Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
" Burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin", dedilar.
"Ey Allohning Rasuli, kimning?" deyishdi.
"Ota-onasi yoki ulardan biri keksaligida ular bilan birga yashab, do‘zaxga kirgan kishining", dedilar".
Sharh: Demak, ota-ona ulug‘ yoshga kirganlarida ularning xizmatini qilib, roziligini topib qolsa, jannatga kirar ekan, aks holda do‘zaxga kirar ekan. Ikkovlari bo‘lmasa, bittasi - yo ota, yo ona bo‘lsa ham, ana shu holat bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharif ham ota-onaning roziligini topish qanchalik muhim ish ekanini ta’kidlamoqda. Bandaning jannat yoki do‘zaxga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri ota-onaga bo‘ladigan munosabat ekanini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa ota-ona keksayganlarida alohida ehtiyotlik bilan ularga yaxshilik qilish payida bo‘lish zarurligini bildirmoqda.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Tinglovchining e’tiborini tortish uchun bir ishning oqibatini takror-takror aytish mumkinligi.
2. Olim va rahbar kishidan biror masala oqibati haqidagi gapni eshitganda, bu oqibat kim uchun ekanini so‘rash lozimligi.
3. Ota-onasi bo‘la turib, ularning roziligini topib, jannatga kirishga sazovor bo‘lolmay qolgan odam baxtsiz shaxs ekan.
"Odoblar xazinasi" kitobidan.
1. Juma kuni asrdan keyin duo qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Juma kuni o‘n ikki soatdir. Undan qaysi soatda musulmon Allohdan biror narsa so‘rasa, Alloh taolo unga o‘sha narsani beradi. Uni asrdan keyingi oxirgi soatda izlanglar", deganlar.
Solihlardan biri aytadi: "Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim".
2. Iftor vaqtida duo qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Ro‘zadorning iftor vaqtida qilgan duosi qaytarilmaydi".
Bugun asrdan keyin va shom vaqtida duolaringiz qabul bo‘ladigan 2 imkoniyatni o‘tkazib yubormang.