Abdulhay ibn Abdulhalim ibn Amiynulloh ibn Muhammad Akbar Sihalaviy Ansoriy Laknaviy hijriy 1264-yilda Hindistonning Lakna shahrida ilm va taqvo bilan tanilgan oilada dunyoga kelgan.
Hindistonning Lakna shahriga nisbatan Laknaviy nisbalari bo‘lsa, Lakna shahridagi Sihala qishlog‘iga nisbatan Sihalaviy nisbalarini olgan. Nasablari mashhur sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga yetib borganligi bois ansoriy nisbasi ham berilgan. Ulamolar Abdulhay Laknaviyning nasabi qirq uch tabaqa bilan Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga ulanishini bayon qilganlar.
Abdulhay Laknaviyning kunyasi Abulbarakot bo‘lgan. Ushbu kunya haqida u zot quyidagilarni aytgan: “Voyaga yetganimda otam meni ushbu kunya bilan nomladilar”.
Abdulhay Laknaviyning otasi Shayx Abulhalim Laknaviy hind diyoridagi katta ulamolardan biri bo‘lib, u zotning fiqh, hadis va mantiq ilmlari bo‘yicha ko‘plab risolalari bo‘lgan. Ulamolar bu zotning deyarli barcha ajdodlari o‘z davrining yetuk olimlaridan bo‘lganliklarini bayon qilganlar.
Abdulhay Laknaviy ilm va taqvo ustiga qurilgan oilada, taqvodor murabbiya onalari qo‘lida tarbiya olib ulg‘ayganlar. Ulug‘ olimlarning hayotlari o‘rganilganda deyarlari barchalarini odatda yoshliklaridan ilm o‘rganganlariga guvoh bo‘lamiz. Abdulhay Laknaviyda ham shu holat bo‘lgan.
Abdulhay Laknaviy o‘zining dastlabki ta’lim olishi haqida quyidagilarni yozgan: “Besh yoshga yetganimda Hofiz Qosim Ali Laknaviyning huzurida Qur’on yodlashga kirishganman. Ko‘p o‘tmasdan hali “Amma” porasini ham yodlab ulgurmagan edim, biz Junfur shahriga ko‘chib ketdik. Keyin men bu yerda Hofiz Ibrohim huzurida Qur’on yodlashni davom ettirdim. Otamning o‘zlari ham, to Qur’onni yodlab bo‘lgunimcha menga Qur’ondan dars berib turar edilar. O‘n yoshimda Qur’onni to‘liq yod oldim. Bu paytga kelib, ayrim forsiy kitoblarni ham baqadri hol o‘qib chiqqan edim. Ularning barchasini Qur’on yodlash asnosida otamdan ta’lim olgan edim. Men ilk bor tarovehda imom bo‘lib namoz o‘qib berganimda o‘n yoshda edim.
O‘n bir yoshga yetganimda ilm tahsiliga astoydil kirishganman va sarf, nahv, ma’oniy, bayon, mantiq, hikmat, tib, fiqh, usulul fiqh, kalom ilmi, hadis va tafsir kabi darslik sifatida o‘tiladigan rasmiy fanlarni o‘n yetti yoshimda to‘liq o‘qib tamomlaganman. Men o‘n yetti yoshimda darslik qilib o‘qitiladigan aqliy va naqliy kitoblarni barchasini otamning qo‘llarida o‘qib chiqqanman. Ammo riyoziyotga tegishli ayrim kitoblar o‘qilgani yo‘q edi. Ularni otamning tog‘asi va ustozi bo‘lgan Mavlono Muhammad Ne’matullohning huzurida to‘liq o‘qib chiqdim”.
Abdulhay Laknaviy o‘spirinlik chog‘idayoq mazkur fanlarni to‘liq o‘zlashtirishi sababi haqida quyidagilarni yozgan: “Men qaysi bir kitobni o‘qib chiqsam, darhol o‘sha kitobdan dars berishga kirishar edim. Buning natijasida Hayyul Qayyum bo‘lgan Zotning madadi bilan menda barcha ilmlarga iqtidor hosil bo‘lgan va qaysi ilmga tegishli bo‘lsa ham, menga biror kitobning qiyinchiligi qolmagan edi”.
Darhaqiqat ushbu uslub, ta’limdagi eng manfaatli usullardan hisoblanadi. Abdulhay Laknaviyning otasi Shayx Abdulhalim Laknaviy Haydarobodda qozi va “Nizomiya” madrasasida mudarris bo‘lib ishlagan. Ana shu vaqtda bu zot otasidan unumli ta’lim oladi va o‘rgangan ilmlarini tolibi ilmlarga dars berib borgan.
