Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Fevral, 2026   |   10 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:01
Peshin
12:41
Asr
16:27
Shom
18:15
Xufton
19:27
Bismillah
27 Fevral, 2026, 10 Ramazon, 1447

Biz zolim qavmmiz(mi)...?

08.04.2019   3035   4 min.
Biz zolim qavmmiz(mi)...?

Nega insonlarda mehrdan ko‘ra qahr, sokinlikdan ko‘ra jahl va g‘azab tez shakllanadi? Nega insonlarda o‘zgalarga (ayniqsa o‘zidan zaifroqlarga)  nisbatan zulmkorlik kayfiyati tez rivojlanadi? Amerikalik olimlar ana shu masalaga oydinlik kiritish uchun mohiyatan anchagina shafqatsiz ijtimoiy tajriba o‘tkazishdi. Bu tajriba mutlaqo kutilmagan natija keltirdi...

Stenford universitetining ruhshunoslik bo‘limi yerto‘lasida o‘ziga xos qamoqxona jihozlandi. Tajribada ilgari sudlanmagan, xushmuomala, anchayin uyatchang, tartib-intizomli odamlar ko‘ngillilar sifatida qatnashdilar. Ular ikki guruhga bo‘linib, yarmi mahbus, qolganlari esa turma nazoratchilari “roli”ga kirishdilar.

Tajriba shartiga binoan, “turma”dagi ijtimoiy-maishiy sharoitlar muntazam og‘irlashtirib borilishi kerak edi. Birinchi kechadayoq “mahbus”lar isyon ko‘tarishdi. Bu norozilik “nazoratchilar” tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. Har ikki guruh a’zolarining fe’l-atvorida “rol”ga mos salbiy xususiyatlar paydo bo‘la boshladi. Nazoratchilar mahbuslarni qiynashning yangi-yangi usullarini o‘ylab topishga kirishdilar: ovqatdan mahrum qilish, hojatxonadan foydalanishni ta’qiqlash va hokazo.

Atigi bir haftadan so‘ng, ko‘ngilchan, xushmuomala odamlar, xo‘mraygan va qahrli “zek”lar hamda murosasiz nazoratchilarga aylanishdi.

Shartlari va muhitining o‘ta shafqatsizligi bois, tajribani muddatidan oldin to‘xtatishdi. “Mahbuslar” bundan behad shodlangan bo‘lsalar, “nazoratchilar” hammasi bunchalik tez tugaganidan afsuslanishdi...

Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Bir-biriga zulm o‘tkazishga moyillik inson ruhiyatining tub-tubida “mudrab” yotadimi?

Yuqoridagi tajriba shundan darak bermayaptimi? Zahiriddin Muhammad Bobur ta’biri bilan aytganda :    

Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?

Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!

Insonni tuproqdan yasab jon kiritgan Alloh taolo biz bandalarini o‘zimizdan ming chandon ziyodroq yaxshi biladi. Bu haqda Alloh taolo O‘z  kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: 

“O‘z ahdlarini buzganlari sababli ularni la’natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘ydik”.  (Moida surasi, 13)

Oyatdagi ahddan murod A’rof surasining 172-173 oyatlarida zikr qilingan “Al-Miysoq” voqeasidir. Xo‘sh, unda nima bo‘lgan edi?

Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qiladi:

“Rabbingiz Odam o‘g‘illarining bellaridan (pushti kamarlaridan) zurriyotlarini (ruhlarini) chiqarib olib, ularni o‘zlariga guvoh qilib turib: «Men Rabbingiz emasmanmi?» (dedi). (Ular): «Yo‘g‘-ye! (Rabbimizsan!) Guvohlik berdik», – dedilar. Qiyomat kuni: «Biz bundan g‘ofil (bexabar) edik yoki ota-bobolarimiz oldindan mushrik bo‘lganlar. Biz ulardan keyin kelgan zurriyot edik. (O‘sha) nohaq kishilarning fe’llari sababli bizni halok qilasanmi?» – deyishlarini (bilganimiz uchun shunday qildik).   

(A’rof surasi, 172-173)

Endi ushbu oyatlardan kelib chiqib yuqorida tilga olgan zulmkorlik sindromining nima uchun insonlarda tez shakllanishi haqida xulosa chiqaramiz. Ma’lumki Alloh taolo insonlarni zarra shaklida Odam alayhissalom sulblaridan chiqarib ularga savol bilan murojaat qiladi: “Men Rabbingiz emasmanmi?” Bandalar bu savolga: “Rabbimizsan! Guvohlik berdik” dedilar. Mana shu javob ularning Alloh bilan ahdlashganliklarini bildiradi. Bu ahd Alloh va uning buyruqlariga to‘la bo‘ysunish uchun berilgan ahddir. Ammo, yer yuzida odamlar tarqalib nafsi va shaytonnning nayranglariga uchgandan so‘ng, ular isyonkorga aylandi va Alloh ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun O‘z elchilari payg‘ambarlarni yubordi. Afsuski, odamlarning aksari to bugunga qadar Alloh taolo va uning payg‘ambarlariga bergan ahdlarini buzishib, to‘g‘ri yo‘ldan yuz o‘girdilar. Natijada oyatda keltirilganidek o‘z ahdlarini buzganliklari sababli ular Allohning la’natiga uchradi va qalblari beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘yildi. Demak, insondagi bu nuqson yani zulm, beshafqatlik, g‘azab va qahrlarning bosh sababi Alloh taolo va payg‘ambariga itoat etmaslikdan kelib chiqar ekan.

Payg‘ambar alayhissalom hadisi qudsiyda shunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo shunday dedi: “Ey bandalarim! Albatta men O‘zimga zulmni harom qildim va sizlarning oralaringizda ham zulmni harom qildim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmang”.

Umri Islomda, taqvoda, hidoyatda va Allohning roziligi talabida o‘tgan insonning qalbida hech qachon nohaq zulm, qahr, jahl va g‘azabga joy qolmaydi.        

                        

Saidabror Umarov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyi ekani O‘zbekistonda yaqqol bilinadi

24.02.2026   7801   1 min.
Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyi ekani O‘zbekistonda yaqqol bilinadi

Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyi ekani O‘zbekistonda yaqqol bilinadi. Yurtingizda muborak Ramazon oyi munosabati bilan o‘tkazilayotgan iftorlik tadbirlari odamlar orasida mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat muhitini yanada mustahkamlayotgani quvonarlidir. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan insonlarga alohida e’tibor qaratilayotgani bu xayrli ishlarga yanada baraka bag‘ishlamoqda.

Xorijlik ustoz sifatida shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, mamlakat rahbariyati tomonidan Ramazon oyida aholini qo‘llab-quvvatlash, xayriya va iftorliklarni keng yo‘lga qo‘yishga qaratilayotgan tashabbuslar yuksak insonparvarlik namunasidir. Joylarda Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘larning o‘z egalariga manzilli yetkazilayotgani, bu borada ochiqlik va adolat tamoyillariga amal qilinayotgani alohida e’tirofga loyiq.

Bunday ezgu ishlar nafaqat ehtiyojmand insonlar qalbiga shodlik ulashmoqda, balki jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, birodarlik va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Ramazon oyining asl ruhi ham aynan shunday — ehson qilish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va savobli amallarda musobaqalashishdir.

Alloh taolo yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga baraka ato etsin, xalqimiz orasidagi mehr-muruvvat va saxovat fazilatlarini yanada ziyoda qilsin.
Doktor Saloh Iso,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi

Yangiliklar