«(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir. Ular (o‘lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o‘ylamaydilarmi, Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!» (Mutaffifun, 1–6).
Madinaliklar orasida o‘lchov va tarozidan urib qolish odati bor edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida: «(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy!» (Mutaffifun, 1) oyati nozil bo‘ldi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ularga oyatni o‘qib berdilar va aytdilar: “Besh narsaga besh narsa sabab bo‘ladi: qaysi qavm ahdini buzsa, Alloh taolo ularga dushmanini hukmron qilib qo‘yadi; qaysi bir qavm Alloh taologa bo‘yinsunmasa, ularda faqirlik ko‘payadi; qaysi qavmda fohishalik paydo bo‘lsa, ularda o‘lim ko‘payadi; qaysi qavm o‘lchov va tarozidan uradigan bo‘lsa, ularda qurg‘oqchilik bo‘ladi; qaysi qavm zakotni bermasa, ularga yomg‘ir yog‘may qoladi”.
«(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! ...»
Mufassirlar aytadilar: Voy, ya’ni vayl, oxiratda bo‘ladigan qattiq azobdir.
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Vayl do‘zaxdagi bir vodiydir, unda yiring oqadi, uning ahli o‘lchov va tarozidan urib qoluvchilardir...”
«Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir».
Ibn Kasir tafsirida bunday deyilgan: “Insonlardan molni o‘lchab olganda ko‘paytirib oladigan, boshqalarga o‘lchab berganda urib qoluvchi kishilar “mutaffif”, ya’ni o‘lchov va tarozidan urib qoluvchidir”.
Sotuvchining o‘lchov va tarozidan urib qolishiga indamay rozi bo‘lib ketish kerak emas. Balki jamiyatda bunday illatga qarshi kurashish va uning oldini olish lozim.
Ulamolar: “Tarozidan ko‘p va oz urib qolishning azobi oxiratda bir xil bo‘ladi”, deyishgan. Hatto ba’zi olimlar, tarozidan urib qolishni niyat qilishning o‘zi ham katta gunohlardan, deb hisoblaganlar.
Imom Moturidiy oyat tafsirida aytadi: “Kishi o‘lchanadigan molni sotib olayotganda sotuvchining tarozidan urib qolayotganini bilib indamasa, unga rozi bo‘lsa yo uni kechirib yuborsa, sotuvchining gunohiga sherik bo‘ladi. Chunki tarozidan, o‘lchovdan urib qolish oluvchi yo sotuvchidan birining zarar ko‘rayotgani uchun harom emas, balki Alloh taolo tarozi va o‘lchovdan urib qolishni man qilgani uchun haromdir”.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu) bir kuni za’faron o‘lchab sotayotgan kishining yonidan o‘tib ketayotganida, sotuvchi molni xaridorga og‘irroq qilib berdi. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) unga dedi: “Oldin tarozida teng qilib o‘lchab ber, ana undan so‘ng xohlaganingcha qo‘shib ber”. Demak, sotuvchi oldin tarozini to‘g‘ri tortib, zimmasidagi vojibni ado etishi zarur. So‘ng agar istasa, molidan bir miqdorini xaridorning xaltasiga solib, ehson qilishi mumkin.
Ibn Umar (roziyallohu anhu) sotuvchi oldidan o‘tganlarida bunday der ekanlar: “Allohdan qo‘rq, to‘g‘ri o‘lcha, chunki tarozidan urib qoluvchilar qiyomat kuni to‘xtatiladi, ularning badanlarini ter qoplaydi”.
Ba’zi olimlar aytishlaricha, nafaqat o‘lchov va tarozidan urib qoluvchilar, balki molning aybini aytmay, xaridorni aldab sotuvchilar ham “mutaffif” hisoblanadi.
Ba’zi olimlar bunday deganlar: “Urib qolish o‘lchov, vaznda bo‘lgani kabi namoz va tahoratda, so‘zda ham bo‘ladi. Ya’ni, kishi tahorat va namoz yoki boshqa ibodatlarning ruknlarini to‘la, nuqsonsiz, mukammal bajarishi lozim, aks holda mutaffif bo‘ladi.
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytadi: “Namoz ham tarozidir (ya’ni, tarozi kabi me’yordadir). Kim uni mukammal ado etsa, Alloh uning ajrini to‘la beradi, kim uni nuqsonli qilsa, sizlar Alloh taoloning tarozidan urib qoluvchilar haqidagi so‘zini eshitgansiz (ya’ni, tarozidan urib qoluvchilarning oqibati qanday bo‘lishini bilasiz)”.
«Ular (o‘lgandan keyin) qayta tiriluvchi ekanlarini o‘ylamaydilarmi, Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda?!» Ya’ni, o‘lchovdan urib qoluvchilar qiyomat kuni qayta tirilib, barcha qilgan ishlari haqida javob berishlarini o‘ylamaydilarmi?
Ibn Umar (roziyallohu anhu)ning “Vaylunlil mutoffifin” surasini o‘qib «“Ulug‘ kunda (qiyomatda) – odamlar (butun) olamlar Parvardigori huzurida (hisob-kitob berish uchun) tik turadigan kunda” mazmunli oyatiga yetganda o‘qishdan to‘xtab yig‘laganlari va hushdan ketganlari» rivoyat qilingan.
Kundalik turmushda bo‘ladigan savdo-sotiqda o‘ta ehtiyot bo‘laylik, bir-birimizning haqimizga xiyonat qilmaylik!
Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy,
imom Zamaxshariy, Ibn Kasir va
Qurtubiy tafsirlari asosida
Badriddin SADRIDDIN o‘g‘li
tayyorladi.
Shu yil 16-17 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon Kadirovlar Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida bo‘lishdi.
Tashrif avvalida Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov va viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar hamrohligida Shahrisabz “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga borib, zaruriy mahsulotlar xayriyalar qilindi.
Shuningdek, Kitob tumanidagi “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ma’ruza qilib, yoshlikda ilm olishning fazilati, ilm nafaqat taraqqiyot, balki ma’naviy kamolotning ham asosi ekanligi borasida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Shahrisabz shahridagi “Sirojiddinxon Burhoniddinxon o‘g‘li” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Qashqadaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Shahrisabz shahridagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari va mahalla raislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Shuningdek, Shahrisabz shahridagi muammoli xonadonlarga kirib, ulardan hol-ahvol so‘radilar. Yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlar bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar qilindi. Kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Muammolari o‘rganilib, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi. Umumiy hisobda 150 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib borildi.
Nogironligi bo‘lgan va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, sovg‘a-salomlar berildi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi.
Qashqadaryo viloyatining shahar va tuman bosh imom-xatiblari Shahrisabz shahridagi masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan islohotlar”, “Inson qadri ulug‘”, “Internetdagi xatarlardan ogoh bo‘laylik”, “Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanaylik”, “Tinchlik oliy ne’mat”, “Shukronalik fazilati”, “Masjidlarni obod qilish”, “Islom - bag‘rikenglik dini”, “Farzand tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz”, “Yoshlar - kelajagimiz”, “Husni xulq”, “Qo‘ni-qo‘shnichilik odoblari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilishdi.
Tadbirlar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Shahrisabz shahridagi barcha masjidlar hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdilar. Zero, Islom dinida ham daraxt ekib bog‘ yaratish savobli amallardan hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlariga dehqonchilik, xususan ko‘chat ekishga targ‘ib qila turib shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati).
Albatta, bu kabi tadbirlar yurtimizda ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati