Allohga shukrki, yurtimizda yangi masjidlar qurish, mavjudlarini zamonaviy ko‘rinishda qayta barpo qilish ishlari davom etmoqda. Respublikamizning bir necha hududlarida jome masjidlar milliy andozalarga usulda bunyod etilmoqda.
Bugun, 11 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent shahridagi “Oq uy”, Toshkent viloyatidagi “Xo‘ja”, “Nodirxon qori” va “Erbo‘ta qozi” jome masjidlarining qurilishi boshlanishida qatnashdilar.
Muftiy hazratlari dastlab Toshkent shahri Mirobod tumanidagi “Oq uy” jome masjidi poydevoriga birinchi tamal toshini yaxshi tilak va xayrli duolari ila qo‘yib berdilar hamda masjidning ko‘rkam, barcha talab va ehtiyojlarga mos bo‘lishiga doir fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ayniqsa, namozxonlar uchun masjid kutubxonasini tashkil etish va tashrif buyuradigan nufuzli dunyo ulamolari, martabali mehmonlar bilan o‘zaro muloqot o‘tkazish uchun munosib shart-sharoitlar hozirlashni alohida ta’kidladilar.
Masjid bir vaqtda ikki mingdan ortiq kishi namoz o‘qishiga mo‘ljallangan. Masjid poytaxtimizga vodiy tomondan kirib kelish manzili – Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashganini e’tiborga olib, yo‘lovchilar uchun alohida shart-sharoitlar tashkil etish belgilangan. Shuningdek, masjid yonida loyihada nazarda tutilganidek, mo‘jaz mehmonxona va majlislar zali ham qad ko‘taradi.
Qurilishi boshlanishi marosimida ulamolar, mahalla faollari va nuroniy otaxonlar ham ishtirok etdilar. Muftiy hazratdan keyin ulamolar, nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht quydilar.
Muftiy hazratlari Toshkent viloyatida barpo etilayotgan yangi masjidlarda borayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishib, muhim tavsiyalarini berdilar. Ulardan biri Quyi Chirchiq tumanidagi “Xo‘ja” jome masjidi. O‘tgan yili ushbu jomeni qayta qurish ishlari boshlangan edi. Mahalla ahlining sa’y-harakati ila masjid poydevori yangidan tiklanib, 11 fevral kuni muftiy hazratlari xayrli duolar ila masjid binosining birinchi g‘ishtini qo‘yib berdilar. Yangi masjid 500 kishini o‘z bag‘riga sig‘diradigan xonaqoh, tahoratxona, xizmat xonalaridan iborat bo‘ladi.
Muftiy hazratlarining navbatdagi tashriflari Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Nodirxon qori” jome masjidi bo‘ldi. Sig‘imi mingdan ortiq kishiga mo‘ljallanayotgan mazkur jomega 2017 yil 9 noyabr kuni birinchi g‘isht qo‘yilgan edi. Hozirga kelib masjid binosi qad ko‘tarib, tom qismi yopildi.
Oqqo‘rg‘on tumanidagi yana bir qurilishi davom etayotgan “Erbo‘ta qozi” jome masjidida ham muftiy hazratlari bo‘lib, qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Bu joyda barpo etilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar yuzasidan tavsiyalar berdilar. Masjid namozxonasining sig‘imi 500 kishilik bo‘lib, shu yilning oxiriga tugashi ko‘zda tutilgan.
Muftiy hazratlari yangi bunyod etilayotgan jome masjidlarga tashriflari davomida mo‘min-musulmonlar uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar, namozxonlar ibodat qilishlari uchun yaratilgan qulayliklar va jome masjidlarni o‘ziga xos uslub va me’morchilik asosida bunyod etishga alohida e’tibor qaratdilar.
Masjidlarga jam bo‘lgan nuroniy otaxonlar muhtaram Prezidentimizning diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlari sababidan xalqimizga tuhfa etilayogan ana shunday muhtasham jome masjidlar uchun minnatdorlik so‘zlarini izhor etib, ona-Vatanimiz obodligi, xalqimiz faravonligini tilab muftiy hazratlari boshchiliklarida duoi xayrlar qildilar.
Bunday ezgu ishlarga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda, saxovatpesha insonlar o‘zlarining himmatlarini ko‘rsatishmoqda. Zero, masjid qurishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”.
Haq taolo ushbu jome masjidlarning qad rostlayotgan binosini fayzu barakotli aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islom dinining eng oliy maqsadi insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlashdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:
“Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Mazkur oyat musulmonlarning o‘zaro birodar va do‘st ekanligiga urg‘u beradi. Biroq tarix davomida ayrim toifalar islom ta’limotini noto‘g‘ri talqin qilib, musulmonlarning o‘ziga qarshi turli fitnalar chiqarishga harakat qildilar. Shulardan eng xatarlisi takfirchilik, ya’ni musulmonni kufrda ayblash masalasidir.
Takfirchilik bir musulmonni boshqa bir musulmonga nisbatan “dindan chiqqan”, “kofir” deb hukm chiqarishidir. Qarshisidagi odamni kofir deyishning oqibatini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar:
“Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
Ushbu hadisdan anglashilganidek, “takfir qilish” jiddiy masala bo‘lib, uning hukmi aytovchining o‘ziga qaytishi mumkin.
Insonlarni kufrda ayblashning bir nechta asosiy sabablari bor:
Musulmon ulamolari takfirchilikka qarshi qat’iy fikr bildirishgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh shunday degan: “Hech bir kishi yagona gunoh sababli kufrga tushgan deb hisoblanmaydi. Modomiki, u Islom dinining asosiy va zaruriy qoidalarini qasddan inkor qilmayotgan bo‘lsa, u takfir qilinmaydi. Bir inson Islom asoslarini inkor qilganida, avval uning buni bilib-bilmasdan qilgani aniqlanishi kerak. Agar u jaholat sababli yoki ma’lumotsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, takfir qilinmaydi.
Shuningdek, Imom Tohaviy rahmatullohi alayh o‘z mashhur aqida risolasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deb ta’kidlaydilar.
Bu so‘zlardan ma’lumki, bir inson shahodat kalimasini aytgan va islomning asoslariga ishongan bo‘lsa, uni kufrda ayblashga yo‘l yo‘q.
Takfirchilik faqat diniy jihatdan emas, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xavflidir:
Takfirchilik islom ta’limotiga zid bo‘lgan xatarli g‘oyadir. U insonlarni Allohning rahmatidan uzoqlashtiradi, musulmonlar o‘rtasida birodarlik rishtalarini uzadi va fitna-fasodga sabab bo‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi — birodarini kufrda ayblash emas, balki uni hidoyat va xayrli amallarga chorlashdir.
Shu boisdan, barcha holatlarda bo‘lgani kabi bu masalada ham ulamolarning yo‘liga ergashish lozim. Musulmonlar orasida birlik, bag‘rikenglik va inoqlikni mustahkamlash bugungi kun musulmonlarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi
imom-xatibi Shermuhammad Boltayev