frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Langar Qur’oni haqida qiziqarli va noyob ma’lumotlar

12.02.2019   9693   12 min.
Langar Qur’oni haqida qiziqarli va noyob ma’lumotlar

O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni” nomi bilan ataladigan Qur’oni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozma asarlaridan hisoblanadi. Katta Langar Qur’oni deb nomlanishi, uning  Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanganiga borib taqaladi.

“Katta Langar Qur’oni”ning saqlanish tarixi

Sahifalar uzoq vaqt davomida “Katta Langar shayxlari” deb nom olgan Ishqiya tariqati vakillari tomonidan asrab kelingan.

Mahalliy aholining hikoya qilishicha Katta Langar Qur’oni 1917 yillarda Asrorxo‘ja ota ismli kishining qo‘lida bo‘lgan, 30 yillargacha uning o‘g‘li Usta Abdullo ota, undan keyin Yoqub boboning qo‘lida saqlangan. Undan Qulfi momoning qo‘liga o‘tib 1957 yilgacha u kishining qo‘lida saqlangan. 1957 yildan To‘xta Bobo Rajabovning qo‘lida saqlangan.

O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida O‘zbekistonda diniy va milliy qadriyatlarga qarshi kurash avj olgach, ushbu qo‘lyozmaning ham katta qismi atayin yo‘q qilingan yoki yashirilgan.

Hikoya qilishlaricha, 1984 yili o‘sha vaqtda tegishli tashkilot vakillari tomonidan hech qanday dalolatnoma qilinmagan holda Langar Qur’onining 67 sahifasi olib ketilgan. Uning qayerda ekanligi haligacha ma’lum emas. Shunda qishloq oqsoqollaridan To‘xta bobo Rajabov qo‘lyozmaning 12 sahifasini asrab qolishga muvaffaq bo‘ladi.

Oradan o‘n yil o‘tib, mustaqillik yillarida ushbu muborak sahifalar yana Katta Langar ziyoratgohiga qaytariladi.

Qo‘lyozmaning qadimiyligi

Aslida bu qo‘lyozma bizning yurtimizga qanday kelib qolganligi haqida haligacha hech kim aniq ma’lumot ayta olgan emas. Ammo biz shuni bilamizki, ushbu qo‘lyozma ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning ta’kidlashlaricha, ushbu qo‘lyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragida, arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda ushbu qo‘lyozmaning 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu.Krachkovskiy o‘zining “Arab qo‘lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo‘lyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan[1].

1998 yilda professor Ye.A.Rezvan Sharq qo‘lyozmalari institutida Ye 20 inventar raqami ostida saqlanayotgan mazkur qo‘lyozma haqida xorij matbuotida ingliz tilida “The Qur'an and its World” maqolasini e’lon qildi. Oradan bir necha oy o‘tib, fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Sankt-Peterburgga xat yo‘llab, u bilan birga O‘zbekistondagi Katta Langar qishlog‘idan topilgan Qur’on sahifalari fotonusxalarini ham yuboradi. Bu nusxalardagi yozuv turi va uslubi institutda Ye 20 raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmaniki bilan aynan bir hil edi.

Keyinchalik Ye.Rezvan ushbu qo‘lyozmaning ayrim sahifalari Katta Langar qishlog‘ida, shuningdek Toshkent va Buxoroda ham saqlanishi haqida xabar topadi. 1999 yilda Katta Langar Qur’oni bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga ilmiy ekspeditsiyani amalga oshirib, bir guruh sharqshunos olimlar bilan Toshkentda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va Langar Qur’onining bir sahifasi, Sharqshunoslik Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan 1ta sahifasini, Langar ota masjidida saqlanayotgan 12 sahifani borib ko‘radi. Keyinchalik bu haqda “Usmon Qur’oni izidan” degan hujjatli film ham tayyorlaydi[2].

2000 yilning may oyida rossiyalik va gollandiyalik olimlarning izlanishlari natijasida, Groningen (Gollandiya) universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qo‘lyozma pergamentining namunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma milodiy 775-995 yillar oralig‘ida ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa berildi. Olimlar ushbu xulosaga tayanib, qo‘lyozma VIII asrning so‘nggi choragiga tegishli, degan to‘xtamga kelishgan. Bu xulosani fransuz sharqshunosi F.Derosh ham tasdiqlaydi.

Qo‘lyozmalar qayerlarda saqlanmoqda?

O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud:

Bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Sharq qo‘lyozmalari institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada “Baqara” surasining 26-61-oyatlari ko‘chirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadir Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, unda sahifaning Uchinchi Xalifa Usmon ibn Affon (r.a.) zamonasida ko‘chirilgan kitobga tegishli ekani aytiladi.

Ikkita sahifasi Buxoroda: bittasi Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat kutubxonasida, ikkinchisi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi Ark qo‘lyozmalar muzeyida saqlanmoqda. Unda Mujodala surasining 11-oyatidan Hashr surasining 3-oyatigacha yozilgan.

Sohaga oid muhim voqea

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24 mayda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolaganlaridan keyin yurtimizda bu borada bir qancha ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov tashabbusi bilan 2017 yil 28 noyabr kuni Toshkent shahrida “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzuida xalqaro media-forum o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasidan vakillar ham ishtirok etdilar. Ayni media-forum 2018 yil 10 dekabr kuni ham bo‘lib o‘tdi. 2017 yilda “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasi doirasida Yevropa texnologiyalari asosida “Katta Langar Qur’oni”ning faksimile nusxalari yaratildi. Mazkur nusxalar o‘tgan vaqt davomida mamlakatimizdagi bir qator ilmiy va diniy muassasalarga tarqatildi.

2018 yilning 3 dekabr kuni Darakchi gazetasining internet sahifasida Katta Langar Qur’oni haqida maqola e’lon qilindi. Ana shu maqolada shunday deyiladi. “O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo‘lib, shundan bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazida, bittasi O‘zbekiston Musulmonlari idorasida, ikkitasi Buxoro viloyat kutubxonasida, 12 varag‘i Katta Langar qishlog‘ida saqlanadi”, deyilgan.

Maqolada shuningdek, “ushbu sahifalarda “Niso” va “An’om” suralarining parchalari o‘rin olgan”, deyilgan.

Katta Langar Qur’oni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qachon keltirilgan?

Katta Langar Qur’onining 12 sahifasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi noibi marhum Abdurazzoq Yunusov tomonlaridan Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi “Langar ota” jome’ masjididan 2003 yilning 11 dekabrida olib kelingan.

Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 sm.ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy  xatida bitilgan. Sahifalarning ba’zilariga, ayniqsa hoshiyalariga jiddiy zarar yetgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan.

 Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog‘ozlar yopishtirilgan. Sahifalarning charm muqovasida muqovasozning ismi (Muhammad Nosir) hamda 1255 (1839-1840) sanasi yozilgan.

Langar Qur’onining O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan qismi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi kutubxonasida avvaldan bir sahifasi saqlanib kelgan bo‘lsa, 2003 yilda qolgan 12 sahifasi Langar ota masjididan keltirilgan bo‘lib, hozirda 13ta sahifasi saqlanmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’onining avvalgi bitta sahifasida “Baqara” surasining 126-150 oyatlari, qolgan 12 sahifasida Niso surasining 136-oyatining yarmidan boshlanib, Moida surasi to‘liq va An’om surasining 82-oyatining boshlanishigacha bo‘lgan qismi mavjud.

Mavjud 12 sahifani muqovaga tikishda tartib buzilgan. Ya’ni, beshinchi sahifani ikkinchi sahifa o‘rniga, yettinchi sahifani oltinchi sahifa o‘rniga almashtirib tikib yuborilgan. Natijada suralarning ketma-ketligi buzilgan.

Mavjud sahifalar Qur’oni karimning ikki juzini o‘z ichiga olgan. Demak, tahmin qilish mumkinki, Katta Langar Qur’oni 190-200 sahifa atrofida bo‘lgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yoxud 47 foizigina yetib kelgan.

Katta Langar Qur’oni asrlar osha

Katta Langar Qur’oni yillar davomida ta’mirlanib, uni bezak va nuqtalar bilan to‘ldirib kelinganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ba’zi sahifalarning yirtilgan burchaklariga yamoq solingan va yamalgan joyidagi oyatlar nasx xati turida yozilgan. Suralar orasiga naqsh chizilib, unga suraning nomi va oyatlarining soni nasx xatida bitilgan. Ba’zi sahifalardagi ba’zi kalimalarga harakatlar qo‘yilganini ham ko‘rishimiz mumkin. Masalan,

ان الله جامع المنافقين و  الكافرين في جهنم جميعا

(سورة النساء/140)

oyatini misol qilishimiz mumkin.

Katta Langar Qur’onining o‘ziga xos jihatlari

Langar Qur’onining bir betiga hozirgi Madina Mus'hafining bir yarim beti hajmidagi oyatlar yozilgan. Langar Qur’onida suralardagi oyatlarning soni hozirgi Madina mus'hafidagi oyatlarning sonidan farqli qilib berilganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Madina mus'hafida Moida surasi 120 oyatdan iborat deyilgan bo‘lsa, Langar Qur’onida Moida surasi 122 oyat deyilgan. An’om surasi Madina mus'hafida 165 oyat deyilgan bo‘lsa, Langar Qur’onida 167 oyatdan iborat deyilgan.

Katta Langar Qur’oni O‘zbekistonga qanday kelib qolgani haqida turli taxminlar ilgari suriladi. Shunisi aniqki, o‘tgan muddat davomida Katta Langar masjidida saqlanib kelgan. XIX asr oxirlarida qo‘lyozmaning bir qismi noma’lum sabablarga ko‘ra, mamlakatdan olib chiqib ketilgan va yuqorida ta’kidlanganidek, 1936 yilda I. Yu.Krachkovskiyning qo‘liga yetib borgan. Qo‘lyozmaning boshqa sahifalari har xil odamlar tomonidan olib ketilgan. Xullas bugungi kunda ushbu nodir kitob sahifalarining yarmidan ko‘prog‘i qayerda, kimlarning qo‘lida ekani hamon sirligicha qolayotir.

Katta Langar Qur’onidan nusxa ko‘chirib yozilishi

2004 yilda xattot Habibulloh Solih tomonidan Katta Langar Qur’onining 12 sahifasi qayta ko‘chirib yozilgan va hozirda o‘sha qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston Islom Akademiyasining manbalar hazinasida saqlanmoqda.

Katta Langar Qur’oni tarixiy ahamiyatga ega

Langar Qur’onining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida bir qancha taxminlar mavjud:

  1. O‘rta asrlarda Afg‘onistonga ko‘chib kelgan arablar ma’lum bir sabablarga ko‘ra O‘rta Osiyoga ko‘chishadi va o‘zlari bilan ushbu Qur’on nusxasini ham olib kelishadi;
  2. Amir Temur tomonidan Suriyadan Qashqadaryoning tog‘lik hududiga ko‘chirib keltirilgan arablar o‘zlari bilan ushbu Qur’onni ham olib kelishgan.

Langar Qur’oni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar ota masjidi va ziyoratgohi bilan bog‘liq bo‘lganligi bois uning ushbu manzilga kelishi, u yerdagi ishqiya tariqati mashoixlarining o‘z davrida yerli aholining ijtimoiy va ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, Langar qishlog‘ining o‘tmishda madaniy va iqtisodiy  jihatdan qanday holatda bo‘lganligi bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot ishlarini olib borilishi lozim ekanligi bilan ham katta ahamiyatga ega deb o‘ylaymiz.

Shu kungacha Langar ziyoratgohi bilan bog‘liq bir nechta maqolalar, shuningdek, G‘ulom Karimiyning “Langar fojiasi” romani chop etilgan va ularda Langar Qur’oniga bog‘liq ma’lumotlar ham berilgan.

Hozirgi kunda Langar masjidida professor Ye.Rezvan tomonidan amalga oshirilgan Langar Qur’onining fotonusxasi va xattot Habibulloh Solih tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozma saqlanmoqda.

 

Homidjon ISHMATBЕKOV,

Diniy idora Fatvo bo‘limi mudiri

 

 

[1] https://history.wikireading.ru/256823 Nad arabskimi rukopisyami Kuficheskiy Koran i “babushka-arabka” (1936)

[2] https://youtu.be/l_by2R6-8ec

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ahli ayolga qilingan nafaqa sadaqadir

30.06.2025   2218   7 min.
Ahli ayolga qilingan nafaqa sadaqadir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».

Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.

Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
 

عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».

Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».

Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.

Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.

Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.

Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.


Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).

Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.

Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.

Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.

Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.

Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.


Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.

عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».

Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».

Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.

Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.

قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».

Shu’badan rivoyat qilinadi:

«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.

«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».

Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz