Bugun, 11 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ma’naviy ipak yo‘li: Islom va yoshlar: zamonaviy tahdidlar” nomli anjumanda ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari o‘z ma’ruzalarida musulmon ummatining kelajagi yoshlar tarbiyasiga bog‘liq ekani, ta’lim-tarbiyaga katta ahamiyat qaratgan millatning ertasi faravon bo‘lishi, lekin hozir yoshlar orasida jinoyatchilik keng tarqalayotgani, axloqiy tubanlashish ortib borayotgani va yoshlarning odob-axloq me’yorlaridan uzoqlashishi oqibatida juda xatarli illatlar kelib chiqayotganiga alohida urg‘u qaratdilar.
Ushbu muammolarning tub negizida esa yoshlarning diniy-axloqiy tarbiyadan uzoqligi yotishi, shuning uchun ham, din peshvolari yoshlarni axloqiy qadriyatlar va mustahkam e’tiqod bilan oziqlantirish orqali ularni mana shunday tahdidlar domidan saqlab qolish zarurligini muftiy hazratlari ta’kidladilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari Islom hamjamiyati oldida turgan eng katta va dolzarb vazifalardan biri yosh avlodga har tomonlama diniy va dunyoviy bilimlar berish, shu bilan bir qatorda sof Islom axloqi bilan tarbiyalash muhimligini bayon qildilar.
Nur-Sulton shahridagi anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak oy munosabati bilan Xorazm viloyatidagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun ham “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi”, degan ezgu g‘oya asosida iftorlik dasturxonlari yozilmoqda. Hozirga qadar umumiy hisobda imomlar tomonidan 11 ta oilaga kirilib, ularga jami 27 million so‘mlik oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa qilindi.
Jumladan, viloyat bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Abdullayev Urganch shahridagi Abulg‘ozi Bahodirxon ko‘chasi 159-uyda yashovchi So‘najon Bozorboyeva xonadonida fayzli iftorlik uyushtirib, xonadon a’zolaridan hol-ahvol so‘rab, ularning qalblari quvonchga to‘ldirildi.
Bu yilgi Ramazonda viloyat mahallalaridagi kam ta’minlanganlar uchun boshlangan bunday iftorliklar Ramazonni yanada fayzli, tarovatli o‘tkazishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati