullohni Alloh taolo qanday himoya qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ham ibodat qilish joylari, masjidlarni ham shunday himoya qiladi.

Alloh taolo musibatlarga uchragan mo‘min-musulmonlarga sabru jamiyl bersin, musibatlarining o‘rnini go‘zal mukofotlar bilan to‘ldirsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ilmga intilmagan inson - o‘lik

06.03.2026   26075   1 min.
Ilmga intilmagan inson - o‘lik

Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.

Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.

Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar(Furqon surasi, 44-oyat).

“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).

“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).

Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.

Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.

Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.


Davron NURMUHAMMAD