Bugun, 16 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbarining institut talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent Islom instituti talabalariga Islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi taqdim qilindi. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu markaz oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarning markaz binosi mahobatiga mos ekani, buyuk ajdodlardan qolgan boy ilmiy-ma’naviy merosni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish kelajakda Islom dini tarixi, uning asl tinchlik, ezgulik, insoniylik va bunyodkorlik hamda yuksak axloqdan iborat mohiyatini jamiyat a’zolariga yetkazib bera olishga qodir bo‘lgan mutaxassislarni shakllantirishni taqozo qilishi talabalarga tushuntirib berildi.
Islom dini ilmlari, arab, fors, ingliz va rus tillarini puxta egallagan, milliy va diniy qadriyatlarimiz asosida shakllangan odoblilik, intiluvchanlik, vatanparvarlik kabi yuksak fazilatlarga ega yosh mutaxassislar kelajakda, albatta, Islom sivilizatsiyasi markazida faoliyat olib borishlari mumkinligi qayd etildi.
Uchrashuv samimiy, ochiq suhbat tarzida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda ustozlar bilan fikr almashdilar.


Islom sivilizatsiyasi markazi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona markazi hamkorligida mutaxassislar uchun “Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va foydalanish asoslari” mavzusida onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlar davomida elektron kataloglar bilan ishlash, kutubxona fondlarini raqamlashtirish, noyob va qimmatli manabalarni saqlash, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda milliy va xorijiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalar berildi.
Shuningdek, sohada qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar hamda qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar bo‘yicha ishtirokchilar batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kurslari yakunida Respublika axborot-kutubxona markazi direktori Asqar Gaziyev tomonidan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir axborot-resurs markazlari faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy elektron kutubxona xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘MI Kutubxona bo‘limi