Imom Laknaviy ikki marta haj ijobatini ado etgan. Birinchi marta o‘n besh yoshligida hijriy 1279-yilda otasi bilan birga, ikkinchi marta esa hijriy 1292-yilda haj ibodatini ado etib kelgan.
Abdulhay Laknaviyning otasi Haydarobodda vafot etadi. Otasi vafotidan so‘ng u zotga otasi o‘rniga qozilik lavozimiga taklif qilishadi. Ammo qattiq iltimoslarga qaramasdan Abdulhay Laknaviy uzr aytib buni qabul qilmaydi va tug‘ilib o‘sgan yurti Laknaga qaytadi. Laknada kitoblar ta’lif etish va ta’lim berish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Ustozlari:
Abdulhay Laknaviyga ustozlik qilgan zotlarning ayrimlari quyidagi olimlardir:
Abdulhay Laknaviy ushbu zotlar singari ulamolar qo‘llarida o‘qib, ulardan ijozalar olgan.
Shogirdlari:
Abdulhay Laknaviy ta’limga jiddiy e’tibor berganliklari sabab, sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Imom Laknaviy dars o‘tishdan lazzat oladigan zot bo‘lgan. Darsga shu darajada berilganidan o‘tiladigan darsliklarini yoddan bilar edi. Quyidagi ulamolar Abdulhay Laknaviyning eng mashhur shogirdlari hisoblanadilar:
Abdulhay Laknaviy bu ulamolardan boshqa yana ko‘plab shogirdlar chiqargan bo‘lib, ularning aksari turli ilmlar bo‘yicha qimmatli asarlar yozib qoldirganlar.
Asarlari:
Imom Abdulhay Laknaviy ta’lim berish bilan bir paytda, kitoblar ta’lif qilishga ham katta urg‘u bergan. Bu zot turli ilmlarga oid nihoyatda manfaatli asarlar yozib qoldirgan. Bu haqida hamasr ulamolardan Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: “Shayx Abdulhayning asarlarini ko‘rgan kishi bu asarlarning aniq ilmiy tahqiqlar asosida yozilganini, nodir naqllarni qamrab olganini va biror masalani yoritishda xuddi butun umrini faqat shu masala mutaxasisligiga sarflagandek darajada yoritganini e’tirof etishdan boshqa chorasi yo‘qdir”.
Alloma Sayyid Sulaymon Nadaviy kitoblarni tahqiq qilish va ularni izohlab sharhlashda Abdulhay Laknaviyning Hind diyorida yangi uslubga asos solganini aytganlar. Bu zot kitoblarni tahqiq qilishda ikkita narsaga e’tibor qaratganlar:
Imom Abdulhay Laknaviy kitob yozishga juda qattiq e’tibor qaratgan. Hatto ba’zi kitoblarini safarda yurgan vaqtlarida yozgan.
Abdulhay Laknaviyning aniq qancha kitob yozgani haqida ulamolar turli adadlarni aytganlar:
Shayx Abul Hasan Ali Hasaniy Nadaviy: “Hind Allomasi mutaxxirlar faxri Shayx Abdulhay Laknaviyning asarlari bir yuz o‘ntadir. Shulardan sakson oltitasi arab tilida yozilgan”, degan.
Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda: “Imom Laknaviy bir yuz o‘n besh atrofida kitob yozganlar”, degan.
Bulardan boshqa turli xil adadlar aytilgan bo‘lsa ham, hamma bir ovozdan bu zotni ko‘p kitob yozgan ulamolardan hisoblanishini e’tirof etgan. Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayhning yozgan asarlari ro‘yxati va ularning qaysi fanga tegishli ekanini doktor Valiyuddin Nadaviy quyidagicha bayon qilgan:
Aqoid ilmi bo‘yicha – 4 ta kitob;
Hadis va ulumul hadis ilmi bo‘yicha – 8 ta kitob;
Usulul fiqh ilmi bo‘yicha – 1 ta kitob;
Fiqh ilmi bo‘yicha – 50 ta kitob;
Faroiz ilmi bo‘yicha – 1 ta kitob;
Zuhd va raqoiq (oxirat g‘ami bilan qalbning yumshashiga sabab bo‘luvchi vositalar) ilmi bo‘yicha – 1 ta kitob;
Tarix va tarjimayi hollar ilmi bo‘yicha – 16 ta kitob;
Siyrat va ayrim tarjimayi hollar ilmi bo‘yicha – 2 ta kitob;
Tug‘ilishlar va vafotlar ilmi bo‘yicha – 3 ta kitob;
Mantiq va hikmat ilmi bo‘yicha – 25 ta kitob;
Munozara ilmi bo‘yicha – 2 ta kitob;
Nahv ilmi ilmi bo‘yicha – 2 ta kitob;
Sarf ilmi bo‘yicha – 4 ta kitob.
Ha, chindan ham ushbu 120 ga yaqin kitob 39 yoshida vafot etgan olimning yozgan asarlaridir. Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayh “Qiymatuz zaman indal ulama” (Ulamolar nazdida vaqtning qadri) kitobida quyidagilarni yozgan: “Imom Abdulhay Laknaviy Hindiy yuz yilcha oldin hijriy 1304-yilda 39 yoshida vafot etgan. Yozgan kitoblari esa ko‘p jildli katta kitoblar va bir necha sahifalardan iborat risolalarni ham qo‘shib hisoblaganda 110 ta dan ortiq edi. Barcha kitoblari foydali bahslar va mushkul masalalarga bag‘ishlangan”.
Olimlar bilan ilmiy munozaralari:
Abdulhay Laknaviy zamondosh ulamolar bilan do‘stona yaqin munosabatda bo‘lganlar. Bir qancha ulamolar bilan ilmiy bahslar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ham, bu tortishuvlarning barchasi ilm ustiga qurilgan munozaralar bo‘lib, aslo bir-birlariga nisbatan adovatga sabab bo‘lmagan. Bunga quyidagi misol yaqqol dalildir.
O‘sha davrning mashhur muhaddis olimlardan Shayx Muhammad Bashiriddin ibn Sadriddin Sahsavoniy[1] hijriy 1288-yilda hajga boradi. Bu zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish diniy vojib amallardan emas, balki bu ish mandub, ya’ni qilsa savob bo‘ladigan ammo qilmasa gunoh bo‘lmaydigan amallardan deb hisoblar edi. Shuning uchun ushbu safar asnosida Payg‘ambarimiz alayhissalomning qabrlarini ziyorat qilmay qaytadi. Bu ishlari uchun u zotni ba’zi ulamolar va avom insonlar tanqid qilishadi. Shunda Alloma Sahsavoniy ushbu mavzuga bag‘ishlab “Qavlul muhaqqaqul muhkam fi ziyaroti qobri habibil akrom” (Eng muhtaram, eng sevikli zotning qabrini ziyorat qilish to‘g‘risida isbotlangan qat’iy hukm) nomli risola yozadi. Ushbu risolada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish mustahab ish ekanini va u vojib emasligini bayon qilib, bunga jumhur hanafiy ulamolar ittifoq qilganlarini aytadi.
Bu risolani o‘qigan Abdulhay Laknaviy unga raddiya qilib, “Kalamul mubram fi naqzi qavlul muhaqqaqul muhkam” (isbotlangan qat’iy deyilgan hukmni bekor qilish to‘g‘risida aytilgan aniq gaplar) risolasini yozadi. Bu risolada Imom Laknaviy kuchli dalillar asosida Shayx Sahsavoniyga ilmiy raddiya qiladi.
Imom Laknaviyning ushbu raddiyalarini o‘qigan Alloma Sahsavoniy oradan ko‘p o‘tmay bu raddiyalarga javob qilib, “Qavlul mansur fi ziyaroti sayyidil qubur” (Qabrlar sayyidi ziyorati to‘g‘risidagi g‘olib hukm) risolasini yozadi. Bu risolada fuqaholarning mazkur ishning mustahab ekaniga ijmo qilganlarini va uning vojibligiga dalolat qiluvchi hadislarning zaif hisoblanishini bayon qiladi.
Bu risola bilan tanishgan Imom Laknaviy unga raddiya qilib, “Kalamul mabrur fi roddil qavlul mansur” (g‘olib deyilgan hukmni rad qilish to‘g‘risidagi muruvvatli gaplar) risolasini yozadi.
Oradan ancha vaqt o‘tgach Shayx Sahsavoniy ushbu mavzuga bag‘ishlab “Mazhabul ma’sur fi ziyaroti sayyidil qubur” (Qabrlar sayyidi ziyorati to‘g‘risidagi naql qilingan mazhab) nomli uchinchi risolasini yozadi va bu risolani “Itmamul hujja ala man avjaba ziyarota mislal hujja” (Ziyorat qilishni xuddi hujjati bor hukm singari vojib sanagan kishilarga qarshi dalillarni yakunlash) deb ataydi. Bu risolada Sahsavoniy yangi dalillar keltirib, Laknaviyga raddiya qiladi.
Alloma Sahsavoniyning keltirgan bu dalillariga Imom Laknaviy taslim bo‘lmaydi, balki bu risolaga raddiya qilib “Sa’yul mashkur fi roddi mazhabul ma’sur” (Naql qilingan mazhab deyilgan hukmni rad qilish to‘g‘risidagi maqtovli mehnat) nomli risola yozadi va uni “Vozihul hujja fi ibtoli itmamil hujja” (Dalillarni yakunlashni bekorga chiqarish to‘g‘risidagi yorqin hujjat” deb ataydi. Bu risolada Alloma Sahsavoniy keltirgan dalillarga javob yozadi.
Ikki alloma o‘rtadagi bu bahslar ularning do‘stona munosabatlariga aslo ta’sir o‘tkazmagan, balki ikkalalari ham bir-birlarini qattiq hurmat qilishgan. Alloma Sahsavoniy Laknaga kelganlarida Imom Laknaviynikiga mehmon bo‘lib keladilar. Imom Laknaviy u zotni quchoq ochib kutib oladilar va qo‘ymasdan bir necha kunlar mehmon qilib olib qoladilar. Alloma Sahsavoniy ham Imom Laknaviyning dars xalqalariga qatnashadilar hamda u zotning darslari va va’zlarini odob bilan tinglab o‘tiradilar. Alloma Sahsavoniy qachon Laknaga kelsa, albatta Abdulhay Laknaviynikida mehmon bo‘lib ketar ekan.
Oilalari
Imom Abdulhay Laknaviy o‘n to‘qqiz yoshlarida uylanganlar. U zotning bir qancha farzandlari bo‘lgan. Ammo bitta qizlaridan boshqa barchalari u zotning hayotlik davrlarida olamdan o‘tganlar. Fozila, olima bo‘lgan ushbu qizini tog‘alarining o‘g‘li Muhammad Yusufga turmushga berganlar. Mazkur qizining Muhammad Ayyub ismli o‘g‘li olim bo‘lib yetishadi va bobosining kitoblarini nashr qilish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Abdulhay Laknaviyning ayoli u zot vafotlaridan to‘rt yil o‘tgandan so‘ng Makkai mukarramada vafot etgan.
Ulamolarning bu zot haqidagi e’tiroflari
Imom Abdulhay Laknaviy haqida ulamolar juda ko‘plab maqtovli gaplarni aytganlar:
Shayx Muhammad Zohir Kavsariy: “Shayx Muhammad Abdulhay Laknaviy hamasrlari orasida hukmlar haqidagi hadislarni eng biluvchirog‘i edilar”;
Shayx Abul Hasan Nadaviy: “U zot hind allomasi va mutaaxxir ulamolar faxri edilar”.
Tashqi ko‘rinishlari:
Tarixchi Abdulhay Hasaniyning ta’riflashiga ko‘ra Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayh yuzlari ko‘rkam, ko‘zlari qora, qarashlari o‘tkir, yuzlarida tuklari kam bo‘lgan, sochlari osilib turadigan kishi bo‘lgan.
Xulqlari:
Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayh nihoyatda go‘zal xulqli kishi bo‘lgan. U zot o‘zlari bilan tortishgan kishilarning birortasiga ham yomon gap gapirmagan. Huzurlariga kelgan kishi garchi u zotga qarshi gapiruvchi kishilardan bo‘lsa ham, u zotning xulqlaridan rozi bo‘lib ketgan.
Vafotlari:
Imom Laknaviy hayotlari davomida uch marta qattiq kasal bo‘ladi. Ilk bor 1292-yilda hajdan vatanlariga qaytganidan keyin qorin og‘rig‘i kasaliga chalinadilar. Oshqozon hazmi buzilganidan hayotdan umid uzish darajasida kasalliklari zo‘rayib ketadi. Mohir tabiblar ham, bu kasalga tashxis qo‘yish va davolashdan ojiz qoladilar. Oxiri bu kasaldan Hakim Muhammad Boqir Shiy’iy qo‘llarida shifo topadi.
Ikkinchi marta hijriy 1202-yilda Haydarobodga yaqinlaridan birining to‘yiga borganlarida qattiq kasal bo‘lib qoladilar.
Uchinchi marta qattiq kasal bo‘lganlarida shu kasallik sababli vafot etganlar. Ushbu kasalligi va vafot etishi tafsiloti haqida u zotning shogirdi Abulfazl Muhammad Abdulhafiz Pandaviy quyidagilarni yozgan: “Ustozning kasalliklari hijriy 1303-yilning avvalida boshlangan edi. Kasallik dastlab darmonsizlik va yo‘taldan iborat edi. Keyinchalik qisqa muddatli hushdan ketish ham qo‘shildi. So‘ngra hushdan ketishlar ko‘paydi va holatlari tobora og‘irlashib bordi. Hatto u zot yotib qoldilar. Eng mohir tabiblar muolaja qilishga urindilar, lekin naf bo‘lmadi. Ancha kunlar u zot kamdarmon holatda bo‘ldilar. Hijriy 1404-yilning Robiul avval oyi oxirlari edi. Yakshanba kuni ustozning ahli ilm do‘stlari bir yig‘inga to‘plangan edilar. Ustoz ham ushbu yig‘inda edilar. Yig‘ilganlar bir-birlari bilan beozor hazil-huzul qilishib o‘tirdilar. Ustozimiz ushbu yig‘ilishda suhbat asnosida: “Suhbat g‘animatdir, ushbu o‘tirishimizdan keyin kim qolishini hech kim bilmaydi” deb aytgan edilar. Shu kun o‘tib kech kirganda ustozimiz uylarida xuftonni o‘qishga kirishdilar va namoz ichida, hushdan ketib yiqildilar. Xizmatlarini qiluvchilardan biri u zotni karavotga olib borib yotqizdi. U zot o‘zlariga kelib tinchlandilar so‘ngra yana ikkinchi va uchincha marta hushdan ketdilar. Yuraklari juda qattiq urar edi. Kech soat uchga yetganda omonatlarini topshirdilar. Bu hijriy 1304-yil Robiul avval oyining o‘ttizinchisi dushanba kuniga to‘g‘ri keldi. Ustozimiz janozalarini katta ulamolardan uch kishi juda katta jamoat bilan o‘qidilar. Birinchi bo‘lib, Mavlaviy Muhammad Abdurrazzoq Ansoriy Laknaviy o‘qidilar. Ikkinchi bo‘lib, Mavlono Abdulvahhob o‘qidilar. Uchinchisida Mavlaviy Abdulmajid ibn Abdulhalim Ansoriy o‘qidilar.
Pandaviy: “Ustozimizning janozalariga yigirma ming atrofida yoki undan ham ko‘proq kishilar qatnashdi”, degan.
Abdulhay Laknaviyning vafotlaridan mahzun bo‘lgan u zotning do‘stlari va shogirdlari u zotga atab arab,fors va urdu tillarida juda ko‘plab marsiyalar yozganlar.
Alloh taolo Abdulhay Laknaviynini O‘z rahmatiga olib, yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin!
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Abdulqodir Abdur Rahim
[1] Shayx Muhammad Bashiriddin ibn Sadriddin Sahsavoniy hijriy 1250-yillar atrofida tug‘ilgan. Bu zot Shayx Muhammad Abdurrahmon Sahoranfuriy va Shayx Iso Ahmad ibn Iso Shariqiylardan hadis ilmi bo‘yicha ijoza olganlar. Usulul fiqh ilmida ham mohir bo‘lganlar. “Siyanatul insan fi roddi ala Shayx Ahmad ibn Ziyniy Dihlan”, “Qavlul muhkam” va “Sa’yul mashkur” kabi ko‘plab asarlari bor. Sahsavoniy rahmatullohi alayh hijriy 1323-yilda Dehlida vafot etgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا علي بن عبد العزيز نا أبو حفص عمر بن يزيد الرفاء بالبصرة نا شعبة بن الحجاج عن عمرو بن مرة عن شقيق بن سلمة عن عبد الله بن مسعود قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: ”ما بال أقوام يشرفون المترفين ويستخفون بالعابدين ويعملون بالقرآن ما وافق هواهم وما خالف هواهم تركوه فعند ذلك يؤمنون ببعض ويكفرون ببعض يسعون فيما يدرك بغير سعي من القدر المقدور والأجل المكتوب والرزق المقسوم ولا يسعون فيما لا يدرك إلا بالسعي من الجزاء الموفور والسعي المشكور والتجارة التي لا تبور.“
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bunday dedilar: “Odamlarga nima bo‘ldiki, badavlatlarni e’zozlaydi, ibodatgo‘ylarni kamsitadi, nafsi havolariga to‘g‘ri kelsagina Qur’onga amal qiladi, nafsi havolariga to‘g‘ri kelmasa, uni tark qilib qo‘yadi, natijada ba’zisiga iymon keltirib, ba’zisiga kufr keltiradi. Sa’y-harakatsiz topiladigan o‘lchab berilgan qadarga, yozib qo‘yilgan ajal (muddat)ga, taqsimlab qo‘yilgan rizqqa harakat qiladi. Harakat qilmasa yetishib bo‘lmaydigan ajru mukofotga, savobli amallarga va kasodga uchramaydigan tijoratga harakat qilmaydi?!”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi