Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Fevral, 2026   |   8 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:04
Peshin
12:41
Asr
16:25
Shom
18:13
Xufton
19:25
Bismillah
25 Fevral, 2026, 8 Ramazon, 1447

“Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidining atrofini obodonlashtirish ishlari davom etmoqda

28.02.2019   3492   4 min.
“Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidining atrofini obodonlashtirish ishlari davom etmoqda
2017 yilning 26 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidida bo‘lib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
 
Davlatimiz rahbari “Ushbu masjid va maqbara ma’naviyatimizni yana-da yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak. Bu yerda hunarmandlar markazi va kutubxonasi tashkil etish lozim”, degan edilar.
 
Ushbu topshiriq va ko‘rsatmalar asosida bu yerda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
 
11.JPG
 
Suzuk otaning asl ismi Mustafoqul bo‘lgan. U zot Ahmad Yassaviy hazratlarining qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Bolalik chog‘ida bobosi uni erkalab “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Suzuk ota yuzlab shogirdlarga ilm berib, hunarga, halol mehnatga o‘rgatgan.
 
12.JPG
 
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan. Ushbu noyob tarixiy-me’moriy obidadan el 1936 yilgacha foydalanib kelingan. Shundan keyin, to mustaqillikkacha bo‘lgan davr mobaynida turli korxonalarning sexlari faoliyat yuritgan. Natijada, tarixiy obidaning noyob va nafis qiyofasi yo‘qolib xarobaga aylangan. Mustaqillik sharofati sabab, masjid binosidan korxonalar ko‘chirib yuborildi va masjidni tiklash ishlari boshlandi. 1998 yil boshida masjidning xonaqoh qismi ta’mirlanib, rasman faoliyat yurita boshladi.
 
14.JPG
 
– Mustafoqul ya’ni Suzuk ota padari bo‘lmish Ahmad al-Qorachug‘ay Shayxning yo‘llanmasi bilan bu mahallaga kelib, turg‘un bo‘lib yashab qolgan, – deydi “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Ayubxon Sufiyev. – U kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat bo‘lgan yerlarni o‘zlashtirish, obod qilish uchun tug‘ilgan yurtidan qorilar, usta-hunarmandlar hamda yaqin birodarlarini olib kelib, uy-joylar qurdirib, barchaga boshpana qilib bergan. Keng ommaga ilm va hunar o‘rgatgan. Mazkur mahallani xo‘jalar mahallasi, ba’zan ustalar mahallasi, deb ham atashgan. Keyinchalik bu mahallaga karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgo‘yi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi bo‘lgan Suzuk ota nomi berilgan. Hozir ham mahalla aholisi hunarmandlik, duradgorlik, o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi.
 
17.JPG
 
Ta’kidlanishicha, mazkur mahalla tor ko‘chalardan iborat maskan edi. Bu yerda Suzuk otaning maqbarasi borligini ko‘pchilik bilmagan. Hozirgi kunda Turkiyada uning muridlari yashaydi. Mana shu maskan foydalanishga topshirilsa, ular Suzuk otani ziyorat qilgani keladi. Nafaqat Turkiya balki butun dunyodan ziyoratchilar oqib kela boshlaydi.
 
20.JPG
 
“Suzuk ota” jome masjidi imom-xatib Ayubxon Sufiyevning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentimiz topshirig‘i bilan masjid atrofiga qo‘shimcha ayvonlar qurildi. Uning xonaqohi 2 ming kishiga mo‘ljallangan. Mo‘min-musulmonlar ibodat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, bu yerda 30 ta hunarmandlar uyi va ular uchun ustaxonalar qurildi. Hozirda yo‘llarga asfalt yotqizilib, avtomobil turargohi tayyorlanmoqda. Tez orada maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish ishlari yakunlanadi.
 
23.JPG
 
30.JPG
 
35.JPG
 

 

Xurshid Qodirov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ramazon tuhfasi

23.02.2026   10515   2 min.
Ramazon tuhfasi

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan Ramazon oyida ko‘plab saxovat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Muborak Ramazon oyida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab olingani e’tiborga molik.  

Jumladan, respublikadagi 8 ming 992 ta mahallada “yettilik” tavsiyasi asosida hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 100 ming nafar nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.

Ro‘yxatga kiritilgan fuqarolar tarkibi asosan ehtiyojmand ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlardan iborat ekani e’tiborli.

Mazkur fuqarolarga davlat ko‘magi sifatida 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tayyorlandi. Har bir sovg‘ada 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan (un, o‘simlik yog‘i, guruch, shakar, makaron, grechka, xurmo, pechene, qora choy, ichimlik suvi).

Transport vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari markazlashgan holda hududlarga yetkazilib, hududiy omborlarga joylashtirilmoqda.  

Tuman (shahar) hokimlari boshchiligida, tegishli mutasaddilar ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, mahsulotlar mahallalarda “yettilik” a’zolari va faollar tomonidan ehtiyojmand oilalarga manzilli yetkazilishiga e’tibor qaratiladi.  

Aytish kerakki, respublika bo‘yicha (oila soni, mahsulot turi va miqdori kesimida) yagona hisobot yuritiladi.  

Ramazon oyida barcha mahallalarda ehtiyojmand oilalar xonadonlarida mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari tashkil etiladi. Unga jami 629 ming nafardan ortiq obro‘-e’tiborga ega nuroniylar, ko‘cha (uy) boshilar, ijtimoiy daftar va “Ijtimoiy reyestr”dagi fuqarolar jalb etiladi.

Iftorliklarda diniy ulamolar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik hissini oshirish va ma’naviy qadriyatlar haqida ma’ruzalar qilinadi.

Har bir mahalladan 5 nafardan, jami 45 ming nafardan ortiq kambag‘al oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. Har bir mahalladan 10 nafardan, jami 100 mingga yaqin kambag‘al oilalarning tomorqalariga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekiladi.

20 ming nafar ehtiyojmand oila a’zolarining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohatlari tashkil etiladi. Barcha mahallalarda kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayllari o‘tkaziladi.

Mazkur xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ulligida barcha mahallalarda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish choralari ko‘riladi.

N.Usmonova, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari