2018 yili dunyodagi inson huquqlari vaziyati bo‘yicha yillik ma’ruzada (2019 yil 13 mart kuni chop etilgan) AQSH Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoli ko‘p jihatdan sezilarli darajada yaxshilanganini e’tirof etdi. Bu esa ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar samaradorligi va respublika rahbariyatining inson manfaatlariga xizmat qilishiga bo‘lgan qat’iy sodiqligining e’tirofi bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Avvalo odil sudlov, sud jarayonlarining shaffoflik darajasini ortgani, ayblovchi dalillar bazasidan foydalanishga himoyachi tomoniga kengroq izn berilishi va natijada oqlovchi qarorlar sonining ko‘payishi ma’ruzada obyektiv baho berilishiga turtki bo‘lgan.
Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashning samaradorligi, qiynoqlardan hamda boshqa muomala va jazoning insonparvarlik tamoyiliga zid yoki inson sha’nini kamsituvchi turlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar qabul qilingani, shuningdek, bunday jinoyatlar uchun mas’uliyat kuchaytirilgani alohida qayd etiladi.
So‘z va ifoda erkinligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida OAV erkinligini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishi, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari tashkilotlari va fuqarolik jamiyati faollari bilan ochiq munosabatlari e’tirof etilmoqda.
Ma’ruzada diniy ekstremizmda gumonlangan minglab shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari ro‘yxatidan chiqarilishi, shuningdek, ko‘plab afv etish holatlari va ularning ijtimoiy moslashuviga qaratilgan dasturlar yuqori baholangan.
“Human Rights Watch” va “Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi” ma’lumotlariga asoslanib, “O‘zbekistonda yigirma yildan ziyod vaqtdan beri ilk marotaba jurnalistlar va fuqarolik jamiyati faollari qamoqxonalarda qolmagani” ma’ruzada e’tirof etilishi diqqatga sazovordir.
Hujjatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha muvaffaqiyatli qabul qilingan huquqiy va ma’muriy choralar alohida ko‘rsatilgan. O‘zbekistonning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasidagi taraqqiyoti AQSH Davlat Departamenti va Mehnat Departamentining 2018 yildagi tegishli bayonotlarida bir necha bor e’tirof etilgan.
O‘tgan yilning dekabr oyida AQSH Davlat kotibining O‘zbekistonni “diniy erkinlik sohasidagi alohida tashvish uyg‘otuvchi mamlakatlar ro‘yxatidan” chiqarish qarori respublikaning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlarining yana bir dalili bo‘ldi.
O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan natijalar, shubhasiz, mamlakatda qabul qilingan “2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq, bu esa chuqur demokratik islohotlarning boshlanishiga olib keldi.
O‘zbekiston inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini mamlakatda ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishda qat’iydir va bundan keyin ham “aniq islohotlar” yo‘lidan boradi, shuningdek, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar yaxlit, barqaror va ortga qaytmas xarakteriga ega. Respublikada inson huquqlarini himoya qilish institutlari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shu jumladan, xalqaro va nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlardan kelib chiquvchi eng muhim topshiriqlarni amalga oshirilishining hal etuvchi shartlari shundan iboratdir. Ushbu islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyojlari va manfaatlari hisoblanadi, deyiladi, Tashqi ishlar vazirligi axborotida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun keng ko‘lamli iftorlik va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilda ushbu ezgu tashabbus doirasida 50 shaharni qamrab olinib, xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Makka, Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York, Toronto kabi yirik shaharlarda iftorliklar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham iftorliklar tashkil etilmoqda.
Mazkur xayrli ishlar mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Ularda taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirok etib, dinimizning insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlar tarannumi, Vatanga muhabbat va yot g‘oyalardan saqlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu vaqtgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xizmat safariga yuborilgan imom-xatiblar tomonidan AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada 90 ta ma’rifiy suhbat va taroveh namozlari o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ziyod vatandoshimiz ishtirok etdi.
Ma’rifiy suhbatlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik, go‘zal axloq, o‘zaro hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom, Vatanga muhabbat va turli yot oqimlardan saqlanish kabi mavzularni o‘z ichiga olgan.
Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xorijdagi vatandoshlarimizni ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash, ona yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash va yurtdoshlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati